Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNING AMALGA OShIRILIShI USTIDAN MONITORING QILISh MARKAZINI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 17-iyundagi PQ-1555-sonli “Davlat organlari faoliyatida qonuniylikni taʼminlash sohasida adliya organlarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Shakllantirilayotgan huquqiy, qonunchilik bazasining va huquqni qoʻllash amaliyotining mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash maqsad va vazifalariga muvofiqligini taʼminlash ustidan monitoring qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) tashkil qilinsin.
2. Belgilansinki, Markaz:
yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziriga hisobot beradigan mustaqil axborot-tahlil muassasasi hisoblanadi;
adliya vazirining oʻrinbosari — direktor rahbarligi ostida faoliyat koʻrsatadi;
respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
3. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
mamlakatning qonun ijodkorligi, huquqiy bazasini rivojlantirish va isloh qilishni, uning jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalashning ustuvor maqsad va vazifalariga muvofiqligini tizimli tahlil qilish;
sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, gumanitar hamda boshqa faoliyat sohalarida demokratik oʻzgartirishlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash dasturlarining vazirliklar va idoralar tomonidan bajarilishini monitoring qilish, ularning amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha talablarga, xalqaro normalar va standartlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligini baholash;
huquqni qoʻllash amaliyotini tizimli tahlil etish, yangilanayotgan va yangi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, shu jumladan prokuratura va sudlovni amalga oshirish organlari, Adliya vazirligi boʻlinmalari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida qay darajada amalga oshirilayotganligi ustidan doimiy nazorat olib borish;
jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalashning maqsad va vazifalarini hisobga olgan holda islohotlarning huquqiy, qonunchilik bazasini yangilash va rivojlantirish, huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, huquqiy tartibga solishning yaxlitligi, tizimliligini, qonunchilik normalarining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
4. Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazining tuzilmasi, shtat jadvali va Nizomi 1, 1a va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Markaz xodimlarining cheklangan umumiy soni 34 birlikdan iborat, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni — Adliya vazirligi markaziy apparati boshqaruv xodimlari sonini 12 birlikka qisqartirish va Markazga qoʻshimcha 22 ta shtat birligi ajratish hisobiga 28 birlikdan iborat etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziriga belgilangan cheklangan xodimlar soni va mehnat haqi fondi doirasida Markazning tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Markaz xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xodimlari uchun belgilangan mehnat haqi shartlari tadbiq etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (R. Azimov) 2006-yildan boshlab har yili davlat budjetining xarajatlarida Markazni taʼminlash, texnik jihozlash uchun mablagʻlarni nazarda tutsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (B. Mustafoyev):
Toshkent shahar hokimligi (A. Toʻxtayev) bilan birgalikda bir oy muddatda Markazning joylashtirilishi va obodonlashtirilishini taʼminlasin;
Markazni ofis mebeli, kompyuter texnikasi hamda uning ishini tashkil etish uchun zarur boʻlgan boshqa moddiy-texnikaviy vositalar bilan jihozlash chora-tadbirlarini amalga oshirsin;
ikki oy muddatda Hukumatning qonun hujjatlari loyihalariga oid ish rejalarini tayyorlash va qabul qilish hamda uning ijrosini monitoring qilish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi (A. Aripov) bir oy muddatda Markazni belgilangan tartibda zarur aloqa turlari va vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan, shuningdek Internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
9. Markaz:
Oliy Majlis palatalarining qonunlari, qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari bir nusxadan yuborilishi majburiy boʻlgan tashkilotlar roʻyxatiga;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, moliya, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ichki ishlar vazirliklari, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat mulki qoʻmitasi, Bosh prokuraturasi, Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi, boshqa vazirliklar va idoralarning statistika axboroti yuborilishi majburiy boʻlgan reyestrga kiritilsin.
10. Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A. Xudoybergenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 15-dekabr,
PQ–237-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 49-50-son, 368-modda)