Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
V. P. ChKALOV NOMIDAGI TOShKENT AVIATSIYA IShLAB ChIQARISh BIRLAShMASINING USTAVINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 20-maydagi 257-son “V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat-aksiyadorlik jamiyatining ustav sarmoyasini aktivlarning bozor qiymati bilan muvofiqlashtirish va aksiyalari paketlarini tarkibiy jihatdan oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
V. P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasining ilova qilinayotgan Ustavi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 31-avgust,
442-son
V. P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasining
ustavi
1. Umumiy qoidalar
1. V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi* oʻz huquqiy maqomi boʻyicha davlat mulkiga asoslangan davlat korxonasi hisoblanadi hamda bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
*Bundan keyin “birlashma” deb yuritiladi.
2. Birlashma yuridik shaxs hisoblanadi, bank muassasalarida hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlariga ega boʻladi, xoʻjalik yuritish, ijara huquqlarida, qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarda alohida mol-mulkka egalik qiladi, mustaqil balansga ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy huquqlarni sotib olishi va majburiyat olishi, sud organlarida daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.
3. Birlashma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Hukumatning qarorlariga, farmoyishlariga, amaldagi qonunchilikning boshqa aktlariga hamda ushbu Ustavga amal qiladi.
4. Birlashma Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga, oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan shtamplarga va ish qogʻozlariga ega boʻladi.
5. Birlashmaning manzili: 700016, Toshkent shahri, Borovskiy koʻchasi, 61.
6. Birlashma tarkibiga quyidagilar kiradi:
V. P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya zavodi — Bosh tarkibiy boʻlinma (700016, Toshkent shahri, Borovskiy koʻchasi, 61);
Andijon mexanika zavodi—tarkibiy boʻlinma (710016, Andijon shahri, Nayman koʻchasi, 30);
Fargʻona mexanika zavodi — tarkibiy boʻlinma (712016, Fargʻona shahri, Gersen koʻchasi, 2);
Toshkent mexanika yigʻuv zavodi — tarkibiy boʻlinma (700128, Toshkent shahri, Usmon Yusupov koʻchasi, 8);
Kislorod zavodi — tarkibiy boʻlinma (700005, Toshkent shahri, Chervyakov koʻchasi, 62).
II. Faoliyat yoʻnalishi hamda birlashmaning asosiy vazifalari
1. Eng kam xarajatlar sarflagan holda yuqori isteʼmol xususiyatlari va sifatga ega boʻlgan aviatsiya texnikasi hamda mudofaa va ishlab chiqarish-texnika maqsadlaridagi boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish birlashma faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
2. Birlashma mudofaa va ishlab chiqarish maqsadlaridagi mahsulotlar bilan bir qatorda xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarishni taʼminlaydi hamda pulli xizmatlar koʻrsatadi.
3. Birlashma xoʻjalik faoliyatining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan hamda birlashma Ustavida nazarda tutilgan maqsadlarga javob beruvchi boshqa turlarini amalga oshirishi mumkin.
4. Oʻz mahsulotlariga, ishlariga, xizmatlariga boʻlgan ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish hamda olingan foyda asosida mehnat jamoasi aʼzolarining ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarini amalga oshirish birlashmaning asosiy vazifalari hisoblanadi.
III. Birlashmaning mol-mulki
1. Birlashmaning mol-mulkini asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar, shuningdek, qiymati birlashmaning mustaqil balansida aks ettiriladigan boshqa boyliklar tashkil qiladi.
Mol-mulk toʻliq xoʻjalik faoliyati yuritish huquqi bilan birlashmaga tegishli boʻladi. Birlashma barcha boyliklarning holati uchun toʻla javobgardir.
2. Birlashma mol-mulkini shakllantiruvchi manbalar quyidagilar hisoblanadi:
mahsulotlarni, ishlarni, xizmatlarni sotishdan, shuningdek, xoʻjalik faoliyatining boshqa turlaridan olinadigan daromadlar;
banklar va boshqa kreditorlarning kreditlari;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq birlashma tomonidan chiqariladigan qimmatli qogʻozlardan olinadigan daromadlar;
kapital mablagʻlar va budjetdan ajratiladigan dotatsiyalar;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Birlashma:
davlat tasarrufida boʻlmagan korxonalar bilan oʻzaro munosabatlarda Davlat mulki qoʻmitasining qarori bilan asosiy fondlarni hamda aylanma mablagʻlarini mustaqil tasarruf etish;
davlat korxonalari bilan oʻzaro munosabatlarda — asosiy va aylanma mablagʻlarni mustaqil tasarruf etish huquqiga egadir.
