XALQ DEPUTATLARI BOGʻOT TUMANI KENGASHINING
QARORI
Bogʻot tumani boʻyicha 2025-yil sugʻorish(vegetatsiya) mavsumi uchun suv isteʼmolchilariga ajratiladigan cheklangan suv miqdori(limit)ni tasdiqlash toʻgʻrisida
Tumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvarda “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi 5-sonli qaroriga asosan tuman irrigatsiya boʻlimi hamda maxsus xizmatlari negizida “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tashkil etilib ularning vazifalari belgilab berildi.
Shuningdek, ushbu qarorda suv xoʻjaligi tashkilotlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga vegetatsiya davridagi sugʻorish limitlarini har yilninng 1-apreliga qadar yetkazish va tasdiqlash uchun tuman xalq deputatlari Kengashiga kiritish topshirilganligini va shunga muvofiq, Bogʻot tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tomonidan 2025-yilning vegetatsiya mavsumi uchun suv isteʼmolchilariga, shuningdek, boshqa suvdan foydalanuvchilarga suv manbalari va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha suv olish limitlari ishlab chiqildi va xalq deputatlari tuman Kengashiga uni tasdiqlab berish uchun 2025-yil 7-aprelda №01-01/183-sonli xat yoʻllangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, kun tartibidagi masalani atroflicha muhokama qilib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. “Bogʻot tumani boʻyicha 2025-yil sugʻorish(vegetatsiya) mavsumi uchun suv isteʼmolchilariga ajratiladigan cheklangan suv miqdori(limit)ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalari boʻyicha oʻrinbosari I.Raximovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Bogʻot tumani boʻyicha 2025-yilning sugʻorish mavsumida suv isteʼmolchilarining qishloq xoʻjalik ekinlarini sugʻorishga ajratilgan suv olish limitlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Bogʻot tumani boʻyicha 2025-yilning sugʻorish mavsumida baliqchilik va kommunal xoʻjaliklariga ajratilgan suv olish limitlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari I.Raximov tuman suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi direktori M.Allayorov bilan birgalikda 5 kun muddatda:
· sugʻorish mavsumida suv isteʼmolchilarining qishloq xoʻjalik ekinlarini sugʻorishga hamda baliqchilik va kommunal xoʻjaliklariga ajratilgan suv olish limitlarini barcha suv isteʼmolchilariga yetkazishni;
· suv isteʼmolchilari bilan ularga ajratilgan suv olish limitlari doirasida suvdan foydalanish yoki suv isteʼmoli toʻgʻrisidagi shartnornalarning tuzilishini hamda ularni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishini;
· suvdan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha oʻquv seminarlari va tushuntirish ishlarini olib borishni taʼminlasin.
5. Xalq deputatlari Bogʻot tumani Kengashining 2024-yil 23-apreldagi “Bogʻot tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasining suv manbalaridan 2024-yilning yozgi sugʻorish davri uchun cheklangan suv miqdori (limit)ni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar boʻyicha tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VI-107-59-12-170-K/24-sonli hamda 2024-yil 27-sentabrdagi “Bogʻot tumanida 2024-2025-yillarning kuz-qish davri uchun suv olish limitini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VI-118-146-12-170-K/24-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin va bekor qilinsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari I.Raximov hamda nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi raisi Sh.Rajabov zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi NAZAROV JAHONGIR BAXRAMOVICH
Xorazm viloyati, Bogʻot tumani,
2025-yil 29-aprel,
VII-10-59-12-170-K/25-son
Hujjatni ilovalari bilan PDF shaklida tanishish mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.