XALQ DEPUTATLARI KOGON TUMANI KENGASHINING
QARORI
Kogon tumanida 2025-yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi ekinlari mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng katta sugʻoriladigan maydonga va eng koʻp sonli aholiga ega boʻlib, suv taʼminoti jihatidan eng imkoniyati cheklangani hisoblanadi. Umumiy suv resurslarining 20 foizga yaqini mamlakat ichkarisida shakllanadi xolos. Suv, Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishi uchun eng hayotiy zarur va asosiy manbalardan biri hisoblanadi, chunki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 98 foizi sugʻoriladigan yerlarda yetishtiriladi. Aholi sonining yildan yilga koʻpayishi, suvga boʻlgan talabning qondirish va iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq suv resurslari tanqisligining tobora ortib borayotgani Oʻzbekiston rivojiga toʻsiq boʻluvchi omillardan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda
Soʻnggi uch yil davomida qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qarorning 7-bandiga muvofiq 2024-yildan boshlab:
har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktyabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqib, tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritishi;
isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi boʻyicha tuman Kengashi sessiya muhokamasiga kiritilishi belgilangan.
Tumanida 2025-yil vegetatsiya mavsumida suv resurslaridan oqilona foydalanish, sugʻorish tarmoqlarida suv yoʻqotilishini kamaytirish, isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan suv resurslarini cheklangan suv miqdorlarini inobatga olgan holda qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini tasdiqlash maqsadga muvofiq boʻlmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Kogon tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Kogon tumani “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasining 2025-yil 23-apreldagi 60-sonli xati inobatga olinsin.
2. Kogon tumanida 2025-yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi ekinlari mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi direktori I.Amonovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tumanda 2025-yil vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun qoʻyidagi:
tumanda 2025-yil vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtiruvchilarning suv olish limitlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari — tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi F.Otamurodov, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (I.Amonov)ga:
cheklangan suv limitlarini inobatga olgan holda, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida tumandagi ekin yer maydonlariga ayniqsa, takroriy ekin yer maydonlariga suvni kam talab qiladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarni joylashtirish choralarini koʻrish;
tuman chegarasidan olinadigan suv resurslarini oʻlchab olib, hududlarning yer maydonlarini inobatga olgan holda, suv resurslarini taqsimlash;
tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini hisobotini yuritish va belgilangan tartibda tuman soliq inspeksiyasiga oʻz vaqtida taqdim etib borish vazifasi yuklatilsin.
5. Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (Y.Bozorov)ga:
tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini samarali foydalanayotganligi yuzasidan joylarga chiqgan holda deputatlik nazoratini oʻrnatish;
har oyda oʻrganishlar natijasida suv resurslarini tumanda belgilangan limitdan ortiqcha olgan suv isteʼmolchilarini doimiy komissiya yigʻilishlarida ishtirokini taʼminlash va ularninng hisobot (axborot)larini eshitish;
2025-yil davomida tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini samarali foydalanayotganligi yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlarining hisobot (axborot)larini xalq deputatlari tuman Kengashining sessiya kun tartibiga kiritilishini nazoratga olsin.
6. Tuman hokimligi apparati matbuot xizmati (A.Qaxxorov), tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (I.Amonov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish borasidaamalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotlarni jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazish maqsadida tuman mahalliy ommaviy axborot vositasi va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borilishi tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari — tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi F.Otamurodov hamda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (I.Amonov)ga ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (Y.Bozorov) zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi QAZOQOV OTABEK NODIROVICH
Buxoro viloyati, Kogon tumani,
2025-yil 22-may,
VII-08-53-2-36-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.