OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XORAZM VILOYATI HOKIMINING
QARORI
Viloyat hududidagi umumfoydalanuvdagi avtomobil yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi “Yoʻl harakati qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 172-sonli qarorining ijrosi hamda viloyat hududidagi avtomobil yoʻllarida harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6 va 21¹-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2025-yil 15-maydagi “Viloyat ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi M.Xudayberganovning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-190-sonli, 2022-yil 12-iyuldagi PQ-316-sonli, 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-330-sonli qarorlarining ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisoboti haqida”gi VII-9-67-12-0-K/25-sonli qarori maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Viloyat hokimligi (F.Yuldashev), viloyat yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi (M.Xudayberganov), viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi (D.Niyazmetov):
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qarorining 80-bandi hamda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining VII-9-67-12-0-K/25-sonli qarorining 3-bandiga asosan Qoʻshkoʻpir tumani hududidan oʻtgan davlat ahamiyatiga molik D222 “Urganch – Xiva” yoʻli – Qoʻshkoʻpir q. – Gʻozovot q. – Turkmaniston Respublikasi chegarasi” avtomobil yoʻlining 15.8 – 27.1 kilometri oraligʻida transport vositalari harakat tezligi 100 km/soatdan 70 km/soatga oʻzgartirilishi va 3.24 – “70 yuqori tezlik cheklangan”, 3.25 – “70 yuqori tezlik cheklangan hududning oxiri” yoʻl belgilari oʻrnatilishini taʼminlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining qurilish, toʻsiqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari S.Bekchanov zimmasiga yuklansin.
Viloyat hokimi J. RAXIMOV
Xorazm viloyati,
2025-yil 10-iyun,
262-12-0-Q/25-son