Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT UY-JOY FONDINI XUSUSIYLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi hududida davlat uy-joy fondini xususiylashtirishning huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy asoslarini va tartibini belgilab beradi.
Uy-joyga egalik huquqini olish fuqarolarga oʻz mablagʻlarini koʻchmas mulkka samarali sarflash, oʻz uy-joyiga erkin egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish imkonini beradi.
I bob. UMUMIY QOIDALAR
1-modda.
Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish (bundan buyon “xususiylashtirish” deb yuritiladi) deganda fuqarolarga ularning ixtiyoriga qarab davlat uy-joy fondining ular egallab turgan yoki yangi qurilgan kvartiralarini, uylarini (uylarining bir qismini) sotish, shu jumladan imtiyozli asosda sotish yoki tekinga mulk qilib berish tushuniladi.
Davlat uy-joy fondi mahalliy davlat hokimiyati organlarining uy-joy fondi hamda davlat organlari, korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining toʻliq xoʻjalik tasarrufida yoki operativ boshqaruvidagi uy-joy fondidir.
Keyingi tahrirga qarang.
2-modda.
Davlat uy-joy fondini xususiylashtirishga doir qonunlar ushbu Qonundan hamda unga muvofiq chiqariladigan boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Keyingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirish Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunlari bilan ham tartibga solinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda.
Davlat uy-joy fondini xususiylashtirishning asosiy qoidalari:
Oʻzbekiston Respublikasining barcha xususiylashtirish subyektlari davlat uy-joy fondini xususiylashtirishda teng huquqlarda ishtirok etishi;
xususiylashtirishning ixtiyoriylik asosida boʻlishi;
xususiylashtirishning uy-joy muammosini hal etish bilan oʻzaro aloqadorligi;
haq evaziga va tekinga berish xususiyatining uygʻunlashtirilishi;
fuqarolarni ijtimoiy jihatdan himoyalash;
oshkoralik, ijtimoiy adolatga rioya etilishi;
xususiylashtirishning amalga oshirilishi jarayoni ustidan davlat va jamoatchilik nazoratining oʻrnatilishidan iboratdir.
4-modda.
1. Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan fuqarolarning ayrim toifalariga kvartiralarni, uylarni (uylarning bir qismini) tekinga berish;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat kvartiralarini, uylarini (uylarning bir qismini) Oʻzbekiston Respublikasining – fuqarolariga va yuridik shaxslariga hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga sotish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
2. Davlat kvartiralarini, uylarini (uylarning bir qismini) hamda xususiylashtirilgan kvartiralarni, uylarni (uylarning bir qismini) sotish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
5-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining xususiylashtirish subyektlariga davlat uy-joy fondini xususiylashtirish huquqi faqat bir marta beriladi.
6-modda.
Xususiylashtirilgan uylar joylashgan yer uchastkalariga va ularning etagidagi hududga egalik qilish, ulardan foydalanish yer toʻgʻrisidagi qonunlarda nazarda tutilgan tartib va shartlarda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda.
Fuqarolarning davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan uylari buzilishi natijasida, agar ularga buzilgan uylari evaziga pul tovoni toʻlanmagan boʻlsa, davlat uy-joy fondi uylaridan olgan turar joylari, shuningdek tabiiy ofatlar oqibatida uylari buzilishi munosabati bilan olgan kvartiralari, bu kvartiralar qachon ajratilganidan qatʼi nazar, ularga yoki ularning vorislariga tekinga beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8-modda.
Fuqarolarga qarashli boʻlgan uy, imorat va inshoot ushbu Qonun amalga kiritilganidan keyin buzilgani taqdirda ana shu fuqarolarga, ular oila aʼzolariga, shuningdek ushbu uyda doimiy yashab turgan va uy roʻyxatidan (propiskadan) oʻtgan boshqa fuqarolarga oʻz xohishiga koʻra hamda tomonlarning kelishuviga binoan tekinga kvartira olish yohud tegishli korxona, muassasa, tashkilot tomonidan yangi joyda uy, imorat va inshoot qurilib, oʻz mulklari qilib berilishi yoki buzilgan uy, imorat, nobud boʻlgan ekin va dov-daraxtlar evaziga tovon puli olish huquqi beriladi.
