O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT JAMG‘ARMALARI VA AHOLIGA KREDIT BERISh DAVLAT-TIJORAT BANKI (“O‘ZJAMG‘ARMABANK”) USTAVINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 4-oktabrdagi 386-son “O‘zjamg‘armabank”ni O‘zbekiston Respublikasi xalq bankiga aylantirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi mehnat jamg‘armalari va aholiga kredit berish davlat-tijorat banki (“O‘zjamg‘armabank”) ning Ustavi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 27-avgust,
430-son
Vazirlar Mahkamasining
1993-yil 27-avgustdagi 430-son qaroriga
ILOVA
1993-yil 27-avgustdagi 430-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi mehnat jamg‘armalari va aholiga
kredit berish davlat-tijorat banki (“O‘zjamg‘armabank”)ning
kredit berish davlat-tijorat banki (“O‘zjamg‘armabank”)ning
USTAVI
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston jamg‘arma banki (“O‘zjamg‘armabank”) O‘zbekiston Respublikasi mehnat jamg‘armalari va aholiga kredit berish davlat-tijorat banki hisoblanadi hamda kredit-moliya muassasasi maqomiga egadir;
“O‘zjamg‘armabank” “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq tashkil etilgan va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-avgustdagi 411-son qarori tahririda)
2. “O‘zjamg‘armabank” O‘zbekiston Respublikasi banklarining yagona tizimiga kiradi.
3. “O‘zjamg‘armabank” yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z nomi yozilgan va O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga, o‘zbek va rus tillarida shtamplar va blankalarga egadir, to‘la xo‘jalik hisobi hamda o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash asosida faoliyat ko‘rsatadi, alohida mol-mulkka egalik qiladi.
“O‘zjamg‘armabank” o‘z nomidan huquqlarga ega bo‘lishi hamda majburiyatlarni bajarishi, sudda, xo‘jalik va xolislik sudlarida da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
“O‘zjamg‘armabank” muassasalari tizimiga quyidagilar kiradi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, “O‘zjamg‘armabank” ning tuman bo‘limlari, ularning filiallari va agentliklari bilan birgalikda.
“O‘zjamg‘armabank” iqtisodiy maqsadga muvofiqlikka bog‘liq ravishda taqiqlanmagan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda boshqa muassasalar tashkil etishi mumkin.
“O‘zjamg‘armabank” ning joylashgan manzili — Toshkent shahri, Xalqlar do‘stligi shoh ko‘chasi, 6.
4. “O‘zjamg‘armabank” o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, Prezidentning farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan respublikaning barcha tijorat banklari uchun belgilangan kredit, hisob-kitob va kassa operatsiyalari bo‘yicha umumiy qoidalarga, shuningdek, mazkur Ustavga amal qiladi.
5. “O‘zjamg‘armabank”ning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, fuqarolar va yuridik shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarining huquqiy asosi bo‘lib ular bilan tuziladigan hamda tomonlarning o‘zaro majburiyati va javobgarligini belgilovchi shartnomalar hisoblanadi. Umumiy qabul qilingan qoidalarga asosan omonatlar qo‘yish bo‘yicha operatsiyalar shartnoma bilan rasmiylashtirilmaydi.
6. “O‘zjamg‘armabank” bank operatsiyalari o‘tkazish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda o‘z faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruv organlaridan mustaqildir. Aholi bilan operatsiyalarni sodir etishda faqat “O‘zjamg‘armabank” muassasalari “O‘zjamg‘armabank” atributikasiga ega bo‘lgan jamg‘arma daftarchalari va boshqa hujjatlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
7. “O‘zjamg‘armabank” tomonidan jalb etilgan pul mablag‘lari shartnoma asosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga halq xo‘jaligining kredit resurslariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun kamida 70 foiz miqdorida beriladi. Qolgan 30 foizi “O‘zjamg‘armabank” tomonidan aholiga, yuridik shaxslarga kredit berish uchun foydalaniladi hamda O‘zbekiston Respublikasining qarz majburiyatlariga joylashtiriladi. Aholiga va yuridik shaxslarga kredit berish yagona davlat pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlariga muvofiq amalga oshiriladi.
