XALQ DEPUTATLARI UCHKOʻPRIK TUMANI KENGASHINING
QARORI
Uchkoʻprik tumanida toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2019-yil 14-sentabrdagi “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2736-III/KQ-592-III-son Qoʻshma qarori ijrosini taʼminlash hamda tumanda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazishni ixchamlashtirish, namunali oilaviy tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etish va ushbu masalada targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2019-yil 14-sentabrdagi 2736-III/KQ-592-III-son Qoʻshma qarori Rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tumanda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashi huzurida toʻylar, oilaviy tantanalar maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman komissiyasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Oliy Majlis Senatining 2019-yil 14-sentabrdagi 2736-III/KQ-592-III-son Qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan, tumanda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashi huzurida toʻylar, oilaviy tantanalar maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman komissiyasining maqsad va vazifalari quyidagi tartibda belgilansin:
tuman hududida oʻtkaziladigan toʻylar, maʼraka va marosimlar, oilaviy unga doir boshqa tadbirlarga jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hamda toʻy va marosim egalari bilan ixcham, isrofgarchiliksiz va belgilangan talablar asosida, oʻtkazish boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borish;
keng jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda, mazkur tadbirlarni tartibga solish hamda ixcham va milliy qadriyatlar, urf-odatlar va anʼanalar asosida oʻtkazish boʻyicha aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini amalga oshirish;
mazkur tadbirlarni amalga oshirishda ijtimoiy tabaqalanishga yoʻl qoʻymasdan oʻtkazish boʻyicha jamoaviy suhbatlar tashkil etish;
ushbu tadbirlarni oʻtkazishni rejalashtirgan oila vakillari bilan, ayniqsa, nikohning ilk davrlarida er-xotin va ularning ota-onalari oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlash borasida suhbatlar tashkil etish;
xotin-qizlarga mazkur tadbirlarni kamxarj qilib oʻtkazishni, ularda ortiqcha isrofgarchilikka berilish oila iqtisodiga va yosh oilaning mustahkamligiga salbiy taʼsir koʻrsatishini hayotiy misollar orqali keng tushuntirish;
turmush qurish arafasida turgan yoshlar bilan ijtimoiy-psixologik suhbatlar uyushtirishi, ularni oilaviy hayotga tayyorlashi, mazkur tadbirlarni ixcham va isrofgarchiliksiz oʻtkazish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borishi boʻyicha ishlarni amalga oshirish tavsiya etilsin.
4. Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oraligʻida oʻtkazish, soat 23:00 dan keyin toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni davom ettirishga yoʻl qoʻyilmaslik;
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashishi;
qoʻshaloq toʻylarda 250 nafargacha, u bilan bogʻliq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkinligi;
nikohni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kelin-kuyovning toʻyxonaga kelishi va ketishi bilan bogʻliq oilaviy tadbirlarda 3 tadan koʻp boʻlgan yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanmaslik (toʻy egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan mustasno);
dafn etish va motam marosimlari koʻpi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida oʻtkazilishi mumkin (osh berish marosimi bundan mustasno).
5. Ushbu Kengash qarori bilan aholini tanishtirish maqsadida tumandagi barcha mahallalari, aholi yashash va mehnat jamoalari joylariga hamda restoran, oshxona, kafe va toʻyxonalarda tadbirlarni oʻtkazish tartib taomillarini alohida eslatma tarzida tayyorlanib qoʻyilishi taʼminlansin.
Komissiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar har chorakda keng muhokama qilib borilsin va bu haqida jamoatchilikka xabardor qilinsin.
6. Tuman bosh imom-xatibi R.Zokirovga:
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda diniy mavzuda maʼruza koʻzda tutilgan boʻlsa, ushbu maʼruza diniy tashkilotining vakolatli vakili tomonidan oʻqilishi;
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, xotiraga bagʻishlangan tadbirlarni ixcham oʻtkazish va tadbirlarni dabdabali oʻtkazish oʻrniga mablagʻni kam taʼminlangan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirishni targʻib qilish;
imom-xatiblar toʻylar va marosimlardagi maʼruzalarida aholini eʼtiborini yoshlar tarbiyasi, ota-onaning masʼuliyati, jamiyat hayotiga xavf solayotgan tahdidlarni oldini olish, tinchlik va mustaqillik neʼmatini asrash, shukronalik tuygʻusini shakllantirish kabi masalalarga qaratishi tavsiya etilsin.
7. Tuman hokimining maslahatchisi S.Meliyev va tuman hokimligi matbuot kotibi A.Ermatov hamda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlimi (Joʻrayev)ga:
mazkur Kengash qarori eʼlon qilinishi va toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar va boshqa tadbirlarni tartibga solish masalalarini keng yoritish va targʻibot ishlarini olib borish;
ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali namunali toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar haqida jamoatchilik fikrini shakllantirishi, ijtimoiy roliklar yaratishi, uslubiy qoʻllanmalar va targʻibot materiallarini tayyorlash;
toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda milliy qadriyatlarimizga yot boʻlgan “ommaviy madaniyat” unsurlari namoyon boʻlishining oldini olish maqsadida muntazam maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini olib borilishini tashkil etish tavsiya etilsin.
8. Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlariga:
ushbu Kengash qarorining mazmun-mohiyatini oʻzlari saylangan saylov okruglaridagi hududlarda keng targʻib qilish hamda qaror ijrosi yuzasidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini oʻrnatishlari aytib oʻtilsin.
9. Mazkur Kengash qarorining ijrosini taʼminlab borishga masʼul va shaxsiy javobgar etib tuman hokimining oʻrinbosarlari SH.Pozilov va G.Aliyeva hamda Komissyai aʼzolari belgilansin.
Qaror bajarilishini nazorat qilish vazifasi xalq deputatlari tuman Kengashining “Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari boʻyicha” hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari boʻyicha” doimiy komissiyalari raislari Z.Maxkamova va M.Moʻminov zimmasiga yuklansin.
Sessiya raisi M. M. DEXQONOV
Fargʻona viloyati, Uchkoʻprik tumani,
2025-yil 10-iyun,
VII-13-128-11-162-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.