Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AXBOROTLASHTIRISH SOHASIDA NORMATIV-HUQUQIY BAZANI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 7-maydagi 215-son qarorini bajarish yuzasidan va “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Davlat axborot resurslarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Davlat organlarining axborot tizimlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi belgilangan tartibda:
Keyingi tahrirga qarang.
uch oy muddatda bazaviy davlat axborot resurslarini ham oʻz ichiga oladigan davlat axborot resurslarining roʻyxatini hamda davlat axborot resurslarini shakllantirish, ulardan foydalanish va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul boʻlgan davlat organlari roʻyxatini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
bir oy muddatda axborotni hujjatlashtirish, davlat axborot resurslarini hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish tartibini tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 22-noyabr,
256-son
Davlat axborot resurslarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom davlat organlarida axborotni hujjatlashtirishga, davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishga qoʻyiladigan asosiy talablarni belgilaydi.
I. Davlat axborot resurslariga kiritiladigan axborotni hujjatlashtirishga qoʻyiladigan asosiy talablar
1. Hujjatlashtirilgan axborot mulk huquqi obyekti hisoblanadi va tegishli rekvizitlar bilan birgalikda axborot manbaida qayd etilgan alohida hujjat yoki jami hujjatlar shaklida, shu jumladan elektron hujjat shaklida boʻladi.
2. Axborotni hujjatlashtirish axborotni davlat axborot resurslariga kiritishning majburiy sharti hisoblanadi.
Davlat axborot resurslarida hujjatlashtirilgan axborot tizimlashtirilishi, tasniflanishi va tegishli rekvizitlar bilan taʼminlanishi kerak.
3. Davlat axborot resurslari tarkibiga kiritish uchun axborotni hujjatlashtirish tartibi aloqa va axborotlashtirish sohasidagi maxsus vakolatli organ — Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilar hujjatlashtirilgan axborotning asosiy rekvizitlari hisoblanadi:
hujjatning nomi;
axborotning nomi yoki egasi;
axborot manbai;
paydo boʻlishi va hujjatlashtirish sanasi va vaqti;
foydalanish tartibi;
tizimlashtirish va tasniflash uchun zarur boʻlgan boshqa rekvizitlar.
5. Hujjatlashtirilgan axborot muhofaza qilinishini taʼminlash chora-tadbirlari hujjatlashtirilgan axborotning mulkdori yoki egasi tomonidan, axborot resursiga kiritilgan hujjatlashtirilgan axborot muhofaza qilinishini taʼminlash chora-tadbirlari esa — axborot resursining mulkdori yoki egasi tomonidan belgilanadi.
6. Axborotni davlat axborot resurslari tarkibiga kiritishda tasniflash hisobga olingan holda va belgilangan rekvizitlar boʻyicha izlash imkoniyati taʼminlanishi zarur.
7. Davlat axborot resurslaridagi axborot matnli, grafikli, ovozli, video va multimediy (matnli, grafikli, ovozli va videoformatlar kombinatsiyasi) shakllarda taqdim etilishi mumkin.
II. Davlat axborot resurslarini shakllantirish tartibi
8. Davlat axborot resurslari foydalanishiga qarab:
bazaviy davlat axborot resurslariga;
maxsus davlat axborot resurslariga boʻlinadi.
9. Barcha davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ularga berilgan vakolatlar doirasida umumiy foydalanish uchun moʻljallangan axborot resurslari bazaviy davlat axborot resurslari hisoblanadi.
10. Bazaviy davlat axborot resurslari tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi davlat axborot resurslari boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari boʻyicha, Oʻzbekistonning tabiiy resurslari boʻyicha, davlat organlarining veb-saytlari boʻyicha va umumiy foydalaniladigan boshqa axborot resurslari boʻyicha maʼlumotlar bazasi kiradi.
11. Boshqa axborot resurslarini bazaviy davlat axborot resurslari tarkibiga kiritish, shuningdek ularni shakllantirish, ulardan foydalanish va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun masʼullarni belgilash Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning takliflari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning tor kasbiy, oʻziga xos vazifalarini hal etishga moʻljallangan, foydalanilishi cheklab qoʻyilgan axborot resurslari maxsus davlat axborot resurslari hisoblanadi.
