XALQ DEPUTATLARI YANGIBOZOR TUMANI KENGASHINING
QARORI
2025-yil vegetatsiya davrida tumanda suvdan samarali foydalanish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 5-sonli qaroriga asosan tuman irrigatsiya boʻlimlari hamda maxsus xizmatlari negizida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etilganligi va ularning vazifalari belgilab berilganini bildirdi.
Shuningdek, ushbu qarorda suv xoʻjaligi tashkilotlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga vegetatsiya davridagi sugʻorish limitlarini joriy yilning 1-apreliga qadar yetkazish va tasdiqlash uchun tuman xalq deputatlari Kengashiga kiritish topshirilganligini va shunga muvofiq, Tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tomonidan 2025-yilning vegetatsiya mavsumi uchun isteʼmolchilarning suv manbalari va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha suv olish limitlari ishlab chiqilganligini aytdi.
Kun tartibidagi masalani atroflicha muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasining suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari hamda hududlar boʻyicha 2025-yilning yozgi sugʻorish davri uchun cheklangan suv miqdori (limit) 1 va 2- ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalari boʻyicha oʻrinbosari B.Sultanov va tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori A.Sapayevlar:
suv manbalari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar boʻyicha ishlab chiqilgan suv olish limitlarini barcha suv isteʼmolchilariga yetkazsin;
suv isteʼmolchilari bilan ularga ajratilgan suv olish limitlari doirasida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnomalarning tuzilishini hamda ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
3. Yangibozor tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi (A.Sapayev) va tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi (A.Qazaqov) birgalikda suvdan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlari va tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi yuklatilsin.
4. Xalq deputatlari Yangibozor tuman Kengashining 2024-yil 28-sentabrdagi «2024-2025-yillarning kuz-qish davri uchun tumanda suv olish limitini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi VI-102-107-12-178-K/24-sonli qarori bekor qilinsin.
5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat va transport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi (M.Atajanov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi JUMANIYAZOV RUSLAN RUSTAMOVICH
Xorazm viloyati, Yangibozor tumani,
2025-yil 6-may,
VII-8-47-12-178-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.