OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SURXONDARYO VILOYATI HOKIMINING
QARORI
Viloyat hududidagi shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo yoʻlovchilar transportida yoʻlovchi va bagaj tashish tariflarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Аvtomobil transporti toʻgʻrisida”gi 674-I-sonli Qonunining 15-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy foydalaniladigan transportda yoʻlovchi tashuvchilar faoliyatini hamda ularni moliyalashtirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2012-yil 17-sentabrdagi 273-son va “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 8-oktabrdagi 630-son qarorlari ijrosi yuzasidan hududlarda (shahar va tumanlarda) yoʻlovchilar transportida yoʻlovchi va bagaj tashishning yoʻl qoʻyiladigan tariflar darajasi iqtisodiy asoslangan tashish xarajatlaridan va yoʻlovchilar tashish xizmatlariga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq qaror qilaman:
1. Surxondaryo viloyati shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo yoʻlovchilar transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish xizmatlarining cheklangan tarifi quyidagicha belgilansin:
а) avtobuslarda bir yoʻlovchi km uchun 260 (ikki yuz oltmish) soʻm.
b) yoʻnalishli taksi (mikroavtobus)larda bir yoʻlovchi km uchun 300 (uch yuz) soʻm.
v) Termiz shahri hududida shahar yoʻlovchilar transporti (avtobus)larda bir yoʻlovchi uchun 3 000 (uch ming) soʻm;
bir yoʻlovchi uchun qatnov transport kartalari va elektron toʻlov tizimi (ATTO) orqali amalga oshirilganda bir martalik cheklangan tarif miqdori – 2 000 (ikki ming) soʻm etib belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining “Аvtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan yoʻlovchi:
shahar va shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo yoʻnalishlaridagi avtobuslarda yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni oʻzi bilan bepul olib yurish;
shahar va shahar atrofi yoʻnalishlarida yigirma kilogrammdan oshmaydigan ogʻirlikdagi bagajning bir oʻrnini oʻzi bilan bepul olib yurish va boshqa huquqlarga ega ekanligi inobatga olinsin.
3. Viloyat hokimining “Viloyat hududidagi shahar atrofi va ichi shaharlararo yoʻlovchilar transportida yoʻlovchi tashish tariflarini belgilash toʻgʻrisida” 2023-yil 20-noyabrdagi 583-8-0-Q/23-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qaror “Surxon tongi” va “Заря Сурхана” gazetalarida rasman eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
5. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari А.Amirov zimmasiga yuklansin.
Surxondaryo viloyat hokimi U. B. QOSIMOV
Surxondaryo viloyati,
2025-yil 20-may,
307-8-0-Q/25-son