13. Maxsus davlat axborot resurslari tarkibiga:
idoralar, hududiy boshqaruv va hokimiyat organlarining;
davlat budjet mablagʻlari hisobiga tashkil etilgan yuridik va jismoniy shaxslarning;
yuridik va jismoniy shaxslarning davlat sirlari va maxfiy axborotga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan axborot resurslari kiradi.
14. Maxsus davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishni taʼminlash ular tashkil etilishi uchun masʼullar tomonidan amalga oshiriladi hamda vazirliklar, idoralar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
15. Davlat axborot resurslari oʻzaro va tegishli xalqaro axborot resurslari bilan axborot-texnologik moslikni taʼminlashi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Davlat axborot resurslarini shakllantirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Davlat axborot resurslarini shakllantirish tartibi Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bilan kelishuv boʻyicha ularni shakllantirish, ulardan foydalanish va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul boʻlgan tegishli davlat organlari tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Davlat axborot resurslarini shakllantirishda tomonlarning kelishuvi asosida yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarning axborot resurslaridan foydalanilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Hujjatlashtirilgan axborotni davlat organlariga majburiy tartibda taqdim etadigan shaxslar unga va undan foydalanishga boʻlgan oʻz huquqlarini yoʻqotmaydilar.
19. Davlat axborot resurslari hisobga olinishi va roʻyxatdan oʻtkazilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat axborot resurslarini hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish belgilangan tartibda Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Davlat axborot resurslaridan foydalanish tartibi unda joylashtiriladigan axborotning xususiyatiga va uning vazifasiga (hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan va erkin foydalanilishi cheklab qoʻyilgan) qarab belgilanadi.
Bunda foydalanuvchini autentifikatsiya qilmasdan va hisobga olmasdan hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan davlat axborot resurslaridan erkin foydalanish imkoni beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Erkin foydalanishi cheklab qoʻyilgan davlat axborot resurslaridan foydalanishda foydalanuvchining harakatlarini hisobga olish, identifikatsiyalash va autentifikatsiya qilish majburiy hisoblanadi.
Harakatlarni hisobga olish, identifikatsiyalash va autentifikatsiya qilish usullari normativ hujjatlarga muvofiq tegishli davlat axborot resurslarini shakllantirish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari tomonidan belgilanadi.
Davlat organining rasmiy saytiga qoʻyiladigan asosiy talablar mazkur Nizomga ilovada keltirilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Davlat axborot resurslarini shakllantirishda:
taqdim etiladigan axborotning ishonchliligi va toʻliqligi;
jismoniy va yuridik shaxslarning axborotdan foydalanish erkinligiga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish;
axborot xavfsizligi;
axborotning davlat organlari tomonidan foydalanishi uchun shart-sharoitlar;
davlat axborot resurslarining axborot-texnologik mosligi;
davlat axborot resurslarini arxivlashtirish tizimi taʼminlanishi kerak.
Davlat axborot resurslari mazkur Nizom va boshqa normativ hujjatlar talablariga muvofiq shakllantirilishi kerak.
III. Davlat axborot resurslarining axborot xavfsizligini taʼminlash
22. Davlat axborot resurslari mazkur Nizom va boshqa normativ hujjatlar talablariga muvofiq muhofaza qilinishi kerak.
23. Davlat axborot resurslari axborot xavfsizligi axborotni muhofaza qilishning kompleks tashkiliy-texnik chora-tadbirlari va dasturiy-apparat vositalarini oʻz ichiga oluvchi tizim bilan taʼminlanishi kerak.
Davlat axborot resurslarining axborot xavfsizligini taʼminlash tizimi davlat organining oʻz axborot resurslarini muhofaza qilishga yondashuvini aks etiruvchi xavfsizlik siyosatiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
24. Tashkiliy chora-tadbirlar yuridik va jismoniy shaxslarni davlat axborot resurslarini tashkil etish, shakllantirish, ulardan foydalanish va ularni qoʻllab-quvvatlashga jalb etish tartibini boshqaradigan xatti-harakatlar va talablar roʻyxatini oʻz ichiga olishi kerak.
