XORAZM VILOYATI QOʻSHKOʻPIR TUMANI HOKIMINING
QARORI
Qoʻshkoʻpir tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6, 25-moddalari, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunining 27-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi Nizomning 39-bandiga asosan, tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni aniq belgilab olish maqsadida, qaror qilaman:
1. Qoʻshkoʻpir tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (X.Ibragimov), tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi (Sh.Jumaniyozov), tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
3. Belgilansinki, tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblansin.
4.Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Qoʻshkoʻpir tumani boʻlimi boshligʻi (B.Gapurov)ga mahalla fuqarolar yigʻini raislariga maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim muassasalariga jalb etish jayonida tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda umumtaʼlim muassasalariga amaliy yordam berish tavsiya qilinsin.
5.Mazkur qaror qabul qilinishi bilan tuman hokimining 2024-yil 27-maydagi 288-12-172-Q/24 -son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6.Ushbu qaror Qoʻshkoʻpir tumani hokimining rasmiy nashri hisoblangan “Hayot koʻzgusi” gazetasida hamda veb-saytda eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
7.Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (X.Ibragimov) zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi SH. K. AXMEDOV
Xorazm viloyati, Qoʻshkoʻpir tumani,
2025-yil 18-iyun,
150-12-172-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.