Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“HOMIYLAR VA ShIFOKORLAR YILI” DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2006-yilning yurtimizda “Homiylar va shifokorlar yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan hamda xalqimizning maʼnaviy qadriyati sifatida homiylikning roli va ahamiyatini kuchaytirish, homiylik faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, ushbu jarayonda aholi keng qatlamlari, barcha mulkchilik shaklidagi tashkilotlar va korxonalarning ishtirokini kengaytirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish, ularning aholining ijtimoiy nochor qatlamlarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasidagi hissasini oshirish, shuningdek, tibbiyot xodimlari kasbining obroʻ-eʼtiborini koʻtarish va mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida:
1. Quyidagi masalalar “Homiylar va shifokorlar yili”ning asosiy vazifalari etib belgilansin:
mamlakat boʻyicha, mintaqalar, shaharlar, tumanlar va aholi punktlari miqyosida aholining ijtimoiy nochor qatlamlari, birinchi navbatda nogironlar, yolgʻiz keksalar, kam taʼminlangan oilalar va yetim-yesirlarga aniq moddiy yordam koʻrsatish va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish, keksalar va nogironlar internat-uylarida, “Mehribonlik” uylarida, jismoniy va aqliy rivojlanishda orqada qolgan bolalar maktab-internatlarining shart-sharoitlarini yaxshilash;
homiylikning mustahkam kafolatlanishi va ijtimoiy nuqtai nazardan keng eʼtirof etilishini taʼminlaydigan qonunchilik va normativ-huquqiy bazani shakllantirish, oʻz daromadlarining bir qismini qalb amri bilan homiylik maqsadlariga yoʻnaltirishga tayyor oliyjanob insonlarning xolisona intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, xalqimiz, ayniqsa yoshlarning ongida mehr-muruvvat, saxovat va himmat kabi ezgu insoniy fazilatlarni yuksaltirish;
jamiyat hayotida tibbiyot xodimi kasbining nufuzi va uning maqomini oshirish, mohir shifokorlar, tajribali hamshiralar va mehnatsevar sanitarlarning mashaqqatli va masʼuliyatli ishlarini moddiy hamda maʼnaviy ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish;
tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, aholining barcha tabaqalari qamrab olinishi va erkin foydalanishini taʼminlaydigan sogʻliqni saqlash tizimining zamonaviy moddiy-texnika bazasini, jumladan, xayriya tashkilotlari va homiylarning mablagʻlarini jalb etish hisobiga, yanada mustahkamlash va undan samarali foydalanish.
2. Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, jamoat tashkilotlari hamda xayriya jamgʻarmalari bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Homiylar va shifokorlar yili” dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda homiylik tushunchasi va uning mazmun-mohiyatini aniq belgilaydigan, yuridik va jismoniy shaxslarning koʻmakka muhtoj insonlarga yordam koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, davlat tomonidan tegishli imtiyozlar va qoʻshimcha imkoniyatlar berishning yaxlit tizimini yaratishni nazarda tutadigan “Homiylik toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritsin;
ikki hafta muddatda “Tibbiyot xodimlari kuni” kasb bayramini taʼsis etish boʻyicha takliflar kiritsin.
4. “Homiylar va shifokorlar yili” Dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi (Mirziyoyev):
nodavlat tashkilotlari, birinchi navbatda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini, biznes, firmalar, kompaniyalar, xalqaro xayriya tuzilmalarining vakillarini homiylik ishlariga keng jalb etish va shu asosda homiylikni ommaviy ijtimoiy harakatga aylantirish, mazkur harakat nafaqat ushbu Dastur doirasida cheklanib qolmasdan, mamlakat ijtimoiy munosabatlar tizimida oʻzining doimiy oʻrniga ega boʻlishini taʼminlashga qaratilgan barcha zarur shart-sharoitlarni yaratsin;
ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari tomonidan har bir aholi punkti, tuman, shahar va idoralar boʻyicha “Homiylar va shifokorlar yili” hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilib, qabul qilinishini taʼminlasin;
davlat boshqaruvi respublika va hududiy organlari hamda jamoat tashkilotlari darajasida ushbu Dastur boʻlimlari hamda bandlarini toʻliq va soʻzsiz bajarish boʻyicha ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil qilsin hamda Dasturga kiritilgan tadbirlarning bajarilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
5. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya, ommaviy axborot vositalari “Homiylar va shifokorlar yili” dasturining maqsadi va ahamiyatini ochib berish yuzasidan keng tushuntirish ishlari olib borilishini, unda nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishi, shu jumladan, aholi oʻrtasida mehr-muruvvat, oʻzaro yordam va homiylik gʻoyalari mustahkamlanishiga alohida eʼtibor qaratgan holda, savobli ishlarni amalga oshirayotgan fuqarolar, mahallalar, korxona va tashkilotlar jamoalarining qoʻshayotgan hissalari muntazam yoritib borilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 23-yanvar,
PQ-266-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 4-5-son, 25-modda)