25. Davlat sirlari hamda maxfiy axborotga tegishli deb hisoblangan davlat axborot resurslarini shakllantirish va ularga xizmat koʻrsatish ishlari ularni shakllantirish, ulardan foydalanilishi va ularning qoʻllab-quvvatlanishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari tomonidan bajarilishi kerak.
Zaruriyat boʻlganda, maxfiy axborotga ega boʻlgan davlat axborot resurslarini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash uchun belgilangan tartibda yuridik shaxslarni jalb etishga yoʻl qoʻyiladi.
26. Davlat axborot resurslarini muhofaza qilishning dasturiy-apparat vositalari:
axborot xavfsizligiga tahdidni aniqlash va uning oldini olishni;
shakllantirish, foydalanish, ishlash, berish va saqlashda maʼlumotlarning yaxlitligini;
ruxsat berilmagan erkin foydalanishdan muhofaza qilishni, axborot resurslariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishni;
maʼlumotlarni zaxiralashtirish va tiklash tizimini;
axborot xavfsizligini taʼminlash tizimining yaxlitligi va ish qobiliyati nazorat qilinishini taʼminlashi kerak.
27. Davlat axborot resurslarining axborot xavfsizligini taʼminlash tizimida foydalaniladigan axborotni muhofaza qilishning dasturiy-texnik vositalari litsenziyali va sertifikatlashtirilgan boʻlishi kerak.
IV. Davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan davlat organlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
28. Davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari:
davlat axborot resurslaridan erkin foydalanish va foydalanish tartibini belgilash;
davlat axborot resurslarini shakllantirish uchun hujjatlashtirilgan axborotni taqdim etishni oʻz vakolatlari doirasida yuridik va jismoniy shaxslardan talab qilish;
davlat axborot resurslarini shakllantirishda yuridik va jismoniy shaxslarning axborot resurslaridan qonunda belgilangan tartibda foydalanish;
davlat axborot resurslaridan foydalanilganligi uchun toʻlov miqdorini aniqlash va belgilash huquqiga egadir.
Davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida:
davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish, shu jumladan majburiy taqdim etiladigan axborot taqdim etilishi, toʻplanishi va ishlov berilishi tashkil etilishi boʻyicha faoliyatni tashkil etishga;
davlat axborot resurslari muhofaza qilinishini, ularning holati, saqlanishi va ulardan foydalanish nazorat qilinishini tashkil etishga;
mazkur Nizomga va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat axborot resurslarini shakllantirish, ulardan foydalanish va erkin foydalanishni tashkil etishga qoʻyiladigan talablarga rioya qilishga;
Keyingi tahrirga qarang.
intellektual mulk muhofaza qilinishini taʼminlashga;
barchaning erkin foydalanishi mumkin boʻlgan davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan, shu jumladan Internet tarmogʻi orqali erkin foydalanish imkoniyatini berish boʻyicha tartibni jismoniy va yuridik shaxslar eʼtiboriga yetkazishga majburdir.
Davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
30. Davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari:
davlat axborot resurslariga taqdim etilgan axborotning ishonchliligi va toʻliqligi;
axborot bilan ishlash, davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish qoidalari buzilganligi, axborot ayirboshlashda huquqqa zid xatti-harakatlar sodir etilganligi;
jismoniy shaxslarning shaxsiga taalluqli maʼlumotlar toʻgʻrisidagi axborot tarqatilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat axborot resurslari muhofaza qilinishi taʼminlanishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish uchun masʼul boʻlgan davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha tarzda ham javobgar boʻlishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
31. Davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda yuridik va jismoniy shaxslar:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat axborot resurslarini tashkil etish, shakllantirish, qoʻllab-quvvatlash va saqlash;
Keyingi tahrirga qarang.
barchaning erkin foydalanishi mumkin boʻlgan davlat axborot resurslarini shakllantirishda oʻz axborot resurslaridan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning axborot resurslaridan qonunda belgilangan tartibda foydalanish;
barchaning erkin foydalanishi mumkin boʻlgan davlat axborot resurslarini shakllantirish uchun foydalaniladigan axborot tizimining texnik vositalarini ishlatish huquqiga egadir.
