XALQ DEPUTATLARI QUVA TUMANI KENGASHINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son Qarorining tumandagi ijrosi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 5-son Qaroriga asosan tuman irrigatsiya boʻlimi hamda xizmatlari negizida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etilib, vazifalari belgilab berilgan.
Mazkur qarorda suv xoʻjaligi tashkilotlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga vegetatsiya hamda kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqish va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kirish belgilangan. Shunga muvofiq, tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tomonidan 2025-yilning vegitatsiya davri uchun isteʼmolchilarning suv bilant taʼminlash limitlari ishlab chiqilgan.
Tumanda suv resurslarini oʻz vaqtida isteʼmolchilarga yetkazish, suvdan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida” gi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Quva tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son Qarorining tumandagi ijrosi toʻgʻrisida, tuman suv etkazib berish xizmati direktori U.Musajonovning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-son Qarori bilan 2025 yildan boshlab:
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sugʻorish uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanganda suv soligʻi stavkasiga 0,5 kamaytiruvchi koyeffitsient qoʻllanilishi;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilinganda yoki sugʻorish uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanganda suv soligʻi stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koyeffitsient qoʻllanilishi;
baliqchilik uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanganda suv soligʻi stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koyeffitsient qoʻllanilishi;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilinmaganda hamda sugʻorish uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanmaganda suv soligʻi stavkasiga 1,1 oshiruvchi koyeffitsient qoʻllanilishi belgilanganligi taʼkidlab oʻtilsin.
3. Quyidagilar:
Quva tumani hududidagi fermer xoʻjaligi, MFY va boshqa yoʻnalishidagi suv isteʼmolchilarining 2025-yilning sugʻorish mavsumida sugʻorish va iqtisodiyot tarmoqlariga cheklangan suv miqdori (limit) 1-ilovaga muvofiq;
tumanda qishloq xoʻjaligi korxonalarining 2025-yilning vegetatsiya davri uchun cheklangan suv miqdori (limiti) 2-ilovaga muvofiq;
tumanda tomorqa yoʻnalishidagi suv isteʼmolchilarining 2025-yilning sugʻorish davrida cheklangan suv mikdori (limiti) 3-ilovaga muvofiq;
tumanda baliqchilik yoʻnalishidagi suv isteʼmolchilarining 2025-yilning sugʻorish davrida suv olish miqdori (limiti) 4-ilovaga muvofiq;
tumanda dexqon xoʻjaligi yoʻnalishidagi suv isteʼmolchilarining 2025-yilning vegetatsiya davri uchun cheklangan suv olish miqdori (limiti) 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Zokirov, tuman suv etkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori U.Musajonovga:
belgilangan limitlar asosida isteʼmolchilarga suvni oʻz vaqtida yetkazib berishni taʼminlash, suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini oʻz vaqtida amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish choralarini koʻrish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida soliq organlariga taqdim etib borish;
suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish vazifalari, shunigdek 5 kun muddatda:
suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar boʻyicha ishlab chiqilgan suv olish limitlarini barcha suv isteʼmolchilariga yetkazish;
suv isteʼmolchilari bilan ularga ajratilgan suv olish miqdori (limitlari) doirasida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnomalarni tuzilishini hamda ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlash vazifalari yuklansin.
5. Quva tumani suv yetkazib berish xizmatlari davlat muassasasi (U.Musajonov), tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi (O.Ristayev)ga hamkorlikda isteʼmolchilar bilan suvdan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlari va tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi yuklansin.
6. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Zokirov, tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi (O.Ristayev), nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi raisi zimmalariga yuklansin.
Kengash raisi UMAROV XALIMJON KOMILOVICH
Fargʻona viloyati, Quva tumani,
2025-yil 27-may,
VII-9-71-11-156-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.