XORAZM VILOYATI URGANCH SHAHAR HOKIMINING
QARORI
Urganch shahridagi maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan shahardagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xorazm viloyati Urganch shahri hokimining 2026 yil 11-iyundagi 125-12-180-Q/26-sonli «Urganch shahridagi maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan shahardagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrda tasdiqlangan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunining 47-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomining 39-bandiga asosan shaharda yangi qurilgan massivlar va mahallalar tashkil qilinganligini inobatga olgan holda shaharda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6, 21¹-moddalarini qoʻllab, qaror qilaman:
1. Davlat kadastrlar palatasi Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch shahar filiali (B.Allayarov) tomonidan kiritilgan Urganch shahrida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Urganch shahridagi taʼlim rus tilida olib boriladigan 3,10,15,28,30-sonli maktablarga shahardagi barcha hududlardan rusiyzabon oʻquvchilarning kelishini, ushbu maktablarda 1-sinfga qabul rus tilini bilish darajasi boʻyicha amalga oshirilishini inobatga olgan holda mikrohudud berkitilmasin.
3. Shahar hokimining oʻrinbosari (A.Isakov), shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (M.Marimov), shahardagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
4. Shahardagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim maktablariga jalb etishga shaxsan masʼul ekanliklari ushbu qaror bilan belgilab qoʻyilsin.
5. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi shahar boʻlimi (S.Yakubov) mahalla fuqarolar yigʻini raislari bilan birgalikda maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim muassasalariga jalb etish jarayonida shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda umumtaʼlim maktablari rahbarlariga amaliy yordam koʻrsatsin.
6. Ushbu qaror kuchga kirishi munosabati bilan shahar hokimining 2024-yil 24-maydagi 298-12-180-Q/24-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Shahar hokimligi axborot xizmati (B.Xudayberganov):
- mazkur qarorni www.regulation.gov.uz ga joylashtirsin;
- shahar xalq taʼlimi boʻlimi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun mohiyatini aholiga tushuntirish ishlarini olib borsin.
- ushbu qarorni rasmiy nashrlarda eʼlon qilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosari A.Isakov zimmasiga yuklatilsin.
Urganch shahar hokimi B. RADJAPOV
Xorazm viloyati, Urganch sh.,
2025-yil 19-iyun,
209-12-180-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.