Yuridik va jismoniy shaxslar davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Yuridik va jismoniy shaxslar davlat axborot resurslarini shakllantirishda va ulardan foydalanishda:
axborotni hujjatlashtirish, davlat axborot resurslarini shakllantirish, ulardan foydalanish va erkin foydalanishni tashkil etish tartibiga va ular boʻyicha talablarga rioya qilishga;
davlat axborot resurslarining axborot xavfsizligini taʼminlashga;
davlat axborot resurslarini shakllantirish va ularning mavjud boʻlishini taʼminlashda litsenziyali dasturlardan va sertifikatlashtirilgan texnik vositalardan foydalanishga majburdir.
Yuridik va jismoniy shaxslar davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Yuridik va jismoniy shaxslar davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda:
axborot bilan ishlash, davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish qoidalari buzilganligi;
davlat axborot resurslaridagi axborotning oʻgʻirlanishi, yoʻqotilishi, buzib talqin etilishi, toʻsib qoʻyilishi, qalbakilashtirilishi;
mualliflik huquqi va intellektual mulk boʻyicha qonun hujjatlari buzilishi uchun javobgar boʻladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslar davlat axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanishda qonun hujjatlariga muvofiq boshqacha tarzda ham javobgar boʻlishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat organining rasmiy saytiga qoʻyiladigan
ASOSIY TALABLAR
ASOSIY TALABLAR
1. Davlat organining rasmiy saytiga joylashtirilishi majburiy boʻlgan axborotlar roʻyxati
1.1. Davlat organining rasmiy saytiga joylashtirilishi majburiy boʻlgan axborotlarga quyidagilar kiradi:
a) davlat organining huquqiy maqomini, shu jumladan davlat organining, uning boʻlinmalari va idoraviy mansub tashkilotlarining tashkiliy tuzilmasi, funksiyalari va vazifalarini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar;
b) davlat organi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar;
v) davlat organining normativ-huquqiy hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
g) Hukumat va davlat organlari tomonidan davlat organi faoliyati sohasida qabul qilingan dasturlar toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar (nomi, maqsadi, asosiy vazifalari, buyurtmachilari, bosh ijrochilari, amalga oshirish muddatlari va kutilayotgan natijalar);
d) davlat organi tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar (majlislar, yigʻilishlar, uchrashuvlar, matbuot konferensiyalari, seminarlar va brifinglar, “davra suhbatlari”, rasmiy tashriflar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, davlat organining kundalik faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborotlar;
e) davlat organining davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
j) amalga oshirilishida davlat organi ishtirok etadigan xalqaro shartnomalar toʻgʻrisidagi axborotlar;
z) davlat organi faoliyati sohasiga kiradigan tarmoqning ahvolini, shu jumladan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hamda uning rivojlanish dinamikasini tavsiflaydigan asosiy koʻrsatkichlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
i) davlat organi, uning tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan tovarlar yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish) boʻyicha ochiq tanlovlar (tenderlar) va kimoshdi savdolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
k) boʻsh ish oʻrinlari va ishga qabul qilish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
l) rasmiy saytning axborot materiallaridan foydalanishda unga havolalar majburiy koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi talab;
m) davlat organi rasmiy saytda joylashtirishni zarur deb hisoblaydigan umumiy foydalaniladigan boshqa axborotlar va maʼlumotlar.
1.2. Davlat organi tomonidan rasmiy sayt orqali koʻrsatiladigan bazaviy axborot xizmatlari roʻyxatiga quyidagilar majburiy tartibda taqdim etiladi:
a) davlat organi rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, biografik maʼlumotlar va ular bilan bogʻlanish maʼlumotlari, fuqarolarni qabul qilish kunlari);
b) davlat organining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash boʻlinmalarining telefon raqamlari va manzil rekvizitlari (pochta, elektron manzili va boshqalar), ularning ish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, maʼlumotlar berish xizmati va ishonch telefonlarining raqamlari;
v) davlat organi tomonidan qabul qilinadigan arizalar, blankalar va statistik hisobotlar shakllari;
g) fuqarolarning arizalari, shikoyatlari va boshqa murojaatlarini qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborotlar;
d) davlat organi faoliyati toʻgʻrisidagi tahliliy maʼruzalar va axborot tusidagi sharhlar;
e) davlat organi rahbarlarining rasmiy nutqlari va bayonotlari matnlari;
j) davlat organining rasmiy statistik axborotlari;
z) boshqa tegishli saytlarga havolalar;
i) elektron-raqamli imzo qoʻllanishiga koʻra yuridik va jismoniy shaxslardan hisobotlar, xatlar, arizalar, shikoyatlar va boshqa shakldagi murojaatlarni qabul qilish imkoniyati.