9-modda.
Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarga oʻz xodimlari hamda pensionerlari uy-joy qurilishi yoki uyni xususiylashtirish maqsadida olgan qarzi yoki kreditini toʻliq yohud qisman toʻlash huquqi beriladi.
10-modda.
Fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda xususiylashtirilgan turar joylar davlat uy-joy fondidan chiqarilib, yakka tartibdagi uy-joy fondi tarkibiga kiritiladi.
11-modda.
Mehnatga qobiliyatsizlar, yolgʻiz qariyalar, pensionerlar va ularning oila aʼzolariga, agar ularning jon boshiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadlari eng kam ish haqidan oz boʻlsa, shuningdek birinchi marta nikohdan oʻtgan turar joyga muhtoj yosh oilalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan roʻyxatga binoan fuqarolarning ijtimoiy himoyalanmagan va taʼminoti oz boshqa toifalariga mahalliy davlat hokimiyat organlari huzurida aniq maqsadga qaratilgan ijara shartnomasi talablari asosida xususiylashtirish huquqisiz foydalaniladigan kommunal uy-joy fondi tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
II bob. XUSUSIYLASHTIRISHNING OBYEKTLARI VA SUBYEKTLARI
12-modda.
1. Xususiylashtirish obyektlari:
fuqarolar ijara shartnomasi asosida foydalanilayotgan koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar va bir kvartirali uylar (uylarning bir qismi);
qayta tiklash, taʼmirlanish ishlari tugallangan-ku, ammo odamlar koʻchib kirmagan va boʻshatilgan uylarning kvartiralari, bir kvartirali uylar (uylarning bir qismi);
yangi qurilgan uylardagi kvartiralar kiradi.
2. Yangi foydalanishga topshiralayotgan davlat uy-joy fondining turar joylari fuqarolarga kelgusida xususiylashtirish huquqi bilan haq toʻlab yashash uchun yoki ijaraga berilishi mumkin.
3. Uy-muzeylar, meʼmorchilik, tarix va madaniyat yodgorliklari hisoblanuvchi kvartira va uylar;
Oldingi tahrirga qarang.
uy-muzeylar, shuningdek moddiy madaniy meros obyektlari boʻlgan kvartiralar va uylar;
(12-moddaning 3-bandi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
umumiy yotoqlarning xonalari;
belgilangan tartibda yashash uchun yaroqsiz deb topilgan kvartiralar;
xizmat kvartiralari, xonalari (uylari);
ikki va undan ziyod ijarachi yashab turgan boʻlsa-yu, ulardan ayrimlari xususiylashtirishga rozi boʻlmagan kvartiralar xususiylashtirilishi mumkin emas.
13-modda.
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan (uy roʻyxatidan oʻtgan) Oʻzbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar xususiylashtirish subyektlari hisoblanadilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasining vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari, korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslari, boshqa davlatlarning yuridik shaxslari oʻz xodimlari va pensionerlarini uy-joy bilan taʼminlash uchun uy-joy fondi egasidan uy-joy sotib olishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Davlat uy-joy fondi tarkibidagi uylarda ijara shartnomasi asosida turar joyni egallab turgan fuqarolar birgalikda yashab turgan barcha balogʻat yoshidagi oila aʼzolari va turar joy maydonida haqi boʻlgan boshqa shaxslarning roziligi bilan shu turar joyni ushbu Qonunda koʻzda tutilgan shartlarda oʻz mulki qilib, shu jumladan birgalikda yoki ulushbay asosida egalik qilish uchun sotib olishga haqlidirlar.
4. Xususiylashtirilgan turar joy egasining oila aʼzolari hamda turar joy maydoniga haqli boʻlib, uni xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar shu turar joy maydonidan foydalanish huquqini saqlab qoladilar, xususiylashtirilgan uy-joyni sotish yoki ijaraga berish ularning roziligi bilan amalga oshiriladi.
14-modda.
