XALQ DEPUTATLARI BULUNGʻUR TUMANI KENGASHINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Bulungʻur tumanidagi koʻchalarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-martdagi 48-sonli “Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq “Geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarini tartibga solish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 295-sonli qarori va Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasi tomonidan Bulungʻur tumanidagi jami 21 ta yaʼni 1 ta asosiy koʻcha, 5 ta tor koʻcha hamda 15 ta berk koʻchalarning nomlari oʻrganilib chiqilib, 2025-yil 14-apreldagi 03/08-3818-sonli xati hamda Bulungʻur tuman adliya boʻlimi tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish yuzasidan 2025-yil 7-mayda ijobiy xulosa berilgan.
Yuqoridagilarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasiga asosan, xalq deputatlari tuman Kengashining yettinchi chaqiriq, oʻn uchinchi sessiyasi qaror qiladi:
1. Bulungʻur tumani hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Gʻ.Shamanovning Bulungʻur tumanida koʻchalarni nomlash va qayta nomlash borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi ekspert komissiyasining 2025-yil 14-apreldagi 03/08-3818-sonli xulosa xatiga asosan Bulungʻur tumanidagi jami 21 ta yaʼni 1 ta asosiy koʻcha, 5 ta tor koʻcha hamda 15 ta berk koʻchalarning nomlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Gʻ.Shamanov, tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Sh.Ibragimov, tuman Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi (J.Razaqov) hamda tumandagi mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari bilan birgalikda mahalla fuqarolar yigʻinlarida koʻcha nomlari aks ettirilgan peshlavhalarni 1 oy muddatda belgilangan tartibda oʻrnatish vazifasi topshirilsin.
4. Tuman statistka boʻlimi (S.Turdiyev), Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligiligining davlat kadastrlari palatasi Samarqand viloyat boshqarmasi Bulungʻur tuman filiali (Sh.Abduqodirov), tuman Ichki ishlar boʻlimi (J.Saidov), tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi (D.Djabbarov), tuman Tibbiyot birlashmasi (F.Fayzullayev)larga yangi va qayta nomlangan koʻchalarning nomlarini belgilangan tartibda roʻyxatga olish vazifasi yuklatilsin.
5. Qaror ijrosini taʼminlash uchun tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Gʻ.Shamanov hamda tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Sh.Ibragimovlar masʼul etib belgilansin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish, xalq deputatlari Bulungʻur tuman Kengashining Taʼlim, soʻgʻliqni saqlash, madaniyat, sport va ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi Sh.Mamatkulov zimmasiga yuklatilsin.
Sessiya raisi SHOKIROV ALIJON OLIMJONOVICH
Samarqand viloyati, Bulungʻur tumani,
2025-yil 23-may,
VII-12-54-7-93-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.