1.3. Rasmiy saytda boshqa manbalardan axborotlarni joylashtirishga faqat axborot manbai koʻrsatilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
2. Rasmiy saytga qoʻyiladigan talablar
2.1. Rasmiy saytga joylashtirilgan asosiy axborotlardan foydalanish erkin va bepul boʻlishi kerak.
Bazaviy axborot xizmatlaridan tashqari, davlat organi rasmiy sayt orqali qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, pulli asosda qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishi mumkin.
2.2. Rasmiy saytga joylashtirilayotgan axborotlarning sanasi koʻrsatilishi va ular muntazam yangilab borilishi kerak. Axborotlarni yangilab borish muddati davlat organi tomonidan belgilanadi, biroq axborotlar bir haftada kamida bir marta yangilanib borishi kerak.
Davlat organining normativ-huquqiy hujjatlari ushbu organning rasmiy saytga hujjatlar Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin ikki kundan kechikmay joylashtirilishi kerak.
2.3. Davlat organi rasmiy saytdagi axborotlarni shakllantirish, joylashtirish, shuningdek yangilab borish uchun masʼul boʻlgan shaxs (boʻlinma)ni buyruq bilan belgilaydi.
2.4. Davlat organining rasmiy sayti “.UZ” domen zonasida hamda Internet tarmogʻidagi Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portalida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida server (xosting)da fizik jihatdan joylashtirilishi kerak.
2.5. Rasmiy saytga axborot davlat tilida taqdim etilishi kerak. Rasmiy sayt axborotlari boshqa tillarda ham boʻlishi mumkin.
2.6. Davlat organi oʻzining rasmiy saytida joylashtirilgan axborotlarning yoʻq qilinishi, toʻsib qoʻyilishi, buzib talqin qilinishi, qalbakilashtirilishi va soxtalashtirilishining hamda boshqa shakllardagi ruxsatsiz aralashuvlarning oldini olish boʻyicha tegishli muhofaza chora-tadbirlarini koʻrishi kerak.
3. Rasmiy sayt axborotlari tarkibiga qoʻyiladigan talablar
3.1. Rasmiy sayt axborotlari tarkibi uning faoliyati xolisona yoritilishini taʼminlashi kerak.
3.2. Rasmiy saytga joylashtirilgan axborot ishonchli boʻlishi kerak. Davlat organi rahbarlari rasmiy saytga joylashtiriladigan axborotlarning ishonchliligi uchun javobgar boʻladilar.
3.3. Rasmiy saytga joylashtiriladigan axborot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan axborot bilan teng kuchga ega boʻladi.
3.4. Rasmiy saytda davlat sirlariga taalluqli va qonun hujjatlarida taqiqlangan boshqa axborotlar boʻlmasligi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining axborot tizimlarini yaratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom davlat organlarining axborot tizimlariga umumiy talablarni, ularni yaratish tartibiga talablarni, shuningdek axborot tizimlarini yaratishda davlat organlarining vazifalarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Davlat organlarining axborot tizimi axborotlarni toʻplash, saqlash, qidirish, ishlash va ulardan foydalanishga imkon beradigan davlat axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalarining tashkiliy jihatdan tartibga solingan yigʻindisi hisoblanadi.
2. Davlat organlarining axborot tizimlari Oʻzbekiston Respublikasi milliy axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.
