Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“TARAQQIYOT UCHUN OZIQ-OVQATLAR” DASTURI BOʻYICHA QISHLOQ XOʻJALIGI MAHSULOTLARI YETKAZIB BERISH YUZASIDAN HUKUMATLARARO BITIMNI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
“Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturi boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berish toʻgʻrisida Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Bitim qoidalari samarali amalga oshirilishini taʼminlash, AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan berilgan grantni oʻzlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2003-yil 20-avgustda tuzilgan bitimga muvofiq:
AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan “Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturi doirasida umumiy summasi hisob-kitoblarga koʻra 15 mln AQSH dollari boʻlgan 10 ming tonna soya moyi va 10 ming tonna guruch grant asosida berilishi;
koʻrsatib oʻtilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan tushgan mablagʻ qishloq xoʻjaligini yanada isloh qilishga, respublikaning agrar sektorida xususiy sektorning ulushi va ahamiyati koʻpayishiga koʻmaklashuvchi loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlashga yoʻnaltirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining AQSHdagi Elchixonasiga “Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturi boʻyicha yuk joʻnatuvchi vakolati berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining AQSHdagi Elchixonasi zarur yuk joʻnatish, tovarga ilova qilinadigan va transport hujjatlari, shu jumladan sifat sertifikatlari rasmiylashtirilishini hamda mahsulotlar AQSHning belgilangan portlaridan Amerika tomoni bilan kelishilgan muddatlarda yuklab joʻnatish tashkil etilishini taʼminlasin;
3. “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasi belgilangan tartibda:
AQSH portlaridan boshlab yuk tushiriladigan oxirgi manzilgacha transportda tashishning butun yoʻnalishida yukning ehtimol tutilgan tavakkalchilikdan sugʻurta qilinishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Davlat karantin inspeksiyasi bilan birgalikda qoʻshni davlatlar hududi boʻylab tranzit uchun zarur boʻlgan import karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirsin;
tovar kelishiga qarab ularni qabul qilib olsin, saqlasin va davlat tilida markirovka qilsin.
4. “Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturi boʻyicha import qilinadigan koʻrsatib oʻtilgan tovarlar barcha bojxona toʻlovlaridan, shuningdek xorijiy sugʻurta kompaniyalarining daromadlari Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov manbaida foyda (daromad)dan toʻlanadigan soliqdan ozod qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi:
“Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturini amalga oshirish doirasida respublikaga olib kelinayotgan yuk oluvchining omborida tezkor va oʻz vaqtida rasmiylashtirilishini;
“Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturini amalga oshirish davrida soya dukkagi, oʻsimlik (soya) moyi va guruch eksportining oldini olish yuzasidan qattiq nazoratni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi tovarlar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga kelgandan keyin oʻn kun muddatda taqdim etilgan tovarga ilova qilinadigan hujjatlarni, shuningdek AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligining yaroqlilik muddatlari va sifatni tasdiqlovchi yoʻl-yoʻriqlarini hisobga olgan holda zarur sertifikatlarni rasmiylashtirish boʻyicha tartib-qoidalar belgilangan tartibda bajarilishini taʼminlasinlar.
7. Quyidagilar:
“Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturi doirasida yetkazib berilayotgan soya moyi va guruch umumiy hajmining kamida 25 foizi ochiq tanlov savdolari oʻtkazish yoʻli bilan xususiy sektor korxonalariga sotilishi;
mahsulot umumiy hajmining koʻpi bilan 75 foizi “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasining rasmiy distribyutorlari va Oʻzbekiston Respublikasining savdo shoxobchasi orqali sotilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. “Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturi doirasida yetkazib beriladigan soya moyi va guruchni sotish boʻyicha tender komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
Tender komissiyasi “Oʻzbektenderkonsalting” agentligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan shartlarda koʻrsatib oʻtilgan dastur doirasida respublikaga olib kelinayotgan soya moyi va guruch hajmining kamida 25 foizini sotish yuzasidan ochiq tender savdolari oʻtkazsin, ularda xususiy sektor korxonalarining ishtirokini nazarda tutsin.
9. Hukumatlararo bitimga muvofiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan tushgan milliy valyutadagi mablagʻlardan samarali foydalanilishini taʼminlash, bitimda koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha tadbirlar va loyihalarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston–Amerika qoʻshma ishchi guruhi tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston–Amerika qoʻshma ishchi guruhining Oʻzbekistonga oid qismi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston–Amerika qoʻshma ishchi guruhining Oʻzbekistonga oid qismi kotibiyati funksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligiga yuklansin.
Oʻzbekiston–Amerika qoʻshma ishchi guruhining Oʻzbekistonga oid qismi Amerika tomoni bilan kelishgan holda aniq tadbirlar va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muddatlar va masʼul bajaruvchilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini, shuningdek loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan takliflarni ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
10. “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzbektenderkonsalting” agentligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda yukning Oʻzbekiston Respublikasi hududida sugʻurta qilinishi va qabul qilinishi bilan bogʻliq boʻlgan “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasining amaldagi xarajatlarini hisobga olgan holda tender savdolari orqali xususiy sektor korxonalariga sotiladigan guruch va soya moyining 25 foiziga boshlangʻich narxlarni belgilangan tartibda belgilasin.
11. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan kelishgan holda “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasining amaldagi xarajatlarini hisobga olgan holda ichki bozor konyunkturasidan kelib chiqib, “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasining rasmiy distribyutorlari va Oʻzbekiston Respublikasining savdo shoxobchasi orqali sotiladigan guruch va soya moyi hajmining 75 foiziga narxlarni belgilaydi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturi doirasida olingan soya moyi va guruchni sotishdan “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan oʻtkaziladigan mablagʻlarni jamlash uchun maxsus hisob raqami ochsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozit hisob raqamlariga joylashtirish va olingan daromaddan Oʻzbekiston–Amerika qoʻshma ishchi guruhi bilan kelishgan holda “Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturi doirasidagi loyihalarni moliyalashtirishda foydalanish huquqi berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi har oyda soya moyi va guruch sotilishi, shuningdek tushum Moliya vazirligining maxsus hisob raqamiga oʻtkazilishini nazorat qilsin.
13. “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasi:
“Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasining rasmiy distribyutorlari va respublika savdo shoxobchasi orqali soya moyi va guruchni sotishdan tushgan soʻmdagi mablagʻlar, shuningdek oʻtkazilgan ochiq tender savdolarining gʻoliblari deb eʼlon qilingan xususiy sektor korxonalarining mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus hisob raqamiga har oyda kelishilgan narxlar boʻyicha oʻtkazilishini taʼminlasin;
tender savdolari gʻoliblari boʻlgan xususiy sektor korxonalari bilan shartnomalar tuzishda xususiy sektor korxonalarining soya moyi va guruchning butun hajmi uchun tender savdolari narxi boʻyicha haq toʻlash boʻyicha mablagʻlar oʻtkazish majburiyatini nazarda tutsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi:
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va “Oʻzteleradio” kompaniyasi bilan birgalikda hukumatlararo bitim qoidalari amalga oshirilishi muvofiqlashtirilishini va respublika ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan elektron ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda koʻrsatib oʻtilgan Bitimni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirliklar va idoralarning oʻzaro hamkorligi sxemasini, “Taraqqiyot uchun oziq-ovqatlar” dasturi doirasida loyihalarni, keyinchalik mablagʻ bilan taʼminlash uchun tanlab olish va Oʻzbekiston Amerika qoʻshma ishchi guruhi tomonidan tasdiqlash tartibini ishlab chiqsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosarlari E.M. Gʻaniyev va M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 7-noyabr,
492-son