Birlashma safarbarlik quvvatlarining saqlanishini taʼminlaydi.
4. Birlashma ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, oʻz faoliyatidan olingan daromadlarni belgilangan tartibda tasarruf qiladi.
IV. Birlashmaning xoʻjalik, iqtisodiy va ijtimoiy faoliyati
1. Birlashma xoʻjalik faoliyati moliyaviy natijalarining asosiy umumlashtiruvchi koʻrsatkichi foyda va daromad hisoblanadi.
Budjetga soliqlar va boshqa toʻlovlar toʻlanganidan keyin birlashmada qoladigan foyda (sof foyda) uning toʻliq tasarrufida boʻladi.
Birlashma sof foydadan foydalanishning yoʻnalishlarini mustaqil ravishda belgilaydi.
2. Birlashma boshqa korxonalar, tashkilotlar va fuqarolar bilan xoʻjalik faoliyatining barcha sohalaridagi oʻz munosabatlarini shartnomalar asosida quradi.
3. Birlashma oʻzining ishlab chiqarish va ijtimoiy faoliyatida rejalashtirish, moddiy-texnika taʼminoti, normalash va mehnatga haq toʻlash; ijtimoiy himoya; moliya va kredit; tashqi iqtisodiy faoliyat, tabiatdan foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish; shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa sohalarda toʻliq hajmda huquq va majburiyatlarni amalga oshiradi.
4. Birlashma ishlab chiqarilayotgan mahsulotga, ishlar, xizmatlarga boʻlgan talablardan hamda birlashmani ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlantirishni, oʻz ishchilarining shaxsiy daromadlarini oshirishni taʼminlash zaruriyatidan kelib chiqqan holda oʻz faoliyatini mustaqil rejalashtiradi va istiqbolni belgilaydi.
Rejalarning asosini mahsulotlar, ishlar va xizmatlar isteʼmolchilari (xaridorlar) hamda moddiy-texnika resurslarini yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar tashkil etadi.
Birlashma qonunchilik bilan belgilangan tartibda shartnoma asosida davlat ehtiyojlari uchun ishlarni bajaradi va mahsulotlarni yetkazib beradi.
Kredit va moliya munosabatlari sohasida
5. Daromad, foyda, amortizatsiya ajratmalari, qimmatli qogʻozlarni sotishdan olingan mablagʻlar mehnat jamoasi aʼzolarining paylari va boshqa badallari, shuningdek boshqa xil tushumlar birlashma moliya resurslarini shakllantirish manbalari hisoblanadi.
Birlashma pul mablagʻlarini saqlash uchun birlashma va uning tarkibiy boʻlinmalari roʻyxatga olingan joylarda barcha koʻrinishdagi hisob-kitob, kredit va kassa operatsiyalarini amalga oshirish uchun har qanday bankda hisob-kitob va boshqa schyotlar ochish huquqiga ega.
Birlashmaning barcha hisob-kitoblari, shu jumladan budjetga oʻtkaziladigan toʻlovlar hamda ish haqini toʻlash hisob-kitob hujjatlari kelib tushishga koʻra (toʻlov muddatlari kelganda) navbati bilan amalga oshiriladi.
Xaridorlar (isteʼmolchilar) tomonidan zayom mablagʻlaridan foydalanganlik sifatida foiz toʻlangan taqdirda birlashma kredit evaziga mahsulot yetkazib berishi, ishlarni bajarishi, xizmatlar koʻrsatishi mumkin.
Birlashma kredit shartnomalariga hamda hisob-kitob intizomiga rioya qilish uchun toʻliq javobgardir.
Narx-navo sohasida
6. Birlashma oʻz mahsulotlarini, tovarlarini, ishlar va xizmatlarini oʻzi mustaqil yoki shartnoma asosida belgilangan narxlarda, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda esa davlat narxlarida sotadi.