3. Davlat organlarining axborot tizimini yaratishning maqsadi ularning faoliyati samaradorligini oshirish, ular tomonidan koʻrsatiladigan axborot xizmatlari spektrini kengaytirish, kompyuter texnologiyalarining zamonaviy yutuqlarini qoʻllanish hisobiga davlat boshqa organlari, xoʻjalik yurituvchi birlashmalar, yuridik va jismoniy shaxslar bilan axborot boʻyicha oʻzaro hamkorlikni tashkil etishdan iboratdir.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Axborot resurslarini taqsimlash va ulardan foydalanishni nazorat qilish, yangi ehtiyojlarni oʻz vaqtida qondirish hamda paydo boʻlayotgan imkoniyatlarni tezda baholash, shuningdek davlat organining barcha tarkibiy boʻlinmalari faoliyatining samaradorligi, boshqaruvchanligini oshirish, uni muvofiqlashtirish orqali boshqaruvda zarur dinamizm darajasiga erishish davlat axborot tizimidan foydalanishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Davlat organlarining axborot tizimlariga asosiy talablar
5. Davlat organlarining axborot tizimlari:
umumiy foydalaniladigan davlat axborot resurslaridan kafolatli va xavfsiz foydalana olishni;
davlat axborot resurslarini qidirish, toʻplash, ishlash va saqlash imkoniyatini;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat organlariga mahalliy va global axborot resurslaridan foydalanish imkoniyati berishni;
Keyingi tahrirga qarang.
dasturiy-apparatning ishonchli ishlashi va ularning uzilishlarga, shu jumladan foydalanuvchilarning tartibsiz ishlashi hollariga chidamliligini;
foydalanuvchilar oʻrtasida maʼlumotlarni tezkorlik bilan va xavfsiz ayirboshlashni;
apparat va dasturiy vositalarni modernizatsiya qilish, tizimni yangi komponentlar bilan boyitish yoʻli bilan yanada kengaytirish imkoniyatini;
davlat organlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari bilan bogʻliq boshqa funksiyalarni taʼminlashi kerak.
6. Davlat organlarining axborot tizimlari quyidagilardan iborat boʻladi:
davlat organlari tomonidan oʻzlarining asosiy vazifalari va funksiyalarini bajarishni qoʻllab-quvvatlashni taʼminlaydigan tranzaksion va hisobga olish tizimlari;
davlat organlari axborot tizimlari oʻrtasida idoralararo axborot boʻyicha oʻzaro hamkorlik tizimlari;
davlat organlari faoliyatida amaliy jarayonlar va maʼmuriy reglamentlarning qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlaydigan resurslarni boshqarish tizimlari;
davlat organlari tomonidan oʻzlarining asosiy vazifalari va funksiyalarini bajarish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, ishlash, saqlash va tahlil qilishni taʼminlaydigan axborot-tahlil tizimlari;
elektron hujjatlar aylanishi tizimlari;
hujjatlarning elektron arxivlarini boshqarish tizimlari;
foydalanishni boshqarish tizimlari (shu jumladan infratuzilma komponentlarini boshqarish tizimlari);
jismoniy va yuridik shaxslar bilan oʻzaro hamkorlik qilishning Internet yoki boshqa aloqa kanallari orqali, shu jumladan telefon xizmati koʻrsatish portallari va markazlari orqali davlat organlari tomonidan axborotlar berilishini taʼminlaydigan tizimlari;
Keyingi tahrirga qarang.
axborot xavfsizligini taʼminlash tizimlari;
davlat organlari xodimlari tomonidan oʻzlarining kundalik faoliyatida hujjatlarni tayyorlash va axborotlar almashish uchun foydalaniladigan idora tizimlari.
7. Davlat organlarining axborot tizimlari ishonchli va barqaror faoliyat koʻrsatish talablariga javob berishi kerak.
8. Davlat organlarining axborot tizimlari quyidagi prinsiplar asosida yaratilishi kerak:
axborotlarning foydalanishga qulayligi, ishonchliligi, toʻliqligi va ularning oʻz vaqtida berilishi;
maxfiylik — axborotlar tizimi axborot resurslaridan foydalanuvchilarga berilgan vakolatlar doirasida foydalanishning cheklanishini taʼminlash;
oshkoralik — boshqa axborot tizimlari va milliy axborot tizimlari bilan integratsiyalanish imkoniyati;
Keyingi tahrirga qarang.
koʻlamlilik — axborotlar tizimlari tarkibiga dasturiy — apparat vositalarini qoʻshish, modernizatsiya qilish va shu kabi yoʻllar bilan axborot tizimlarining funksional imkoniyatlarini yanada kengaytirish imkoniyati;
himoyalanganlik — axborot tizimlari tarkibiga kiruvchi axborot resurslarining saqlanishini va yaxlitligini taʼminlash.
