XALQ DEPUTATLARI KATTAQOʻRGʻON TUMANI KENGASHINING
QARORI
Kattaqoʻrgʻon tumanidagi suv isteʼmolchilariga 2025-yil vegetatsiya mavsumida sugʻorish va sanoat texnik ehtiyojlari uchun ajratilgan suv olish limitini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari tuman Kengashining VII chaqiriq toʻqqizinchi sessiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligi oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori 7-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Kattaqoʻrgʻon tumanidagi suv isteʼmolchilariga 2025-yil vegetatsiya mavsumida sugʻorish va sanoat texnik ehtiyojlari uchun ajratilgan suv olish limiti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (https://regulation.gov.uz/oz/d/106686) muhokamada turganligi hamda Kattaqoʻrgʻon tuman adliya boʻlimi tomonidan normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish yuzasidan tuman adliya boʻlimining 2025-yil 29-apreldagi 5-sonli huquqiy xulosasida ijobiy baholanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3.Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori A.Ibragimovga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori asosida ishlarni tashkil etish;
belgilangan limitlar asosida isteʼmolchilarga suv yetkazib berish;
oʻziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish;
suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobotlarni oʻz vaqtida berib borish vazifalari yuklatilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashi huzuridagi Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (M.Xolova) hamda tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (B.Sulaymonov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi NASRIDDINOV JAMSHID TULKINOVICH
Samarqand viloyati, Kattaqoʻrgʻon tumani,
2025-yil 29-aprel,
VII-9-62-7-96-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.