XORAZM VILOYATI QOʻSHKOʻPIR TUMANI HOKIMINING
QARORI
Qoʻshkoʻpir tumani Yovgʻir mahallasi hududidagi mahalla uyushmasi Qoʻshkoʻpir tumani boʻlimiga qarashli yer maydonini tuman hokimligi zaxira yer fondi hisobiga qaytarish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi tegishli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2024-yil 26-dekabrdagi 01-17/30317-sonli mahalla uyushmasi Qoʻshkoʻpir tumani boʻlimiga qarashli yer maydonini tuman hokimligi zaxira yer fondi hisobiga qaytarib olish toʻgʻrisidagi xatini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 5, 36-moddasi 1-qismi 1-bandi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6, 10-moddalariga asosan qaror qilaman:
1.Mahalla uyushmasi Qoʻshkoʻpir tumani boʻlimining 2025-yil 23-maydagi 212-sonli xati maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2.Mahalla uyushmasi Qoʻshkoʻpir tumani boʻlimining 0,05 gektar qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yer maydoni Qoʻshkoʻpir tumani hokimligi zaxira yer fondi hisobiga qaytarib olinsin va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin.
3.Qoʻshkoʻpir tumani hokimining oʻrinbosari (R.Matyoqubov) 10 kun muddat ichida zaxira yer fondi hisobiga qaytarilgan ushbu yer maydonini davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun buyurtma bersin.
4.Davlat kadastrlari palatasi Qoʻshkoʻpir tumani filiali (D.Polvonov) tuman hokimligi buyurtmasiga asosan ushbu yer maydonini davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ishlarini amalga oshirsin hamda yer hisobotiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
5.Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari R.Matyoqubov zimmasiga yuklansin.
Tuman hokimi SH. K. AXMEDOV
Xorazm viloyati, Qoʻshkoʻpir tumani,
2025-yil 4-iyun,
134-12-172-Q/25-son