OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining jamoat taʼlim axborot tarmogʻini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish toʻgʻrisida” 2002-yil 30-maydagi PF-3080-sonli Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston vazirliklari va idoralari, jamoat birlashmalari tomonidan taʼlim va yoshlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda xizmatlarini rivojlantirish borasida aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar olib borilmoqda.
Oldingi tahrirga qarang.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Milliy axborot-izlash tizimini yaratish, ijtimoiy-madaniy yoʻnalishdagi axborot resurslarini shakllantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
(muqaddimaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 2-son, 25-modda, 13-son, 202-modda)
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan mamlakatning barcha oliy taʼlim muassasalarini yagona axborot tizimiga birlashtirgan korporativ kompyuter tarmogʻi tashkil etilib, rivojlantirilmoqda.
Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan umumtaʼlim maktablarida oʻquv kompyuter sinflarini tashkil qilish Dasturi amalga oshirilmoqda.
Keyingi uch yil ichida umumtaʼlim maktablaridagi shaxsiy kompyuterlar soni 1,11 baravar koʻpayib, 59,4 mingtaga yetdi, kollejlar va litseylarda ularning soni deyarli ikki baravar oshdi. Taʼlim muassasalarini maʼlumotlar uzatish milliy tarmogʻiga, shu jumladan Internetga ulash ishlari amalga oshirilmoqda.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan respublikada Internet tarmogʻiga jamoa boʻlib ulanish punktlarini tashkil etish dasturi amalga oshirilmoqda. Mamlakatda internet-kafelar soni keyingi uch yil mobaynida 20 baravardan ortiqroq koʻpaydi va 493 taga yetdi.
Shu bilan birga respublikada taʼlim va yoshlar yoʻnalishidagi axborot resurslarini tizimga soluvchi yagona axborot tarmogʻi mavjud emas.
Milliy ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-taʼlim va madaniy-maʼrifiy axborot resurslarining yetarlicha boyitilmaganligi, ularning ishlashini taʼminlashda tizimlilikning yoʻqligi yoshlar oʻrtasida xorijiy axborot internet-saytlari tarqalishiga imkoniyat yaratmoqda.
Mana shularning hammasi milliy telekommunikatsiya tizimida oʻquv-taʼlim, ilmiy, yoshlar hamda bolalar muassasalari va tashkilotlari uchun moʻljallangan axborot materiallarini birlashtiruvchi yagona axborot-resurs maydonchaga ega boʻlgan jamoat taʼlim axborot tarmogʻini shakllantirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Mamlakat maktablari, litseylari, kollejlari oʻquvchilarining, oliy taʼlim muassasalari talabalarining axborotga boʻlgan talab-ehtiyojlarini har tomonlama qondirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, Internet tarmogʻining milliy segmentida taʼlim va bilim beradigan axborot resurslarini rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklarining hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining respublikadagi turli tuzilmalar tomonidan maʼlumotlar uzatish tarmoqlarida tashkil etilayotgan taʼlim va yoshlarga moʻljallangan axborot resurslarini yagona “ZiyoNET” axborot tarmogʻiga birlashtirish va tizimlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar “ZiyoNET” tarmogʻining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yoshlar uchun: ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirishga; oʻsib kelayotgan yosh avlodning Vatanga muhabbat tuygʻusini, Oʻzbekistonning boy tarixi, xalqning milliy anʼanalari va maʼnaviy qadriyatlarini bilishga asoslangan yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini mustahkamlashga; faol hayotiy mavqega ega boʻlgan barkamol shaxsiy voyaga yetkazishga qaratilgan milliy axborot resurslarini shakllantirish va rivojlantirish;
Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda, yoshlarning maʼnaviy, aqliy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashadigan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tahliliy, maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-taʼlim hamda boshqa axborotdan keng koʻlamda foydalanishni taʼminlash;
yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, har xil sport turlarini ommalashtirish;
respublika oʻquvchilari va yoshlari uchun masofaviy taʼlim usullarini, boshqa axborot-kommunikatsiya xizmatlarining keng kompleksini taʼlim tizimiga joriy etishda koʻmaklashish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (R. Qosimov) va Xalq taʼlimi vazirligi (T. Joʻrayev):
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 2-son, 25-modda, 13-son, 202-modda)
bir oy muddatda Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Kompyuter hamda axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy qilish “Oʻzinfokom” markazi tarkibida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi boʻlimlari bilan ilovaga* muvofiq “ZiyoNET” tarmogʻining Resurs markazini tashkil etsinlar;
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
shu yilning oxirigacha “ZiyoNET” tarmogʻining Resurs markazini tegishli ixtisosdagi yuqori malakali xodimlar bilan taʼminlasinlar;
“ZiyoNET” tarmogʻini shakllantirish va rivojlantirishni, shuningdek, Resurs markazi va boʻlimlarining tarmoq axborot resurslarini muntazam suratda jamlash va yangilash borasida samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, “ZiyoNET”ning kommunikatsiya tarmogʻini hamda texnik bazasini rivojlantirish uchun javobgarlik Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga, “ZiyoNET” tarmogʻi axborot resurslarining mazmunini shakllantirish uchun javobgarlik Oliy va oʻrta maxsus taʼlim va Xalq taʼlimi vazirliklari zimmalariga yuklanadi.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 2-son, 25-modda, 13-son, 202-modda)
4. Quyidagilar belgilansin:
mamlakat maktablari, akademik litseylari, kollejlari, oliy taʼlim muassasalari, yoshlar tashkilotlari, kutubxonalar, muzeylar hamda boshqa ilmiy-taʼlim va madaniy-maʼrifiy muassasalarini xalqaro axborot tarmoqlariga, shu jumladan Internet tarmogʻiga ulash faqat “ZiyoNET” tarmogʻi orqali amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
“ZiyoNET” tarmogʻi axborot resurslarini shakllantirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“ZiyoNET” tarmogʻidan foydalanuvchilarning xalqaro axborot tarmoqlari, shu jumladan Internet tarmogʻining axborot resurslariga kirishi ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi tomonidan belgilanadigan reyting koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
shaxsiy domen nomlarni roʻyxatga olish, axborot resurslarini “ZiyoNET” tarmogʻi Resurs markazining texnologik maydonchasida joylashtirish, saqlash va qoʻllab-quvvatlash, elektron pochta xizmatlari maktablar, akademik litseylar, kollejlar, oliy oʻquv yurtlari, yoshlar tashkilotlari, kutubxonalar, muzeylar hamda boshqa taʼlim, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalardagi foydalanuvchilarga bepul koʻrsatiladi.
5. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (A. Aripov):
uch hafta muddatda Milliy axborot-izlash tizimini shakllantirish va rivojlantirish Dasturini hisobga olgan holda, agressiv internet-kontentdan muhofaza qilish vositalarini oʻz ichiga olgan zarur dasturiy taʼminot bilan “ZiyoNET” tarmogʻi Resurs markazining yagona texnologik maydonchasini yaratish chora-tadbirlarining kompleks rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
bir oy muddatda “ZiyoNET” tarmogʻining Resurs markazi toʻgʻrisidagi nizomni, axborot resurslarini tasniflash Milliy reyting tizimi toʻgʻrisidagi nizomni, jamoa va yakka tartibda foydalanuvchilarni “ZiyoNET” tarmogʻiga ulash boʻyicha operatorlar hamda provayderlarga nisbatan texnik talablar va shartlarni, shuningdek, balogʻatga yetmagan farzandlari boʻlgan yakka tartibdagi foydalanuvchilarni tarmoqqa ulashning imtiyozli paketini joriy etish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki oy muddatda ilmiy-taʼlim va madaniy-maʼrifiy muassasalarga Internet xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning litsenziya bitimlariga xalqaro axborot tarmoqlari, shu jumladan Internet tarmogʻiga faqat “ZiyoNET” tarmogʻi orqali chiqish tashkil etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha shartlarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.
6. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (A. Aripov) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (R. Qosimov), Xalq taʼlimi vazirligi (T. Joʻrayev), Madaniyat va sport ishlari vazirligi (A. Azizxoʻjayev), “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati (B. Ubaydullayev), boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
“ZiyoNET” tarmogʻining oʻzbek va rus tillarida yoshlarga moʻljallangan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-taʼlim, madaniy-maʼrifiy va maʼlumot-tahliliy materiallardan iborat axborot resurslarini yaratish, rivojlantirish va jamlash dasturini;
mamlakat maktablari, akademik litseylari, kollejlari, oliy oʻquv yurtlari, yoshlar tashkilotlari, kutubxonalar, muzeylar va boshqa taʼlim, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalarni “ZiyoNET” tarmogʻiga ulash reja-jadvalini;
axborot resurslarini yaratish, ekspertizadan oʻtkazish va “ZiyoNET” tarmogʻining texnologik maydonchasida joylashtirish tartibini ishlab chiqsinlar va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
7. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Oldingi tahrirga qarang.
“ZiyoNET” tarmogʻi resurs markazining faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnika jihatdan taʼminlash, shuningdek, uning texnologik maydonchasini yaratish va rivojlantirishni, axborot resurslari shakllantirilishini moliyalashtirish Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-dekabrdagi PF-4910-sonli Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 2-son, 25-modda, 13-son, 202-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
“ZiyoNET” tarmogʻining Resurs markazi va uning boʻlimlari Davlat axborot tizimlarini tashkil etish va koʻllab-quvvatlash yagona integratori markazi, shuningdek Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkilotlari hamda korxonalari shtatidagi xodimlar hisobiga mutaxassislar bilan taʼminlanadi.
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3415-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2017-y., 07/17/3415/0345-son)
8. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (R. Qosimov) va Xalq taʼlimi vazirligi (T. Joʻrayev), Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (A. Aripov) bilan kelishilgan holda “ZiyoNET” tarmogʻi Resurs markazi boʻlimlarini joylashtirish, foydalanayotgan xonalar hamda koʻrsatilayotgan texnik, kommunal va boshqa xizmatlar uchun haq undirmasdan ularni zarur tashkiliy-texnika, anjomlar, aloqa vositalari bilan jihozlashni taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasiga (A. Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga (M. Xazratqulov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (K. Allamjonov) bilan birgalikda “ZiyoNET” axborot tarmogʻi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
10. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A. Aripov va R. Qosimov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-sentabr,
PQ-191-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 40-son, 305-modda; 2013-y., 45-son, 584-modda; 2017-y., 2-son, 25-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2017-y., 07/17/3415/0345-son; 18.04.2018-y., 06/18/5420/1081-son; 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)