Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI ATAMAShUNOSLIK QOʻMITASINING FAOLIYATINI TUGATISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 9-dekabrdagi PF-3358-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qoʻmitasi belgilangan tartibda tugatilsin.
2. Atamashunoslikka oid ishlarni tartibga solishni muvofiqlashtirish va ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish vazifasi “Davlat tili haqida”gi Qonunni joriy etish komissiyasi zimmasiga yuklansin.
3. Atamashunoslik qoʻmitasining faoliyatini tugatish komissiyasi tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Komissiyaga bir oy muddatda Atamashunoslik qoʻmitasining tugatilishi bilan bogʻliq masalalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqish va hal etish vazifasi topshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Atamashunoslik qoʻmitasini tugatish komissiyasi faoliyati yakuniga qadar qoʻmitani tugatish bilan bogʻliq qonunda belgilangan xarajatlarni moliyalashtirishni taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qoʻmitasining tugatilayotganligi munosabati bilan boʻshayotgan xodimlarni belgilangan tartibda ish joyi bilan taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1989-yil 26-dekabrdagi 405-r-son farmoyishi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 30-martdagi 119-f-son va 1994-yil 26-avgustdagi 334-f-son farmoyishlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2003-yil 23-dekabr,
562-son