Mehnat, ish haqi hamda ijtimoiy rivojlanish sohasida
7. Yagona tarif setkasining nul razryadiga kiritiladigan ish haqining eng kam miqdori jamoa shartnomasi bilan, lekin Respublika Prezidentining farmonida nazarda tutilganidan kam boʻlmagan darajada belgilanadi.
Birlashma mehnatchilarining kafolatli eng kam ish haqi miqdori har bir kasb, lavozim boʻyicha Yagona tarif setkasiga muvofiq razryadlar boʻyicha belgilanadi.
Boshqaruv apparati xodimlarining mehnat sharoitlari va ish haqi, ularni ijtimoiy himoya qilish choralari Kengash tomonidan belgilanadi hamda bosh direktor tomonidan tasdiqlanadi.
Birlashma mehnatchilarini moddiy ragʻbatlantirish va taqdirlash korxona maʼmuriyati hamda mehnat jamoasi tomonidan qabul qilingan nizomlarga va shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Ijtimoiy rivojlanish, shu jumladan mehnat jamoasi aʼzolarining mehnat va turmush sharoitlarini, sogʻliqlarini yaxshilash, hamda ularning oila aʼzolarini sugʻurta qilishni kafolatlash masalalari mehnat jamoasi tomonidan birlashma maʼmuriyati ishtirokida hal etiladi.
Mehnat jamoasi birlashma maʼmuriyati bilan birgalikda birlashma mehnatchilariga qoʻshimcha taʼtillar, qisqartirilgan ish kunini hamda ishlab topilgan mablagʻlar doirasida boshqa ijtimoiy imtiyozlarni belgilaydi.
Birlashmaning ijtimoiy faoliyatidagi aniq masalalar belgilangan tartibda tuziladigan jamoa shartnomasida oʻz aksini topishi mumkin. Shartnoma korxonadagi ishlab chiqarish va mehnat munosabatlarini, mehnatni muhofaza qilish, jamoaning ijtimoiy rivojlanishi va uning aʼzolari salomatligi masalalarini tartibga soladi.
Yerdan foydalanish hamda tabiatni muhofaza qilish faoliyati sohasida
8. Birlashma erdan va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiradi.
Birlashma ishlab chiqarishning atrof muhitga salbiy taʼsiri darajasini kamaytirishga qaratilgan tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida
9. Birlashma Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatiga oid amaldagi qonunchilik bilan belgilangan tartibda oʻz tashqi iqtisodiy faoliyatini mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Valyuta tushumi birlashmaning valyuta schyotiga oʻtkaziladi va uning tomonidan mustaqil ravishda foydalaniladi.
Respublika hamda mahalliy budjetlar foydasiga oʻtkaziladigan ajratmalar stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Birlashmaning valyuta mablagʻlarini boshqacha tarzda olib qoʻyish taqiqlanadi.
V. Birlashmani boshqarish va oʻzini oʻzi boshqarish
1. Birlashmani boshqarishni toʻla xoʻjalik yuritish subyekti huquq bilan bosh direktor amalga oshiradi.
Birlashma mustaqil ravishda boshqaruv tuzilmasini hamda shtatlarni belgilaydi.
2. Birlashmaga bosh direktor boshchilik qiladi.
Bosh direktor:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda egallab turgan lavozimidan ozod etiladi;
ishonchnomasiz birlashma nomidan ish yuritadi, vatanimiz hamda chet el korxonalarida va tashkilotlarida uning manfaatlarini ifodalaydi;
birlashma mol-mulkini boshqaradi;
shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzadi;
ishonchnomalar beradi, banklarda hisob-kitob va boshqa schyotlar ochadi:
shtatlarni tasdiqlaydi, buyruqlar, meʼyoriy hujjatlar chiqaradi va birlashmaning barcha mehnatchilari uchun majburiy koʻrsatmalar beradi;
birlashma Kengashi hamda mehnat jamoasi konferensiyasi vakolatlari doirasiga kirmagan birlashma faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni mustaqil hal qiladi;
bosh direktor oʻrinbosarlarini, mustaqil balansdagi tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlaydi va egallab turgan lavozimlaridan ozod qiladi.
xizmatlar, boʻlimlar, sexlar rahbarlarini va ularning oʻrinbosarlarini, katta masterlarni va masterlarni lavozimga tayinlaydi va egallab turgan lavozimlaridan ozod qiladi.
bosh direktor oʻrinbosarlarining hamda birlashmaning boshqa rahbarlarining vakolatlarini belgilaydi.
