XALQ DEPUTATLARI QOROVULBOZOR TUMANI KENGASHINING
QARORI
Qorovulbozor tumanida 2025-yil vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarorining 7a-bandida, “har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritish” topshirigʻi berilgan. Ushbu band ijrosini taʼminlash maqsadida tuman boʻyicha 2025-yil vegetatsiya mavsumida sugʻorish ishlariga ajratilgan cheklangan suv miqdori (limit) hisoblab chiqildi. Unga binoan tuman boʻyicha 289 ta fermer, dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalari boʻyicha jami 16 658,7 gektar yer maydonlari uchun davr mobaynida 119 mln m3 suvga talab borligi hisoblab chiqilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 82-sonli qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomida Oʻzbekiston Respublikasi hududida suv olish limitlari buning uchun vakolatli boʻlgan tashkilotlar tomonidan belgilanadi hamda barcha suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari uchun majburiy hisoblanishi hamda suv olish limitlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan Qorovulbozor tuman suv isteʼmolchilariga, shuningdek, boshqa suvdan foydalanuvchilar tuman ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlaridan manbalar, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha belgilash koʻrsatib oʻtilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 79-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6 va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Qorovulbozor tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasining 2025-yil 28-apreldagi 01/29-sonli xati maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman “Suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan 2025-yil vegetatsiya davri uchun isteʼmolchilarni suv talabi va ajratilgan suv miqdori (limiti) 1-ilovaga, vegetatsiya davrida oylar kesimida isteʼmolchilarga ajratiladigan suv miqdori (limiti) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari, tuman “Suv yetkazib berish” xizmati davlat muassasasi direktori hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda:
tumanga suv yetkazib berish boʻyicha ishlab chiqilgan limitlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qaror talablari asosida amalga oshirish;
qaror mazmun-mohiyatini massivlar hamda ular tarkibidagi fermer hamda dehqon xoʻjaliklari, MCHJ va korxona tashkilotlarga yetkazish;
ilovalarda koʻrsatilgan limitlarni oʻz vaqtida va sifatli holda yetkazib berish;
qarordan kelib chiqadigan boshqa vazifalarni amalga oshirish;
amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida har yarim yilda xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot kiritish vazifalari yuklatilsin.
4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Agrar va suv xoʻjaligi, ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (B.Aslonov) hamda tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari-tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi (U.Raxmatov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi Oʻ. HAMROYEV
Buxoro viloyati, Qorovulbozor tumani,
2025-yil 17-may,
VII-12-54-2-38-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.