Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAVOIY VILOYATINING UChQUDUQ TUMANINI IJTIMOIY - IQTISODIY RIVOJLANTIRIShNI JADALLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mintaqa iqtisodiyotining Oʻzbekiston Respublikasi xalq xoʻjaligini rivojlantirishga katta taʼsirini hisobga olib va Navoiy viloyatining Uchquduq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Uchquduq tumani ustuvor rivojlantiriladigan hudud deb hisoblansin.
2. Vazirliklar, idoralar, Navoiy viloyati va Uchquduq tumani hokimliklari 1994—1996-yillarda uy-joylar, ijtimoiy infrastruktura va sanoat obyektlari qurilishini va ularni ishga tushirishni ilovaga* muvofiq amalga oshirsinlar.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan
3. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi koʻrsatib oʻtilgan obyektlar qurilishiga har yili sarmoya mablagʻlari ajratishni nazarda tutsin.
4. “Oʻzshartnomasavdo” davlat uyushmasi, “Oʻzqishloqxoʻjalik- taʼminottuzatish” va boshqa taʼminot-sotish tashkilotlari koʻrsatib oʻtilgan ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibga muvofiq moddiy-texnika resurslari ajratishni nazarda tutsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tegishli ilmiy-tadqiqot va respublikaning boshqa tashkilotlarini jalb qilgan holda 1993-yilning oxirigacha tumanda qoʻychilikning yem-xashak bazasi ahvolini oʻrganib chiqsin va uni yaxshilash hamda fermalarni oʻz ozuqasi bilan taʼminlash boʻyicha takliflar bersin.
6. “Oʻzqurilishmateriallari” davlat konserni:
viloyat hokimligi bilan birgalikda 1994—1996-yillarda tumanda marmar va granitdan hamda boshqa qurilish materiallaridan qoplama buyumlar ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etsin.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan birgalikda Jeroy kvars qumlari konida Oʻzbekiston Respublikasi xalq xoʻjaligi ehtiyojlarini taʼminlash uchun yiliga 450 ming tonna qumni qazib olish va 340 ming tonna qumni boyitish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etsin;
Navoiy sement zavodida 1995-yilda 120 mln shartli plita tayyorlash quvvatiga ega boʻlgan shifer ishlab chiqaradigan liniyani foydalanishga topshirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Melioratsiya va suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasi 1994-yilning birinchi yarim yilligida quvvatlarni ilovaga muvofiq ishga tushirgan holda yaylovlarga suv berish va sugʻorishni rivojlantirish sxemasini ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
8. “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi 1994—1996-yillarda ilovada koʻrsatilgan qurilish materiallari va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarishni tashkil etish va kengaytirishni hisobga olgan holda tumanda qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasiga 1994—1996-yillar uchun mahalliy xomashyodan buyumlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida 68 mln soʻm kredit ajratsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi:
1994-yilda tumanda energetika xoʻjaligining tuzatish-ishlab chiqarish bazasini tashkil etsin;
1994—1996-yillarda 109 km uzunlikdagi elektr energiyasi uzatish liniyalari qurilishini nazarda tutsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya qoʻmitasi:
1994-yilda ochiq usulda qazish uchun “Sautboy” volfram konining birinchi navbatini razvedka qilishni tugallasin va 1994—1996-yillarda yer ostidan qazib olish ishlarini bajarish uchun konning ikkinchi navbatini razvedka qilishni amalga oshirsin;
1994-yilda Jeroy kvars qumlari konini razvedka qilishni tugallasin;
1993-1994-yillarda “Oʻzqurilishmateriallari” davlat konsernining buyurtmanomasi boʻyicha Uchquduq tumani qoplama tosh konlarini qidirish va razvedka qilishni amalga oshirsin.
12. “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi 1994-yilda har biri 2 ming kub metr sigʻimli toʻrtta rezervuarni qoʻshimcha oʻrnatish hisobiga mavjud Uchquduq neft bazasini kengaytirsin.
13. “Oʻztransgaz” davlat birlashmasi 1994-yilda Uchquduq shahriga gaz quvuri tarmogʻi keltirilishini taʼminlasin.
14. “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” 1994-1995-yillarda tumanda yiliga 400 shartli remont hajmidagi qishloq xoʻjalik mashinalarini tuzatish va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish boʻyicha quvvatlarni barpo etsin.
15. Uchquduq tumani hokimligi Oʻrta Osiyo Temir yoʻl boshqarmasi bilan birgalikda Shalxar shaharchasi aholisini suv, gaz, elektr energiyasi bilan taʼminlash, shuningdek uni telefonlashtirish va obodonlashtirish masalalarida vazirliklar va idoralarning ulush qoʻshish salmogʻini bir oy muddatda belgilasin.
Oʻrta Osiyo Temir yoʻl boshqarmasi, “Qizilqumnodirmetalloltin” konserni, “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish”, “Oʻzkooptayyorlovsavdo” Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi viloyat hokimligi bilan birgalikda 1994-yilda yuqorida qayd etilgan ishlarni ulush qoʻshib qatnashgan holda amalga oshirsinlar.
16. Navoiy viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tuman davolash muassasalarini tibbiy texnika, asbob-uskunalar, sanitar avtomobil transporti va dori-darmonlar bilan taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuman aholisini sogʻlomlashtirish dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining tegishli majmuilariga hamda Navoiy viloyati va Uchquduq tumani hokimliklariga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I. JOʻRABEKOV
Toshkent sh.,
1993-yil 27-oktabr.,
523-son