XALQ DEPUTATLARI GʻIJDUVON TUMANI KENGASHINING
QARORI
Gʻijduvon tumanida 2025-yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi ekinlari mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi eng katta sugʻoriladigan maydoniga va eng koʻp sonli aholiga ega boʻlib, suv taʼminoti jihatidan eng imkoniyati cheklangani hisoblanadi. Umumiy suv resurslarining 20 foizga yaqini mamlakat ichkarisida shakllanadi xolos. Suv, Oʻzbekistonning barqaror rivojlanishi uchun eng hayotiy zarur va asosiy manbalardan biri hisoblanadi, chunki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining 98 foizi sugʻoriladigan yerlarda yetishtiriladi. Aholi sonining yildan yilga koʻpayishi, suvga boʻlgan talabning qondirish va iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq suv resurslari tanqisligining tobora ortib borayotgani Oʻzbekiston rivojiga toʻsiq boʻluvchi omillardan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Soʻnggi uch yil davomida qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorning 7-bandiga muvofiq 2024-yildan boshlab:
har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqib, tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritishi;
isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi boʻyicha tuman Kengashi sessiya muhokamasiga kiritilishi belgilangan.
Tumanda 2025-yil vegetatsiya mavsumida suv resurslaridan oqiloma foydalanish, sugʻorish tarmoqlarida suv yoʻqotilishini kamaytirish, istʼemolchilarga yetkazib beriladigan suv resurslarini cheklangan suv miqdorlarini inobatga olgan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash maqsadga muvofiq boʻlmoqda.
2025-yil vegetatsiya mavsumida “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tamonida manbalarning kutilayotgan suvliliga nisbatan 223,7 mln.m3 limit ajratilgan boʻlib, limitlar isteʼmolchilarga ekin turi va maydonlariga nisbatan taqsimlandi.
Hududlar kesimida Oqgul (12,894 mln.m3), Sarmijon (13,795 mln.m3), Zarafshon (13,548 mln.m3), Gulistonbod (9,668 mln.m3), Armechan (12,002 mln.m3), Gʻovshun (11,219 mln.m3), Soktari (8,219 mln.m3), Sarvari (8,019 mln.m3), Pozagari (10,809 mln.m3), Ulfatbibi (11,144 mln.m3), Zarangari (9,148 mln.m3), Paxtaobod (10,701 mln.m3), Xalqobod (12,803 mln.m3) hamda Baraka (38,613 mln.m3) ajratilishi kutilmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qildi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Gʻijduvon tumani “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasining 2025-yil 4-apreldagi 31-sonli xati inobatga olinsin.
2. Gʻijduvon tumanida 2025-yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi ekinlari mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash yuzasidan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi direktori Y.Yarashevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tumanda 2025-yil vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtiruvchilarning suv olish limitlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining oʻrinbosari F.Jabborov, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (Y.Yarashev)ga:
cheklangan suv limitlarini inobatga olgan holda, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida tumandagi ekin yer maydonlariga ayniqsa, takroriy ekin yer maydonlariga suvni kam talab qiladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarni joylashtirish choralarini koʻrish;
tuman chegarasidan olinadigan suv resurslarini oʻlchab olib, hududlarning yer maydonlarini inobatga olgan holda, suv resurslarini taqsimlash;
tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini hisobotini yuritish va belgilangan tartibda tuman soliq inspeksiyasiga oʻz vaqtida taqdim yetib borish vazifasi yuklatilsin.
5. Xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (A.Ochilov)ga:
tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini samarali foydalanayotganligi yuzasidan joylarga chiqgan holda deputatlik nazoratini oʻrnatish;
2025-yil davomida tumanda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini samarali foydalanayotganligi yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlarining doimiy komissiya yigʻilishlarida hisobot (axborot)lari eshitilishini nazoratga olsin.
6. Tuman hokimligi axborot xizmati tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (Y.Yarashev) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv - tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotlarni jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositasi va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borilishi tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining oʻrinbosari (F.Jabborov), tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (Y.Yarashev)ga ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashiningagrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi ASHUROV SHERZOD RAXIMOVICH
Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumani,
2025-yil 1-may,
VII-10-57-2-34-K/25-son
Oldingi tahrirga qarang.
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.
(ilova Xalq deputatlari GʻIjduvon tumani kengashining 2026-yil 13-yanvardagi VII-20-10-2-34-K/26-sonli qarori tahririda)