OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XORAZM VILOYATI HOKIMINING
QARORI
Urganch va Xiva shaharlari hududida yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlariga yangi tariflarning joriy qilinishi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-59-sonli qarorining ijrosini taʼminlash hamda viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 2-apreldagi 02-17-33-38/296-sonli va Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasining 2025-yil 11-apreldagi 338/01-04-sonli (xulosa) xatlarini inobatga olib, Urganch va Xiva shaharlarida umumiy foydalaniladigan transportda yoʻlkira haqini toʻlashda transport kartalaridan foydalanuvchi yoʻlovchilar qamrovini oshirish va tabaqalashgan tariflar joriy etish orqali shahar yoʻlovchilar transporti korxonalari moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining samaradorligini oshirish, yoʻlovchi tashishdan koʻrilayotgan zarar miqdorini kamaytirish va aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-59-sonli qaroriga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining muntazam shahar avtobus yoʻnalishlarida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanganligi;
Urganch shahrida avtobus yoʻnalishlarining yangi tarmogʻi joriy etilishi, avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatining bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilishi taʼminlanishi;
muntazam shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimining bosqichma-bosqich ishga tushirilishi taʼminlanishi;
jamoat transportidan foydalanishda yoʻlovchilar uchun qulay tariflarni joriy etish hamda elektron toʻlovlarni ommalashtirish maqsadida bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tariflar qoʻllanilishi;
yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan foydalanishda, uning turidan qatʼi nazar, kunlik, bir, uch va olti oylik, yillik cheklangan va cheklanmagan tarif rejalari joriy etilishi;
yoʻnalishlarda yoʻlkira uchun naqd pulda toʻlovlar boʻyicha tariflarni qayta koʻrib chiqish va ularning elektron toʻlov tarifiga nisbatan 30 foizga yuqori etib belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-59-sonli qaroridagi topshiriqlarni bajarish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda avtomatlashtirilgan toʻlov tizimini rivojlantirish maqsadida yoʻnalishlarda yoʻlkira uchun naqd pulda toʻlovlar boʻyicha tariflarni qayta koʻrib chiqish va ularni elektron toʻlov tarifiga nisbatan 30 foizga yuqori etib belgilanish tizimi joriy etilishiga ruxsat berilsin.
Bunda:
Urganch va Xiva shaharlari hududida shahar yoʻlovchi transporti – avtobus qatnovlarini amalga oshirish uchun cheklangan tariflar:
Oldingi tahrirga qarang.
a) bir yoʻlovchi uchun qatnov naqd pul orqali amalga oshirilganda cheklangan tarif – 3 000 (uch ming) soʻm QQS bilan;
(2-bandning “a” kichik xatboshisi Xorazm viloyati Kengashining 2026-yil 18-iyundagi 223-12-0-Q/26-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
b) bir yoʻlovchi uchun qatnov elektron toʻlov tizimi orqali amalga oshirilganda 1 martalik cheklangan tarif – 2 300 (ikki ming uch yuz) soʻm QQS bilan etib belgilansin (Xiva shahri bundan mustasno);
(2-bandning “b” kichik xatboshisi Xorazm viloyati Kengashining 2026-yil 18-iyundagi 223-12-0-Q/26-sonli qarori tahririda)
d) qatnovlar soniga bogʻliq holda, belgilangan tarif rejalarining narxlari 1-ilovaga va transport kartalaridan foydalanilganda almashish tariflari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Viloyat transport boshqarmasi (T. Satimov) mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari va ekspertlarni jalb qilgan holda aholi orasida:
a) yangi tashkil etiladigan jamoat transporti yoʻnalishlarining afzalligi, qulayligi, tezkorligi hamda muntazamligi;
jamoat transportida elektron toʻlov tizimlaridan foydalanishning hamda tabaqalashtirilgan tariflarning afzalliklari va qulayliklari;
jamoat transportida yoʻlkira toʻlovlari amalga oshirilishini nazorat qiluvchi nazoratchilar guruhi faoliyati tashkil qilinganligi keng yoritilishini taʼminlasin;
b) tadbirkorlik subyektlari orasida “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlari boʻyicha bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda jamoat transporti faoliyatini moliyalashtirishning yangi tizimining jozibadorligi va kafolatlangan biznesga aylanayotganligi yuzasidan brifinglar oʻtkazsin.
4. Viloyat transport boshqarmasi (T. Satimov) mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, qonun hujjatlariga muvofiq yoʻlovchilarni tashuvchi tegishli tashkilot va korxonalar bilan tuzilgan tanlov (tender) shartnomalariga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritsin.
5. Shahar yoʻlovchilar tashish transportidan (taksidan tashqari) imtiyozli (bepul) foydalanuvchilar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan viloyat hokimining 2023-yil 28-oktabrdagi “Urganch va Xiva shaharlari hududida yoʻlovchilar tashish transporti xizmatlariga yangi tariflarning joriy qilinishi toʻgʻrisida”gi 366-12-0-Q/23-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qaror “Xorazm haqiqati” gazetasida rasmiy eʼlon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari M. Achilov zimmasiga yuklansin.
Viloyat hokimi J. RAXIMOV
Xorazm viloyati,
2025-yil 11-iyun,
263-12-0-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.