3. Bosh direktorning oʻrinbosarlari oʻz vakolatlari doirasida birlashma nomidan ish yuritadilar, boshqa muassasalar va tashkilotlarda uning nomidan vakillik qiladilar, ishonchnomasiz xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishlari hamda shartnomalar tuzishlari, shuningdek, birlashma xodimlariga ishonchnomalar berishlari mumkin.
4. Birlashma faoliyatiga taalluqli boʻlgan ijtimoiy-iqtisodiy qarorlar mehnat jamoasi yoki u vakil qilgan organlar ishtirokida ishlab chiqiladi va qabul qilinadi:
Birlashma mehnat jamoasi vakolatini amalga oshirishning asosiy shakli konferensiya hisoblanadi.
5. Birlashmada Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan hamda birlashma mehnat jamoasi tomonidan saylanadigan son jihatidan teng boʻlgan vakillardan iborat Kengash faoliyat koʻrsatadi.
Kengash 30 vakildan iborat tarkibda 5 yil muddatga tuziladi.
Kengashning huquqlari va vazifalari mehnat jamoasi konferensiyasi tomonidan tasdiqlangan Kengash toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi.
6. Kengash aʼzolari oʻzlari vakillik qilgan davrda (korxona maʼmuriyatining tashabbusi bilan) birlashmadan boʻshatilishi yoki lavozimlari (maoshlari) pasaytirilishi yoki boʻlmasa Kengash yoki mehnat jamoasi konferensiyasining roziligisiz kam haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilishlari mumkin emas.
7. Birlashma Kengashi:
oʻz aʼzolari orasidan ochiq yoki yopiq ovoz berish yoʻli bilan Kengash raisini saylaydi;
iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning umumiy yoʻnalishini belgilaydi;
bosh direktorning tavsiyanomasi boʻyicha birlashmaning qimmatli qogʻozlarini chiqarish, shuningdek, boshqa korxonalar va tashkilotlarning qimmatli qogʻozlarini sotib olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
birlashmaning shuʼba korxonalarini, filiallarini hamda boshqa alohida boʻlinmalarni tashkil etish, uyushmalarga va boshqa birlashmalarga kirish va ulardan chiqish masalalarini hal etadi;
birlashmaning tashqi iqtisodiy faoliyatiga taalluqli asosiy masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
korxona maʼmuriyati bilan mehnat jamoasi oʻrtasida yuzaga kelgan nizolarni koʻrib chiqadi hamda ularni hal etish yuzasidan choralar koʻradi;
birlashma faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirishning boshqa muhim masalalarini hal qiladi.
Kengash oʻz aʼzolarining kamida 2/3 qismi majlisda hozir boʻlgandagina qarorlar qabul qilish huquqiga ega.
Qarorlar majlisda hozir boʻlgan Kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar soni bab-baravar boʻlgan taqdirda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Majlisda hozir boʻlmagan Kengash aʼzosi muhokamaga qoʻyilgan masala yuzasidan oʻz yondashuvini yozma ravishda bayon etib majlisga taqdim etish huquqiga egadir.
Kengashning maʼmuriyatning operativ-boshqaruv faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bosh direktor Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda boshqarishning boshqa funksiyalaridan bir qismini birlashma Kengashiga berishga haqlidir.
Birlashmani rivojlantirishning texnik va iqtisodiy muammolarini, mamlakatimiz va chet el fani va texnikasining eng yangi yutuqlaridan, yirik ixtirolar hamda ilmiy kashfiyotlar natijalaridan ishlab chiqarishda foydalanish va joriy etish boʻyicha ishlanmalarni koʻrib chiqish, ishlab chiqarishni, mehnat va boshqaruvni ilmiy asosda tashkil etish, ilgʻor tajribadan foydalanish uchun birlashmada yuqori malakali mutaxassislardan, ishlab chiqarish novatorlaridan, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarning vakillaridan iborat ilmiy-texnik va iqtisodiy kengashlar tuziladi.
