XALQ DEPUTATLARI CHIROQCHI TUMANI KENGASHINING
QARORI
Chiroqchi tumani boʻyicha 2025-yil 1-apreldan 2025-yil 1-oktabrga qadar sugʻorish ishlari uchun ajratilgan suv limitini tasdiqlash toʻgʻrisida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini shakllantirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida hamda Chiroqchi tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tomonidan oʻsuv davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqish boʻyicha takliflarini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy Davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi, qaror qiladi:
1.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini shakllantirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2.Chiroqchi tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi xizmat koʻrsatadigan suv istemolchilariga 2025-yilda yozgi sugʻorish mavsumida ajratilgan cheklangan suv miqdori 1-ilovaga muvofiq;
Chiroqchi tuman Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi xizmat koʻrsatuvchi Chiroqchi tuman suv isteʼmolchilari uchun 2025-yil oʻsuv (vegitatsiya) mavsumida manbalardan ajratilgan cheklangan suv miqdori (limiti) 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3.Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (B.Mirzayev), Tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi (B.Chuqmorov)ga;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori asosida ishlarni tashkil etish;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qiluvchi fermer xoʻjaliklari, klaster tashkilotlari va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning takliflarini belgilangan tartibda oʻrganib chiqish va xulosalar berish;
yer uchastkasining meliorativ holati (tuproq shoʻrlanish darajasi, yer osti suv sathi), suv va elektr energiya taʼminoti hamda talabgorning moliyaviy holatini tahlil qilgan holda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari tizimidan samarali foydalanish boʻyicha talabgorlar va boshqa manfaatdorlar uchun qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish va ulardan foydalanish boʻyicha tumanlararo tajriba almashuvlarni yoʻlga qoʻyish;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha talabgorlarga soha boʻyicha malakali mutaxassislarni biriktirish hamda ularga tizimdan samarali foydalanish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish;
tik quduqlarning nasoslarini taʼmirlash va xoʻjalik ichki sugʻorish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish;
irrigatsiya va melioratsiya obyektlarining xavfsiz va barqaror ishlashini taʼminlash (irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash) ishlarni toʻliq yakunlash vazifalari;
belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har yarim yilda xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berish vazifasi yuklatilsin.
4.Xalq deputatlari Chiroqchi tumani Kengashining 2024-yil 17-apreldagi VI-84-47-4-66-K/24-sonli Qarori oʼz kuchini yoʼqotgan deb hisoblansin.
5.Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya boʻyicha doimiy komissiyasi kotibi (M.Xasanov) hamda Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (B.Mirzayev)lar zimmasiga yuklatilsin
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Kengash raisi YUSUPOV FAYZULLA YAKUBOVICH
Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani,
2025-yil 4-iyun,
VII-8-44-4-66-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.