SAMARQAND VILOYATI URGUT TUMANI HOKIMINING
QARORI
Urgut tumanida maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish yuzasidan tumandagi umumtaʼlim muassasalarining mikrohududlarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 27-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi Nizomning 39-bandiga asosan tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga qamrab olish jarayonida umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud)ni belgilash maqsadida, qaror qilaman:
1.Urgut tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 2025-yil 3-apreldagi 1155-sonli xati inobatga olinsin.
2.Tumanda maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish boʻyicha umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
3.Tuman hokimi oʻrinbosari (M.Xaliqov), tumani Maktabgacha va maktab boʻlimi (J.Zoitov), tumandagi umumtaʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga maktab yoshidagi bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga toʻliq qamrab olish, oʻquvchilarning darslarga qatnashish holati yuzasidan monitoring olib borish va uning natijasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrish vazifasi topshirilsin.
4.Belgilansinki, tumandagi umumtaʼlim muassasalar rahbarlari oʻzlari rahbarlik qilayotgan muassasaga biriktirilgan hududdagi maktab yoshidagi bolalarni oʻz vaqtida umumtaʼlim muassasasiga oʻqishga jalb qilish uchun masʼul hisoblanadi.
5.Oʻzbekiston Respublikasi mahallalar uyushmasining Urgut tumani boʻlimi (Sh.Xoliqov)ga mahalla fuqarolar yigʻini raislariga maktab yoshidagi bolalarni umumtaʼlim muassasalariga jalb etish jarayonida tuman xalq taʼlimi boʻlimi hamda umumtaʼlim muassasalarga amaliy yordam berish tavsiya etilsin.
6.Mazkur qaror “Urgut sadosi” gazetasida rasmiy eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
7.Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8.Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari M.Xaliqov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi B. JABBOROV
Samarqand viloyati, Urgut tumani,
2025-yil 16-may,
146-7-105-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.