Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“ZIYONET” AXBOROT TARMOGʻINI YANADA RIVOJLANTIRISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining jamoat taʼlim axborot tarmogʻini tashkil etish toʻgʻrisida” 2005-yil 28-sentabrdagi PQ–191-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“ZiyoNET” tarmogʻi axborot resurslarini yaratish, rivojlantirish va jamlash dasturi 1-ilovaga* muvofiq;
Mamlakat maktablari, akademik litseylari, kollejlari, oliy oʻquv yurtlari, yoshlar tashkilotlari, kutubxonalar, muzeylar va boshqa taʼlim, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalarni “ZiyoNET” tarmogʻiga ulash reja-jadvali 2-ilovaga* muvofiq;
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
Axborot resurslarini yaratish, ekspertizadan oʻtkazish va “ZiyoNET” tarmogʻining texnologik maydonchasida joylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan Dastur va Reja-jadvalning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlasinlar.
3. Budjet tashkilotlarini Reja-jadvalga muvofiq “ZiyoNET” tarmogʻiga ulash va aloqa xizmatlari haqini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarning 2006-yilda ushbu maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligiga ajratiladigan Davlat budjetining tasdiqlangan parametrlari doirasida amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2007—2010-yillarda Davlat budjeti parametrlarida budjet muassasalarini Reja-jadvalga muvofiq “ZiyoNET” tarmogʻiga ulash va aloqa xizmatlari haqini toʻlash uchun zarur mablagʻlarni belgilangan tartibda nazarda tutsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-iyuldagi 198-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 28-son, 362-modda)
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.N. Aripov va R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-dekabr,
282-son
Axborot resurslarini yaratish, ekspertizadan oʻtkazish va “ZiyoNET” tarmogʻining texnologik maydonchasida joylashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining jamoat taʼlim axborot tarmogʻini tashkil etish toʻgʻrisida” 2005-yil 28-sentabrdagi PQ–191-son qaroriga muvofiq axborot resurslarini yaratish, ekspertizadan oʻtkazish va “ZiyoNET” tarmogʻining texnologik maydonchasida joylashtirish tartibiga qoʻyiladigan asosiy talablarni belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
“ZiyoNET” tarmogʻining texnologik maydonchasi — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integratorining “ZiyoNET” tarmogʻi Resurs markazining (keyingi oʻrinlarda matnda “Resurs markazi” deb yuritiladi) “ZiyoNET” tarmogʻida joylashtirilgan axborotni toʻplash, saqlash, ishlash qayta izlash va undan foydalanish va uni himoya qilish imkonini beradigan axborot resurslari, axborot texnologiyalari, aloqa va dasturiy taʼminlash vositalari jami;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-noyabrdagi 925-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2017-y., 09/17/925/0299-son)
Resurs markazi boʻlimlari — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Resurs markazi boʻlimlari;
Oldingi tahrirga qarang.
“ZiyoNET” tarmogʻiga qoʻyiladigan texnik talablar — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integratori tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadigan yaratilayotgan axborot resurslariga qoʻyiladigan texnik talablarning jami.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-noyabrdagi 925-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2017-y., 09/17/925/0299-son)
II. “ZiyoNET” tarmogʻining axborot resurslarini yaratish
3. “ZiyoNET” tarmogʻining axborot resurslari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligining axborotlarning, axborot resurslarining boshqa mulkdorlari va egalarining axborot resurslari negizida yaratiladi.
4. “ZiyoNET” tarmogʻining milliy axborot resurslarini shakllantirish:
taʼlimning samaradorligini oshirishga va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga;
oʻsib kelayotgan yosh avlodning Vatanga muhabbat tuygʻusini, Oʻzbekistonning boy tarixi, xalqning milliy anʼanalari va maʼnaviy qadriyatlarini bilishga asoslangan yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini mustahkamlashga;
faol hayotiy mavqega ega boʻlgan barkamol shaxsni voyaga yetkazishga;
yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, har xil sport turlarini ommalashtirishga;
respublika oʻquvchilari va yoshlari uchun masofadan turib oʻqitish usullarini, boshqa axborot-kommunikatsiya xizmatlarining keng kompleksini taʼlim tizimiga joriy etishga koʻmaklashishga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim.
5. Ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy va ijtimoiy-siyosiy axborot va u bilan bogʻliq maʼlumotnoma-tahliliy materiallar mavjud boʻlgan “ZiyoNET” tarmogʻi axborot resurslarini yaratish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6. Bolalar va yoshlar uchun axborot, madaniy-maʼrifiy va sport axborotlari hamda ular bilan bogʻliq maʼlumotnoma-tahliliy materiallar mavjud boʻlgan “ZiyoNET” tarmogʻining axborot resurslarini yaratish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7. “ZiyoNET” tarmogʻining axborot resurslarini yaratish “ZiyoNET” tarmogʻining texnik talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
III. “ZiyoNET” tarmogʻida joylashtiriladigan axborot resurslarini ekspertizadan oʻtkazish
8. “ZiyoNET” tarmogʻiga joylashtiriladigan axborot resurslari ekspertizadan oʻtkazilishi kerak. Axborot resurslarini ekspertizadan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan:
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan talablar mazmuniga;
taʼlim standartlari talablariga;
“ZiyoNET” tarmogʻining texnik talablariga muvofiqlik yuzasidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. “ZiyoNET” tarmogʻining oʻzgaradigan axborot resurslari (yangiliklar, forumlar, interaktiv tashkil etiladigan veb-saytlar) ekspertizadan oʻtkazilmaydi, ularni koʻrib chiqish esa Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazi (keyingi oʻrinlarda “Monitoring markazi” deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
IV. “ZiyoNET” tarmogʻining texnologik maydonchasida axborot resurslarini joylashtirish
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligida ekspertizadan oʻtgan axborot resurslari ularni keyinchalik “ZiyoNET” tarmogʻining texnologik maydonchasiga joylashtirish uchun Resurs markazi boʻlimiga yuboriladi.
11. Resurs markazi boʻlimi tarmoqda joylashtirish moʻljallanayotgan axborot resurslarini “ZiyoNET” tarmogʻi texnik talablariga muvofiqlik yuzasidan oldindan oʻrganib chiqadi.
12. Axborot resurslari “ZiyoNET” tarmogʻining texnik talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda Resurs markazi boʻlimi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligiga axborot resurslarini qayta ishlash zarurligini maʼlum qiladi.
13. Resurs markazi boʻlimi taqdim etilgan axborot resurslarini “ZiyoNET” tarmogʻiga axborot resurslari taqdim etilgan kundan boshlab bir oydan koʻp boʻlmagan muddatda joylashtiradi.
14. “ZiyoNET” tarmogʻining texnologik maydonchasini yaratish, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish ishlarini tashkil etish Resurs markazi tomonidan amalga oshiriladi.
15. Axborotlarning, axborot resurslarining boshqa egalari va mulkdorlarining axborot resurlarini “ZiyoNET” tarmogʻining texnologik maydonchasida joylashtirish, saqlash va qoʻllab-quvvatlash shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
V. “ZiyoNET” tarmogʻi axborot resurslari monitoringi
16. “ZiyoNET” tarmogʻining axborot resurslari monitoringi Monitoring markazi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib boriladi.
17. Monitoring markazi:
“ZiyoNET” tarmogʻi axborot resurslarining muntazam tizimli monitoringini tashkil etadi va olib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi va Resurs markaziga aniqlangan kamchiliklar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablari buzilishi yuzasidan tavsiyalar va ogohlantirishlar beradi;
“ZiyoNET” tarmogʻi foydalanuvchilarining xalqaro axborot tarmoqlarining axborot resurslariga, shu jumladan internet tarmogʻiga ulanishini tashkil etish uchun axborot resurslarining reyting koʻrsatkichlarini aniqlaydi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bir kunlik muddatda Resurs markazini Monitoring markazi tomonidan aniqlangan kamchiliklar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablari buzilishi yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar boʻyicha xabardor qiladi.
19. Monitoring markazi va Resurs markazining oʻzaro hamkorligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VI. Yakuniy qoidalar
20. Axborot resurslarining himoya qilinishi va saqlanishi taʼminlanishi uchun “ZiyoNET” tarmogʻining Resurs markazi javob beradi.
21. “ZiyoNET” tarmogʻi axborot resurslari yaratilishi va ekspertizadan oʻtkazilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi javob beradi.
22. “ZiyoNET” tarmogʻi axborot resurslari monitoringi uchun Monitoring markazi javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 389-son, 389-modda; 2013-y., 28-son, 362-modda, 34-son, 458-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2017-y., 09/17/925/0299-son, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son, 29.11.2019-y., 09/19/955/4084-son)