Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FANLAR AKADEMIYASINING 60 YILLIGINI NIShONLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mamlakatimiz tarixi va iqtisodiy-ijtimoiy hayotidagi yuksak oʻrni va ahamiyatini inobatga olib hamda tashkil etilganining 60 yilligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 60 yilligini keng miqyosda nishonlash haqidagi Fanlar akademiyasi, Fan va texnologiyalar markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va ilmiy jamoatchilikning takliflari maʼqullansin.
Yubiley sanasiga bagʻishlangan tantanali majlis 2003-yil dekabr oyining ikkinchi yarmida Toshkent shahrida oʻtkazilsin.
2. Yubiley tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Tashkiliy qoʻmita bir hafta muddat ichida yubileyga bagʻishlangan tadbirlar dasturini ishlab chiqsin hamda dasturni amalga oshirishda Fanlar akademiyasining Vatanimiz taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan tarixiy hissasini ifoda etadigan, uning faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratsin:
mamlakatimizda Fanlar akademiyasining vujudga kelishi tarixiga xalqimizning yuksak ilmiy-ijodiy tafakkuri, buyuk ajdodlarimizning aql-zakovati, ona zaminimizda qadimdan mavjud boʻlgan Maʼmun akademiyasi, Samarqand, Buxoro va Fargʻona vodiysi kabi ilm-fan markazlarida yaratilgan boy ilmiy meros va madaniy anʼanalarning mantiqiy hosilasi, milliy tariximizning tabiiy mahsuli sifatida baho berish;
Fanlar akademiyasining milliy va umumbashariy ilm-fan xazinasiga qoʻshgan munosib hissasining nafaqat yurtimizda, shu bilan birga, xalqaro miqyosda tan olinganini aniq misollarda koʻrsatish va targʻib-tashviq qilish;
xalqimizning noyob isteʼdodi va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish va yuksaltirishda, oʻlkamizning tabiiy boyliklarini oʻzlashtirish, ulardan el-yurt manfaati yoʻlida foydalanish borasida Fanlar akademiyasining samarali faoliyat koʻrsatib kelayotganini keng yoritish;
shu dargohda izlanish va tadqiqotlar olib borib, oʻz ilmiy maktablariga asos solgan buyuk olimlarimiz zamonaviy ilm-fanning geologiya, jumladan, neft, gaz, oltin, rangli va qimmatbaho metallar konlarini aniqlash, ularni qazib olish va qayta ishlash texnologiyalarini yaratish, matematika, yadro va qattiq jismlar fizikasi, astronomiya, mikrobiologiya, oʻsimliklar kimyosi, seysmologiya, falsafa va boshqa ijtimoiy fanlar kabi yetakchi sohalarni, buyuk va koʻhna tariximiz sahifalarini, Sharqning bebaho merosi jam boʻlgan noyob qoʻlyozmalarni chuqur oʻrganish, ona tilimizning rivojlanish qonuniyatlari va imkoniyatlarini tadqiq etish, jahon ilmiy jamoatchiligi eʼtirof etgan koʻplab kashfiyot va yangiliklar yaratib, Oʻzbekistonimizni butun dunyoga tarannum etish yoʻlida fidokorona xizmat qilganini har tomonlama aks ettirish;
mamlakatimiz istiqbolini belgilab beradigan zamonaviy taʼlim-tarbiya tizimining shakllanishi Fanlar akademiyasi va uning ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyati bilan uzviy bogʻliq ekanini ochib berish.
Shu bilan birga, bugungi kunda Fanlar akademiyasining institut va laboratoriyalarida olimlar jamoalari tomonidan yaratilgan muhim amaliy ahamiyatga ega boʻlgan yuksak ilmiy salohiyat, xalq xoʻjaligini rivojlantirishga katta turtki beradigan ayrim tadqiqot ishlarining natijalari eʼtibordan chetda qolib kelayotganini, ishlab chiqarish korxonalari bilan yetarli darajada aloqa oʻrnatilmagani sababli bu izlanish va ixtirolarni roʻyobga chiqarish uchun tegishli imkoniyat tugʻdirilmayotganini, moddiy va ijtimoiy koʻmak berilmayotganini xolisona tan olish va bunday nuqsonlarni bartaraf etish zarurligini ham taʼkidlash lozim.
4. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksi (A. Azizxoʻjayev), Umumiqtisodiyot kompleksi (R. Azimov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga (S. Gʻulomov) Fanlar akademiyasi (B. Yoʻldoshev) bilan birgalikda bir oy muddat ichida Fanlar akademiyasi qoshida yuksak texnologiyalarni yaratish va rivojlantirish, ularning natijalarini amaliyotga joriy etish boʻyicha maxsus jamgʻarma va uning Homiylar kengashini tuzish hamda nizomini tasdiqlash vazifasi topshirilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, mazkur jamgʻarmaning asosiy faoliyati Oʻzbekistonning ilmiy va ishlab chiqarish imkoniyatlarini kuchaytirishga xizmat qiladigan zamonaviy, ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish, ulardan samarali va oqilona foydalangan holda mavjud mahalliy resurslar asosida jahon bozori talablariga javob beradigan mahsulotlar va ilmiy ishlanmalar yaratish va ularni hayotga tatbiq etishdan iboratdir.
5. Iqtisodiyot vazirligi (R. Azimov), Moliya vazirligi (M. Nurmurodov), Davlat mulki qoʻmitasi (M. Asqarov), Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi (A. Toʻxtayev) va Fanlar akademiyasi ishtirokida Akademiyaning moddiy bazasini oʻrganib chiqish va uni rivojlantirish maqsadida maxsus komissiya tuzilsin.
Komissiya:
ikki oy muddatda Fanlar akademiyasining asosiy fondlari va boshqa mol-mulkini inventarizatsiyadan oʻtkazsin, sotiladigan va hisobdan chiqariladigan mol-mulkning roʻyxatini aniqlasin;
mol-mulkni sotish va hisobdan chiqarish bilan bogʻliq ishlarni oʻrnatilgan tartibda amalga oshirsin. Sotishdan tushadigan mablagʻlar toʻlaligicha Fanlar akademiyasi moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yoʻnaltirilsin;
Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uni tartibga solish va rivojlantirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, ilmiy faoliyat ehtiyojlari uchun tegishli laboratoriya jihozlari va uskunalarini sotib olish, bino va inshootlarni taʼmirlash hamda milliy boyligimiz hisoblangan ilmiy-madaniy obyektlar, noyob inshootlar va qurilmalarni saqlash hamda asrab-avaylash boʻyicha takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksiga Fanlar akademiyasi Botanika bogʻining bugungi holatini har tomonlama oʻrganib chiqish va uni yanada rivojlantirish uchun alohida komissiya tuzish topshirilsin.
Moliya vazirligi komissiya taqdim etgan hisob-kitoblar asosida ana shu maqsad uchun 2004-yilda zarur mablagʻ ajratishni nazarda tutsin.
7. Mamlakatimizda yangi hayot, yangi jamiyat, bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etilayotgan, xalqaro maydonda Vatanimizning obroʻ-eʼtibori yuksalib, Oʻzbekiston jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin olayotgan hozirgi davrda Akademiyaning ilm-fan taraqqiyotining ilmiy-nazariy fundamental asoslarini yaratish borasidagi roli va hissasini kuchaytirish maqsadida Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirliklar, idoralar va muassasalar, keng jamoatchilik va mutaxassislar ishtirokida alohida dastur ishlab chiqsin hamda uni Akademiyaning istiqbolli va yillik ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan birgalikda koʻrib chiqqan holda amalda joriy etish tadbirlarini belgilasin.
8. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga “Oʻzekspomarkaz”da Oʻzbekiston ilm-fani erishayotgan yangi yutuqlar va ishlanmalar koʻrgazmalarini tashkil etish hamda mazkur koʻrgazmalarni Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda muntazam namoyish etib borish vazifasi yuklatilsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 6-sentabrdagi 248-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 36-son, 367-modda)
9. “Oʻzbekkino” kompaniyasi (M. Muhammad Doʻst) bir oy muddatda Fanlar akademiyasining tashkil topishi va rivojlanishi hamda mustaqillik yillarida fanning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishga bagʻishlangan hujjatli filmni yaratish borasidagi ishlarni yakunlasin va yubiley tadbirlari doirasida uning taqdimotini oʻtkazsin.
10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga (M. Hazratqulov), “Oʻzteleradio” kompaniyasi (A. Koʻchimov) va boshqa ommaviy axborot vositalariga Fanlar akademiyasining 60 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
11. Yubileyga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 50 mln soʻm ajratilsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Abduvohitov va Bosh vazir oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 28-oktabr,
470-son