Xususiylashtirilgan kvartiraning, uyning (uy bir qismining) egasi:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarning, davlatning huquqlari hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlariga putur yetkazmagan holda ana shu turar joyga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
kommunal xizmatlar haqini va sugʻurta badallarini toʻlash boʻyicha, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha imtiyozlardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish.
(14-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 513-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
egallab turgan maydonning sathidan qatʼi nazar, boshqa kvartirani, uyni (uyning bir qismini) sotib olish;
kvartiraga, uyga (uyning bir qismiga) turar joy maydonining sathidan qatʼi nazar, ushbu Qonun 13-moddasining birinchi bandida uqtirilgan oila aʼzolarini, boshqa shaxslarni uy roʻyxatidan oʻtkazish;
oʻz kvartirasini, uyini istalgan boshqa kvartiraga yoki uyga, shu jumladan kooperativ kvartira yoki uyga uy roʻyxatidan oʻtkazish va turar joyi borasida hech qanday cheklovlarsiz ayirboshlash;
shirkatlar tashkil etish hamda turar joy va birgalikda tasarruf etiladigan joylardan foydalanish boʻyicha bunday ishlarni amalga oshiruvchi tashkilotni, shu jumladan davlat uy-joylardan foydalanish va taʼmirlash-qurilish tashkilotlarini, kooperativlar, xususiy hamda boshqa xoʻjalik subyektlarini mustaqil belgilash, uy-joylarga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun shartnomalar tuzish;
uylar va uylar oldidagi hududlarni orasta saqlash borasida bajarilayotgan ishlar sifatini baholashda bevosita yoxud shirkatlar tarkibida qatnashish, shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik yoki belgilangan tartibda bajarmaganlik uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga nisbatan, shuningdek ayrim shaxslarga nisbatan jarima choralari qoʻllash yuzasidan materiallar taqdim etish;
xususiylashtirilgan uy-joydan fuqarolarni koʻchirmasdan amalga oshirilishi mumkin boʻlmagan kapital taʼmirlashni oʻtkazish payti uchun mulk egalaridan yoki turar joy fondini idora etishga vakolati boʻlgan organlardan turar joyni ijaraga olish huquqiga egadir.
15-modda.
Xususiylashtirilgan kvartira egasi:
ushbu Qonun talablariga hamda turar joy xonalari va uylar oldidagi hududlarni orasta saqlash qoidalariga rioya etishi;
belgilangan soliqlarni va kommunal xizmatlar haqini hamda uydan foydalanishga ketadigan xarajat pullarini oʻz vaqtida toʻlashi;
oʻziga qarashli turar joyni orasta saqlash hamda taʼmirlash yuzasidan korxonalar va xususiy shaxslar bilan tuzilgan shartnoma majburiyatlariga rioya etishi shart.
III bob. DAVLAT UY-JOY FONDINI XUSUSIYLASHTIRISH TARTIBI
16-modda.
Fuqaro davlat uy-joy fondiga qarashli uydagi kvartirani (uyning bir qismini) oʻz mulki qilib haqini toʻlab sotib olish (yoki bepul olish) uchun oʻzi istiqomat qilayotgan davlat uy-joy fondi tasarrufida boʻlgan tuman, shahar hokimiga, korxona, muassasa, tashkilot maʼmuriyatiga ariza beradi. Ariza uzogʻi bilan ikki oy muddat ichida qarab chiqiladi.
17-modda.
Harbiy xizmatchilarga berilgan davlat uy-joy fondini xususiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
Davlat xoʻjaliklari va boshqa davlatga qarashli qishloq xoʻjalik korxonalarining uy-joy fondini xususiylashtirish tartibi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan uqtirib oʻtilgan uy-joy fondi egalari tomonidan birgalikda belgilanadi.
18-modda.
Turar joylarni xususiylashtirish davlat uy-joy fondining egasi yoki u vakolat bergan davlat boshqaruvi organi tomonidan amalga oshiriladi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mablagʻi hisobiga paychilik sharti bilan yangi qurilgan kvartiralar va uylarni xususiylashtirish tartibi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning oʻzlari tomonidan, davlat mablagʻlari hisobiga qurilgan kvartiralar va uylarni xususiylashtirish tartibi esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
19-modda.
