JIZZAX VILOYATI DOʻSTLIK TUMANI HOKIMINING
QARORI
Doʻstlik tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 25-moddalari, “Taʼlim toʻgʻrisida” gi Qonunining 27-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida” gi Nizomning 39-bandiga asosan hamda tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2025-yil 10-apreldagi 01/48-sonli xatini inobatga olib, tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida, umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) ni aniq belgilab olish maqsadida qaror qilaman:
1. Doʻstlik tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2025-yil 10-apreldagi 01/48-sonli xati qanoatlantirilsin.
2. Doʻstlik tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman hokimi oʻrinbosari (N.Saxatov), tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (Z.Ortikova) hamda tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
4. Belgilansinki, tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
5. Mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi (M.Qudratova) ga, mahalla fuqarolar yigʻinlarida maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim muassasalariga jalb etish jarayonida tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda umumtaʼlim muassasalarga amaliy yordam berish tavsiya etilsin.
6. Tuman hokimligi axborot xizmati (B.Qorayev) ga, mazkur qarorning mazmun mohiyatini ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish va tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirish tavsiya qilinsin.
7. Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2024-yil 29-iyuldagi 164-3-47-Q/24-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosari N.Saxatov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi SH. DARVISHEV
Jizzax viloyati, Doʻstlik tumani,
2025-yil 23-iyun,
121-3-47-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.