III. Davlat organlarining axborot tizimlarini yaratish
9. Davlat organlarining axborot tizimlari davlat budjeti mablagʻlari, davlat organlarining budjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga yaratiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Davlat organlarining axborot tizimlarini yaratish jarayonida buyurtmachi, ishlab chiquvchi, yetkazib beruvchi, bosh loyihalovchi tashkilotlar, turli qismlarni loyihalash, montaj qilish, sozlash tashkilotlari va boshqa tashkilotlar qatnashishi mumkin.
11. Davlat organlarining axborot tizimlarini yaratish quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi: talablarni shakllantirish, konsepsiyani, texnik topshiriqni, eskiz va texnik loyihalarni ishlab chiqish, ishchi hujjatlarni tuzish, ishga tushirish va kuzatib borish.
12. Har qaysi bosqichdagi ishlarning mazmuni va axborot tizimlarini yaratish qatnashchilarining vazifalarini taqsimlash tegishli standartlar bilan belgilanadi.
13. Davlat organlarining axborot tizimlari texnik hujjatlari Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organiga — Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga ekspertiza uchun taqdim etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi ekspertizani bir oy muddatda, zaruriyatga koʻra, manfaatdor vazirliklar va idoralarning mutaxassislarini jalb etgan holda oʻtkazadi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Davlat organlarining axborot tizimlari loyihalari ekspertizasi:
axborot tizimiga qaror bilan tavsiya etilayotgan vazifalarni bajarish imkoniyati;
Keyingi tahrirga qarang.
loyihaning amaldagi normativ hujjatlarga muvofiqligi;
milliy axborot tizimi bilan oʻzaro hamkorlikning taʼminlanishi;
axborot xavfsizligining taʼminlanishi yuzasidan oʻtkaziladi.
16. Davlat organlarining axborot tizimlarini yaratish va moliyalashtirish faqat ijobiy ekspert xulosasi olingandan keyin amalga oshiriladi.
17. Axborot tizimlarini yaratish ishlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Davlat organlarining axborot tizimlarini foydalanishga topshirish qabul qilib olish boʻyicha maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi, uning tarkibiga Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning kamida 3 nafar vakili, ularning kasb boʻyicha tajribasini va axborot texnologiyalari sohasidagi koʻnikmalarini hisobga olgan holda kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Davlat organlarining axborot tizimlari majburiy ravishda hisobga olinadi va roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining axborot tizimlarini hisobga olish va roʻyxatdan oʻtkazish Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Davlat organlari axborot tizimlarining axborot xavfsizligini taʼminlash
20. Davlat organlarining axborot tizimlari ushbu Nizom va boshqa normativ hujjatlar talablariga muvofiq himoya qilinadi.
21. Davlat organlarining axborot tizimlarida axborot xavfsizligi axborotlarni himoya qilishning tashkiliy-texnik chora-tadbirlar kompleksini hamda dasturiy-apparat vositalarini oʻz ichiga oladigan tizim bilan taʼminlanishi kerak.
22. Tashkiliy chora-tadbirlar yuridik va jismoniy shaxslarni davlat organlarining axborot tizimlarini loyihalash, yaratish va ulardan foydalanish hamda ularni qoʻllab-quvvatlashga jalb etishni tartibga soluvchi harakatlar va talablar roʻyxatidan iborat boʻladi.
23. Davlat sirlariga yoki maxfiy axborotlarga mansub axborotlarni ishlaydigan axborot tizimlarini yaratish ishlari ularni yaratish va qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul boʻlgan davlat organlari tomonidan bajarilishi kerak.
Zarurat boʻlganda, davlat organlarining axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash uchun maxfiy axborotlarni ishlaydigan yuridik shaxslarni belgilangan tartibda jalb etishga yoʻl qoʻyiladi.
