от 20.09.2012 г. №
Соглашение между Правительством Республики Узбекистан и Правительством Корейской Республики
Кучга кириш санаси
09.01.2013
Соглашение
между Правительством Республики Узбекистан и Правительством Корейской Республики
О сотрудничестве в области туризма
Сеул, 20 сентября 2012 года
(Вступило в силу 9 января 2013 года)
(подписи)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Turizm sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
2012-yil 20-sentabr, Seul
(2013-yil 9-yanvardan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashni istab,
ikki mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishida turizmning muhim ahamiyatga ega ekanligini eʼtiborga olib,
turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning ikki mamlakat xalqlari oʻrtasida doʻstona munosabatlarni mustahkamlashdagi ahamiyatini hisobga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Maqsadlar
1. Tomonlar turizm orqali tenglik va oʻzaro manfaat asosida ikki mamlakatning iqtisodiyoti, madaniyati, tabiatining diqqatga sazovor joylari, tarixiy yodgorliklari va milliy anʼanalari borasida oʻz xalqlari oʻrtasidagi hamjihatlikni qoʻllab-quvvatlash uchun turizm sohasidagi hamkorlikning rivojlanishiga yordam koʻrsatadilar.
2. Tomonlar sayyohlar almashinuvini oshirish maqsadida oʻz mamlakatlarining turizm sohasidagi muassasa va tashkilotlari, shu jumladan turizm sohasidagi davlat organlari, sayyohlik agentliklari va turizm bilan bogʻliq boshqa tashkilotlar oʻrtasida hamkorlik va doʻstona munosabatlarni ham qoʻllab-quvvatlaydilar.
3. Mazkur Bitim doirasidagi barcha tadbirlar Tomonlarning milliy qonunchiligiga va ikki davlat ishtirokchilari boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
2-modda
Hamkorlik sohalari
Tomonlar turizm sohasiga investitsiyalar kiritish, mehmonxonalar va boshqa sayyohlik infratuzilmasi obyektlarini yaratish, mehmonxona boshqaruvi va tibbiy turizm, kulinar turizm, madaniy turizm, tabiat turizmi, barqaror turizm kabi va Tomonlar oʻrtasida kelishilgan turizmga taalluqli har qanday boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
3-modda
Maʼlumot almashish
Tomonlar turizm bilan bogʻliq tajriba, statistika, materiallar va tadqiqotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar bilan almashishga yordam koʻrsatadilar.
4-modda
Xalqaro tadbirlar
Har bir Tomon boshqa Tomon vakillarining oʻz hududida oʻtkaziladigan xalqaro turistik koʻrgazmalar, seminarlar va konferensiyalarda ishtirok etishiga, shuningdek xalqaro turistik tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda birgalikda ishtirok etishiga yordam koʻrsatadi va ularni ragʻbatlantiradi.
5-modda
Xalqaro tashkilotlardagi hamkorlik
Tomonlar xalqaro turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni, shu jumladan turizm boʻyicha xalqaro tashkilotlarda ishtirok etish va hamkorlik qilishni rivojlantiradilar.
6-modda
Oʻquv mashgʻulotlari
Tomonlar turizmning turli sohalarida mutaxassislar tayyorlashda maʼlumot va tajriba almashishni qoʻllab-quvvatlaydilar, shuningdek turizm yoʻnalishidagi talabalar va ekspertlar almashinuviga va turizm sohasidagi kadrlarning qobiliyati va malakasini oshirishga qaratilgan seminarlarni tashkil etishga yordam koʻrsatadilar.
7-modda
Turizmni ilgari surish
Tomonlar boshqa mamlakatlardan sayyohlarni jalb qilish uchun ikki davlatning turizm sohasidagi vakolatli organlari oʻrtasida hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
8-modda
Qoʻshma qoʻmita
1. Mazkur Bitimni amalga oshirishni yengillashtirish hamda Tomonlar, ikki mamlakatning turizm sohasidagi vakolatli organlari va boshqa tegishli tashkilotlari oʻrtasida fikr almashish maqsadida Tomonlar vakolatli organlar va tegishli davlat tashkilotlarining teng sondagi vakillaridan iborat Qoʻshma qoʻmita (keyingi oʻrinlarda “Qoʻmita”) tuzishlari mumkin.
2. Qoʻmita Tomonlar oʻrtasida oʻzaro kelishilgan muddatlarda vaqti-vaqti bilan majlislar oʻtkazadi.
3. Qoʻmita Tomonlarning tegishli milliy qonunchiligiga muvofiq oʻzining ish tartibini belgilaydi.
4. Tomonlar Qoʻmita majlislarida ishtirok etish uchun turizm sohasidagi davlat organlari va xususiy tashkilotlar vakillarini taklif etish yuzasidan oʻzaro kelishib olishlari mumkin.
9-modda
Maʼlumotlarni himoya qilish
Har bir Tomon boshqa Tomondan maxfiy sifatida olingan maʼlumotlarning xavfsizligini taʼminlaydi va bunday maʼlumotlarni ushbu boshqa Tomonning yozma roziligisiz uchinchi tomonga taqdim etmaydi.
10-modda
Masʼul organlar
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish uchun quyidagi organlarni masʼul etib belgilaydilar:
Oʻzbek tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi;
Koreys tomonidan — Koreya Respublikasi Madaniyat, sport va turizm vazirligi.
11-modda
Nizolarni hal etish
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki amalga oshirishda yuzaga keladigan har qanday nizolar maslahatlashuvlar va muzokaralar vositasida hal etiladi.
12-modda
Tuzatishlar
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Har qanday shunday tuzatishlar mazkur Bitimning 14-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kirib, mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanuvchi protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
13-modda
Boshqa shartnomalar
Mazkur Bitim ikki mamlakatning ular ishtirokchisi boʻlgan xalqaro shartnomalardan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
14-modda
Kuchga kirishi, amal qilish muddati va toʻxtatilishi
1. Tomonlar mazkur Bitimning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilgani toʻgʻrisida bir-birlarini yozma shaklda diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar. Mazkur Bitim oxirgi xabarnoma sanasidan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri oʻzining mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatish maqsadi toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma shaklda xabardor qilguniga qadar oʻz kuchida qoladi. Mazkur Bitimning amal qilishi shunday xabarnoma sanasidan boshlab toʻqson (90) kundan keyin tugatiladi.
2. Mazkur Bitim kuchga kirgan sanadan boshlab 1995-yil 16-fevralda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida sayyohlik sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida Oʻzaro tushunish Memorandumining amal qilishi tugatiladi.
3. Agar Tomonlar oʻrtasida boshqacha tarzda kelishilgan boʻlmasa, mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi amaldagi qoʻshma tadbirlarning haqiqiyligi yoki davom etishiga taʼsir koʻrsatmaydi.
Barchasini tasdiqlagan holda, quyida imzo chekuvchilar oʻzlarining tegishli hukumatlari tomonidan belgilangan tartibda berilgan vakolatlari doirasida mazkur Bitimni imzoladilar.
Seul shahrida 2012-yil 20-sentabrda har biri oʻzbek, koreys va ingliz tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda ixtiloflar yuzaga kelganda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)