Fuqarolarning alohida uy, kvartira va xonaga boʻlgan egalik huquqi turar joy qiymati toʻliq toʻlangan (sotib olingan) va order olingan paytdan boshlanadi.
Turar joyning haqini toʻlab va tekinga xususiylashtirilayotgan fuqarolarga uy-joy egasining qarori asosida egalik huquqini beruvchi yagona shaklda belgilangan davlat orderi beriladi. Order xususiylashtirilgan uy-joy uchun qonuniy huquqni belgilovchi hujjat hisoblanib, texnika inventarizatsiyasi organlarida roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
20-modda.
Xususiylashtirilayotgan turar joyni baholash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda baholovchi tashkilot tomonidan qoldiq balans qiymati boʻyicha amalga oshiriladi.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 17-sentabrdagi OʻRQ-257-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 37-son, 315-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
21-modda.
Turar joylarni xususiylashtirish fuqarolarning shaxsiy jamgʻarmalari, korxonalar va tashkilotlarning mablagʻlari, shuningdek imtiyozli shartlarda beriladigan kreditlar, ssudalar evaziga hamda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
22-modda.
Davlat uy-joy fondini xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlar mahalliy davlat hokimiyati organlarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning maxsus tashkil etilgan budjetdan tashqari xususiylashtirish uy-joy schyotiga oʻtkaziladi hamda turar joy xoʻjaligini saqlash va rivojlantirish uchun foydalaniladi.
IV bob. XUSUSIYLASHTIRILGAN TURAR JOYLARGA XIZMAT KOʻRSATISH VA ULARNI TAʼMIRLASH
23-modda.
Xususiylashtirilgan turar joylarga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash uy-joy fondidan foydalanish hamda uni taʼmirlashning yagona qoida va meʼyorlariga albatta rioya qilingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
Xususiylashtirilgan kvartiralarga, uylarga (uylarning bir qismiga) xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash borasida imtiyozlarga ega boʻlgan shaxslar toifasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
24-modda.
Xususiylashtirilgan turar joylardan foydalanish va ularni taʼmirlash shartnoma asosida amalga oshiriladi. Toʻliq xususiylashtirilgan uydagi turar joy egalari uydan foydalanish shirkati tuzishlari mumkin. Bu shirkat uyga xizmat koʻrsatuvchi va uni taʼmirlovchi tashkilotni mustaqil tanlaydi.
Qisman xususiylashtirilgan uylardagi fuqarolarning mulkiga aylangan turar joy xonalariga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash shu uylarga xususiylashtirishga qadar xizmat koʻrsatgan uy-joylardan foydalanish va ularni taʼmirlash-qurilish tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Xususiylashtirilgan turar joylarning egalari uning injenerlik uskunalariga, umumiy foydalaniladigan joylariga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash hamda uning tevarak-atrofiga qarash bilan bogʻliq xarajatlar haqini oʻzlari egallab turgan umumiy maydonga mutanosib ravishda toʻlaydilar.
25-modda.
Xususiylashtirilgan kvartiralar egalarining tuzilgan shartnomalar boʻyicha uyga qarash va kommunal xizmatlar haqini toʻlash bilan bogʻliq qarzlari belgilangan tartibda undirib olinadi.
V bob. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
26-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat uy-joy fondi kvartiralarini, uylarini (uyning bir qismini) xususiylashtirishda yuzaga keladigan nizolar sud tomonidan hal qilinadi.
(26-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
27-modda.
Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish qanday borayotganligini nazorat qilish mazkur uy-joy fondining egasi yoki u vakolat bergan davlat boshqaruv organi tomonidan amalga oshiriladi.
28-modda.
Ushbu Qonun talablari buzilishida aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar va fuqarolar qonunlarga binoan javobgarlikka tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-may,
846-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 230-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2008-y., 52-son, 513-modda; 2010-y., 37-son, 315-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son; 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)