Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING SOLIQ KODEKSIGA OʻZGARTIShLAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2005-yil 1-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2005-yil 3-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2005-yil 3-dekabrda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-138-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan 396-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, 4-5-songa ilova, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 5, 89-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 4-5, 74-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda, № 9, 310, 311, 312, 313-moddalar) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 6-modda birinchi qismining 6-bandi chiqarib tashlansin;
2) 7-modda birinchi qismining 5-bandidagi “savdo-sotiq qilish huquqi uchun yigʻim, shu jumladan ayrim turlardagi tovarlarni sotish huquqini beruvchi litsenziya yigʻimlari” degan soʻzlar “ayrim turlardagi tovarlar bilan savdo qilish huquqi uchun yigʻim” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 8-moddaning:
beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari daromad (foyda) soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi (tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) import qilish bundan mustasno), suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq, yer soligʻi, obodonlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish soligʻi, boshqa mahalliy soliqlar va yigʻimlar (mol-mulk soligʻi, ayrim turlardagi tovarlar bilan savdo qilish huquqi uchun yigʻim, yuridik shaxslarni roʻyxatga olganlik uchun yigʻim bundan mustasno) oʻrniga budjetga yalpi daromad soligʻi toʻlaydilar. Yalpi daromad soligʻi stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
oʻninchi qismidagi “ekologiya soligʻi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
4) 19-modda birinchi qismining:
ikkinchi xatboshisidagi “ekologiya soligʻi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklarning va boshqa moliya-kredit tashkilotlarining kreditlari uchun foiz toʻlovlari summalari, bundan banklarning va boshqa moliya-kredit tashkilotlarining investitsiya davrida kapital qoʻyilmalar tarkibiga kiradigan investitsiya uchun olgan kreditlari boʻyicha foizlar hamda toʻlov muddati oʻtgan va uzaytirilgan ssudalar boʻyicha foizlar mustasno”;
toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
beshinchi — yigirmanchi xatboshilari tegishincha toʻrtinchi — oʻn toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
5) 271-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“271-modda. Zararlarni taqsimlab oʻtkazish
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan, chegirib tashlanishi lozim boʻlgan xarajatlarning jami daromaddan oshib ketishi zarar deb eʼtirof etiladi.
Soliq toʻlovchi koʻrilgan zararlarni zarar koʻrilgan hisobot yilidan keyingi besh yil muddat davomida taqsimlab oʻtkazishni amalga oshirishga haqlidir.
Oʻtgan hisobot yilida yoki oʻtgan hisobot yillarida ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan zararga (zararlarga) ega boʻlgan daromad (foyda) soligʻi toʻlovchilar joriy yildagi soliq solinadigan daromadni (foydani) koʻrilgan zararlarning toʻliq summasiga yoki ushbu summaning bir qismiga kamaytirishga haqlidir.
Taqsimlab oʻtkazilayotgan zararning har bir navbatdagi yilda hisobga olinadigan jami summasi ushbu Kodeksga muvofiq hisoblab chiqarilgan joriy yildagi soliq solinadigan daromadning (foydaning) 50 foizidan oshmasligi kerak.
Soliq solinadigan baza oʻrni qoplanishi kerak boʻlgan zarar summasi miqdoriga faqat yil yakunlari boʻyicha kamaytirilishi mumkin.
Birdan ortiq kalendar yilda koʻrilgan zararlar ular koʻrilgan ketma-ketlikda taqsimlab oʻtkaziladi.
Soliq toʻlovchining daromad (foyda) soligʻidan ozod qilingan davrdagi zararlari keyingi davrlarga taqsimlab oʻtkazilishi mumkin emas”;
6) 30-modda jadvalining birinchi xatboshisidagi “15” raqami “10” raqami bilan almashtirilsin;
7) 55-modda birinchi qismining jadvali quyidagi tahrirda bayon etilsin:
| Jami daromad miqdori | Soliq summasi |
| eng kam ish haqining besh baravari miqdorigacha | daromad summasining 13 foizi |
| eng kam ish haqining besh baravari miqdoridan (+1 soʻm) oʻn baravari miqdorigacha | eng kam ish haqining besh baravari miqdoridan olinadigan soliq + besh baravaridan oshadigan summaning 20 foizi |
| eng kam ish haqining oʻn baravari miqdoridan (+1 soʻm) va undan yuqori miqdoridan | eng kam ish haqining oʻn baravari miqdoridan olinadigan soliq + oʻn baravaridan oshadigan summaning 29 foizi |
8) 72-moddaning:
uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi — yettinchi xatboshilari tegishincha uchinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
9) IX boʻlim chiqarib tashlansin.
2-modda. Ushbu Qonun 2006-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 27-dekabr,
OʻRQ-17-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 52-son, 383-modda)