JIZZAX VILOYATI ZOMIN TUMANI HOKIMINING
QARORI
Tuman hududida yoʻl belgilari oʻrnatish toʻgʻrisida
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yoʻllarida xavfsizlikni taʼminlash va tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 342-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi “Yoʻl harakati qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 172-son qarori ijrosi yuzasidan Zomin tumanida fuqarolarning xavfsizligi va avtotransport vositalarining harakatini tartibga solish maqsadida, tuman Ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimining 2025-yil 24- martdagi 39/1024-sonli murojaat xatini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6, 211 - moddalariga asosan, qaror qilaman:
1. Tuman ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimining 2025-yil 24- martdagi 39/1024-sonli murojaat xati inobatga olinsin.
2. Zomin tumanida fuqarolarning xavfsizligi va avtotransport vositalarining harakatini tartibga solish maqsadida:
Xalqobod MFY Mustaqillik koʻchasida joylashgan tuman Ichki ishlar boshqarmasi binosi hamda Zomin avtosavdo binosi roʻparasiga yoʻlning har ikki yoʻnalishi boʻylab ikki dona 3.27 (toʻxtash taqiqlangan) yoʻl belgisi, Qurgʻon MFYdagi markaziy sayilgohga Hurriyat koʻchasidan kirish joyiga bir dona 3.1 (kirish taʼqiqlangan) yoʻl belgilari oʻrnatilishiga ruxsat berilsin.
3. Zomin tumani ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi (O. Xasanov):
mazkur qaror bilan tegishli joyga yoʻl belgilarini oʻrnatilishini tashkil etsin hamda ushbu hududlarda avtomobillar harakatini nazorat qilib borsin.
4. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash tuman hokimining oʻrinbosari E. Maxmanazarov hamda tuman ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi I. Nurmatov zimmasiga yuklansin.
Tuman hokimi A. ABDUGʻANIYEV
Zomin tumani,
2025-yil 25-aprel,
146-3-48-Q/25-son