XALQ DEPUTATLARI QOʻSHKOʻPIR TUMANI KENGASHINING
QARORI
2025-yil sugʻorish mavsumida tumanda suvdan samarali foydalanish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 5-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari O.Xajimovning axboroti atroflicha muhokama etilib, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6 va 24-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Qoʻshkoʻpir tumani Kengashi qaror qiladi:
1 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 5-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Qoʻshkoʻpir tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlari boʻyicha 2025-yilning vegetatsiya (sugʻorish) davrida suv manbalaridan olinadigan suv miqdori (limit) 1 va 2- ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (O.Xajimov), Qoʻshkoʻpir tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori (X.Valiyev)ga 5 kun muddatda:
suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlari boʻyicha ishlab chiqilgan suv olish limitlarini barcha suv isteʼmolchilariga yetkazish;
suv isteʼmolchilari bilan ularga ajratilgan suv olish limitlari doirasida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnomalarning tuzilishini hamda ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini ta`minlasin.
4. Qoʻshkoʻpir tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasiga (X.Valiyev) suvdan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlari va tushuntirish ishlari olib borish vazifasi yuklatilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari O.Xajimov hamda xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi A.Erkinov zimmalariga yuklatilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Kengash raisi AXMEDOV SHUXRAT KURVONDURDIYEVICH
Xorazm viloyati, Qoʻshkoʻpir tumani,
2025-yil 7-may,
VII-12-54-12-172-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.