24. Davlat organlarining axborot tizimlarida qoʻllanadigan axborotlarni himoya qilishning dasturiy-texnik vositalari litsenziyalangan, sertifikatlangan boʻlishi va quyidagilarni:
himoya qilinadigan axborot resurslarni identifikatsiyalashni;
axborot tizimidan foydalanuvchilarni autentifikatsiya qilishni;
tizimda aylanayotgan axborotlarning maxfiyligini;
maʼlumotlarni asl nusxada ayirboshlashni;
axborotlarni shakllantirish, uzatish, foydalanish, ishlash va saqlashda maʼlumotlarning yaxlitligini;
normal foydalanish sharoitlarida tizimdagi barcha resurslardan ruxsat bilan foydalanishni;
foydalanuvchilarning axborot tizimi resurslaridan foydalanishi chegaralanishini;
boshqaruvni (axborot tizimlari resurslaridan foydalanish huquqlarini belgilash, roʻyxatga olish daftarlaridagi axborotlarni ishlash, himoya tizimini oʻrnatish va olib tashlash);
foydalanuvchilarning kirish va chiqish harakatlarini, shuningdek axborot tizimi resurslaridan foydalanish huquqlari buzilishlarini roʻyxatga olishni;
axborot xavfsizligini taʼminlash tizimining butligi va ish qobiliyatini nazorat qilishni;
favqulodda vaziyatlarda tizimning xavfsiz va uzluksiz ishlashini taʼminlashi kerak.
25. Foydalanuvchilarning axborotlarni himoya qilishning kriptografik vositalaridan, shu jumladan elektron — raqamli imzo vositalaridan foydalangan holda davlat organlarining axborot tizimidagi ishlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Davlat sirlariga yoki maxfiy axborotga ega boʻlgan axborotlarni ishlash uchun moʻljallangan axborot tizimlarining texnik vositalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy sertifikatlanishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Maxfiy axborotlar mavjud boʻlgan va ular ishlanadigan axborot tizimlarini xalqaro axborot tarmoqlariga, shu jumladan Internet tarmogʻiga kiritish ularni himoya qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilgandan keyin amalga oshiriladi.
Maxfiy va mutlaqo maxfiy axborotlarga ega boʻlgan va ularni ishlaydigan axborot tizimlarini xalqaro axborot tarmoqlariga, shu jumladan Internet tarmogʻiga kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Davlat organlari axborot tizimlarining axborot xavfsizligini taʼminlash tizimi xavfsizlikka tahdidni, shuningdek ularning normal ishlashining buzilishi bilan bogʻliq sabablar va shart-sharoitlarni oʻz vaqtida aniqlashni taʼminlaydigan tegishli xavfsizlik siyosati bilan amalga oshirilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Ishlab chiqish va foydalanishning barcha bosqichlarida axborot tizimlarining axborot xavfsizligini taʼminlash vositalari va usullari axborot tizimining maqsadiga qarab hamda axborot xavfsizligini taʼminlash sohasida amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq davlat organlari tomonidan belgilanadi.
V. Davlat organlarining axborot tizimlarini yaratishda davlat organlarining huquqlari, vazifalari va javobgarligi
30. Davlat organlari quyidagi huquqlarga ega:
oʻz axborot tizimlaridan foydalanish tartibini belgilash;
oʻz axborot tizimlarini axborotlar ayirboshlash uchun boshqa axborot tizimlari bilan tarmoqlararo bogʻlashni belgilangan tartibda amalga oshirish.
Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
31. Davlat organlari quyidagilarga majbur:
oʻz axborot tizimlarini yaratish;
oʻz axborot tizimlarining milliy axborot tizimlariga kiruvchi axborot tizimlari bilan hamda xalqaro axborot tizimlari bilan muvofiqligini taʼminlash;
Keyingi tahrirga qarang.
axborot tizimlarining axborot xavfsizligini taʼminlash.
Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarga ham ega boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Davlat organlari axborot tizimlarini yaratishda:
davlat organlarining axborot tizimlarini yaratish tartibi va talablariga rioya qilinishi;
davlat organlari axborot tizimlarining axborot xavfsizligi taʼminlanishi uchun javob beradilar.
Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa javobgarliklarni ham amalga oshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 47-48-son, 355-modda; 2011-y., 45-46-son, 472-modda; 2013-y., 2-son, 23-modda; 2014-y., 2-son, 17-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda; 50-son, 628-modda; 2016-y., 23-son, 269-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)