Ilmiy-texnik va iqtisodiy kengashlarning tarkibi va ular toʻgʻrisidagi nizom birlashmaning bosh direktori tomonidan tasdiqlanadi.
VI. Birlashma tarkibiga kiruvchi tarkibiy boʻlinmalarni boshqarish
1. Tarkibiy boʻlinmaning huquqiy holati birlashma bosh direktori tomonidan tasdiqlanadigan nizom bilan belgilanadi.
2. Tarkibiy boʻlinma xoʻjalik hisobi asosida ish yuritadi, alohida balansga hamda bank muassasalarida schyotlarga ega boʻladi.
3. Birlashma tarkibiy boʻlinmaga zarur asosiy fondlarni birkitib qoʻyadi, shuningdek, boʻlinma faoliyati natijalaridan kelib chiqqan holda unga birlashma belgilagan tartibga koʻra moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy rivojlantirish fondlarini ajratadi.
4. Birlashma tarkibiy boʻlinma ixtiyoriga ishlab chiqarishni, fan va texnikani rivojlantirish fondining bir qismini, shuningdek, boshqa fondlarni, shu jumladan valyuta mablagʻlarini ajratish huquqiga ega.
5. Tarkibiy boʻlinma birlashma tomonidan oʻziga berilgan huquqlar doirasida oʻziga birkitilgan mol-mulkka egalik qiladi hamda birlashma nomidan boshqa tashkilotlar bilan turlari birlashma tomonidan belgilanadigan xoʻjalik shartnomalarini tuzadi.
6. Birlashma tarkibiy boʻlinmaga oʻzining nomidan xoʻjalik shartnomalarini tuzish hamda oʻziga birkitilgan mol-mulk uchun javobgarlik huquqini berishi mumkin.
7. Birlashma tarkibiy boʻlinmalar ichki xoʻjalik munosabatlarini amalga oshirish hamda ular oʻrtasidagi nizolarni hal etish tartibini, shuningdek, ular tomonidan oʻz majburiyatlari bajarilmaganligi uchun javobgarlikni belgilaydi.
8. Tarkibiy boʻlinma rahbarining vakolati birlashma bosh direktori tomonidan belgilanadi.
VII. Hisobga olish, hisobot va nazorat
1. Birlashma oʻz ishlari natijalari boʻyicha operativ va buxgalteriya uchyotini amalga oshiradi hamda statistika hisobotini yuritadi.
2. Birlashma moliya-xoʻjalik faoliyatini kompleks taftish qilish “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Birlashma faoliyatining ayrim jihatlarini tekshirish vazifasi qonunchilik bilan ularga yuklatilgan soliq, moliya va boshqa davlat organlari, auditorlik xizmatlari bunday tekshirishni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirishlari mumkin.
VIII. Maxfiy va tijorat axboroti muhofazasi
Birlashma bajarilayotgan ishlarning maxfiyligi tartibini, davlat va xizmat sirlarini saqlash, shuningdek, tijorat sirini tashkil etgan axborotning muhofazasi boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini tashkil etadi va taʼminlaydi.
IX. Birlashmaning javobgarligi
1. Birlashma shartnoma majburiyatlarining, kredit-hisob-kitob hamda soliq intizomining, mahsulot sifatiga boʻlgan talablarning, shuningdek, xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishning boshqa qoidalarini buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yoki shartnomada nazarda tutilganiga koʻra toʻliq mulkiy javobgar boʻladi.
2. Birlashma erdan hamda boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof muhitni ifloslanishdan muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik, ishlab chiqarish xavfsizligi qoidalarini, birlashma mehnatchilarining, aholining, mahsulot isteʼmolchilarining salomatliklarini himoyalash, sanitariya-gigiyena normalarini buzganlik oqibatida yetkazilgan zarar oʻrnini qoplashi, shuningdek, qonunchilik bilan belgilangan miqdorda jarima toʻlanishi shart.
X. Birlashmani tugatish va qayta tashkil etish
Birlashmani tugatish va qayta tashkil egish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.