XALQ DEPUTATLARI ANGREN SHAHAR KENGASHINING
QARORI
Angren shahrida xatlovdan oʻtkazilgan geografik obyektlar (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)ni nomlash, qayta nomlash va nomlarini davlat reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi
Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 12-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash sohasidagi davlat siyosatini yanada takomillashtirish hamda samarali amalga oshirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6-moddasiga asosan, Xalq deputatlari Angren shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Angren shahar hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi N. Nazarovaning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Geografik obyektlarga nom berish va ularni qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Ekspert komissiyasining 2025-yil 20-martdagi 05-19-4510-sonli xulosasi asos uchun qabul qilinsin.
3. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Toshkent viloyati komissiyasining 2025-yil 2-apreldagi 1/12-4-1731-sonli yigʻilish bayoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Ekspert komissiyasining 2025-yil 20-martdagi 05-19-4510-sonli xulosasi asosida Angren shahrida xatlovdan oʻtkazilgan va qonun hujjatlari talablariga muvofiq deb topilgan 817 ta geografik obyekt (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)larni nomlash, qayta nomlash va nomlarini davlat reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi taklifi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Angren shahar soliq inspeksiyasi (B .Shomirzayev), shahar statistika boʻlimi boshligʻi (Sh. Abdukarimov), Davlat xizmatlari markazi (Sh. Kuchimova), shahar Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (J. Yuldashev), shahar Ichki ishlar boshqarmasi (A. Mirxodjayev), Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi Angren shahar boʻlimi rahbari (Sh. Baymuratov) va tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlari amaldagi tartibda nom berilgan obyektlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va elektron bazasini shakllantirish, ish yuritish hujjatlariga oʻzgartirish kiritish bilan bogʻliq barcha tadbirlarni amalga oshirsin.
5. Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi Angren shahar boʻlimi rahbari (Sh. Baymuratov), shahar Davlat xizmatlari markazi (Sh. Kuchimova)ga:
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi 2011-yil 12-oktabrdagi OʻRQ–303-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi “Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 1010-sonli qarorining 2-bob 13-bandi ijrosini taʼminlash yuzasidan geografik obyekt (koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha)larni nomi oʻzgartirilishi munosabati bilan aholidan belgilangan tartibda davlat boji undirilmaslik choralari koʻrilsin.
6. Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi Angren shahar boʻlimi (Sh. Baymuratov), Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Angren shahar boʻlimi (Z. Xodjimatov), shahar Obodonlashtirish boshqarmasi (Sh. Artikov), nomlari oʻzgargan geografik obyektlarning nomini aholi oʻrtasida keng targʻib etish, belgilangan tartibda zamonaviy koʻrinishdagi (lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida) peshlavhalarga yozib oʻrnatish choralarini koʻrish vazifasi yuklatilsin.
7. Shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi (A. Mirxodjayev)ga:
fuqarolarning xorijga chiqish, kirish uchun hujjatlarini rasmiylashtirishda hududlarda geografik obyektlarning nomlari qayta nomlanganligiga alohida eʼtibor qaratish;
fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlariga nomlari qayta nomlangan geografik obyekt nomlari bilan yozilishini doimiy nazoratga olsin. yuklatilsin.
8. Angren shahar hokimiing matbuot kotibi–axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi (G. Shaxonova), “Angren haqiqati” gazetasi tahririyati (A. Mustafina) nomlari qayta nomlangan geografik obyektlarning yangi nomlarini bosma ommaviy axborot vositasi va shahar hokimligi rasmiy veb-sayti orqali yoritilishini taʼminlansin.
9. Shahar hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi (N. Nazarova) geografik obyektlarga nom berilganligi va ularning nomlari oʻzgartirilganligi toʻgʻrisidagi tegishli hujjatlarni geografik obyektlar nomlarining davlat reyestriga kiritish uchun oʻn kunlik muddatda Kadastr agentligiga taqdim etilsin.
10. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari Angren shahar Kengashining Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari boʻyicha doimiy komissiyasiga, shuningdek, qaror ijrosini taʼminlash Angren shahar hokimligi huzuridagi Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha shahar komissiyasi zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi A. RAYIMOV
Angren shahri,
2025-yil 29-aprel,
VII-10-39-10-148-K/25-son