8. “O‘zjamg‘armabank” aholining omonatlarini qabul qilishni va boshqa operatsiyalarni bajarishni agar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida boshqacha hol belgilanmagan bo‘lsa, o‘zining yo‘riqnomalari va qoidalariga muvofiq amalga oshiradi.
9. O‘zbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar “O‘zjamg‘armabank”ning omonatchilari bo‘lishlari mumkin.
Pulni omonatga qabul qilish bank tomonidan omonatchiga bu operatsiyani tasdiqlovchi hujjat (jamg‘arma daftarchasi, kvitansiya, kredit kartochkasi va boshqalar) berilgan holda amalga oshiriladi.
10. “O‘zjamg‘armabank” kreditni o‘z vaqtida qaytarishni ta’minlash sifatida garov, kafolat, vakolat hamda bank amaliyotida qabul qilingan boshqa shakllardagi majburiyatlarni qabul qiladi.
11. “O‘zjamg‘armabank” davlatning majburiyatlari uchun javob bermaydi, davlat ham “O‘zjamg‘armabank”ning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, fuqarolarning omonatlari bo‘yicha majburiyatlar bundan mustasnodir.
II. “O‘zjamg‘armabank” ning asosiy vazifalari va funksiyalari
12. “O‘zjamg‘armabank” ning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasida jamg‘arma ishi sohasida yagona davlat siyosatini o‘tkazish;
aholiga kompleks hisob-kitob-kassa xizmati ko‘rsatishni, shuningdek, fuqarolarga va yuridik shaxslarga kredit berishni amalga oshirish;
o‘z mablag‘laridan va jalb etilgan mablag‘lardan “O‘zjamg‘armabank”ning tijorat faoliyatida samarali foydalanish;
naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish.
13. “O‘zjamg‘armabank” unga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
jamg‘arma ishini hamda aholiga va yuridik shaxslarga bank xizmati ko‘rsatishni rivojlantirishning prinsipial asoslarini ishlab chiqish va joriy etish;
aholiga va yuridik shaxslarga bank xizmati ko‘rsatish sohasida respublika dasturlari amalga oshirilishini tashkil etish, respublikaning butun hududida “O‘zjamg‘armabank” muassasalarining to‘lov va hisob-kitob hujjatlari puxta olib borilishini ta’minlash;
“O‘zjamg‘armabank” muassasalari tomonidan aholi va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha operatsiyalarni sodir etishning umumiy uslubiy prinsiplariga rioya qilish;
to‘lov hujjatlari va boshqa qimmatli qog‘ozlar (cheklar, akkreditivlar, veksellar, aksiyalar, obligatsiyalar va boshqalar) chiqarish;
“O‘zjamg‘armabank” muassasalari operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblarni tashkil etish;
“O‘zjamg‘armabank” muassasalari tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etish;
“O‘zjamg‘armabank” muassasalarining boshqaruv nomenklaturasiga kiruvchi rahbar xodimlarini tasdiqlash;
bank faoliyati sohasida belgilangan tartibda boshqa davlatlarning banklari bilan hamkorlik qilish, zarurat bo‘lganda aksionerlik banklari ta’sis etish, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirish;
“O‘zjamg‘armabank” muassasalarini qimmatli qog‘ozlar blankalari, maxsus texnika bilan ta’minlash, quyi muassasalarning markazlashtirilgan ishlarga buyurtmalarini bajarish.
III. “O‘zjamg‘armabank”ning mijozlar bilan operatsiyalari
14. “O‘zjamg‘armabank” aholining pul omonatlarini qabul qiladi va joylashtiradi, kreditlarni jalb qiladi va beradi, shu jumladan kichik korxonalar tashkil etish va ularni rivojlantirish, fuqarolar tomonidan davlat mulkining xususiylashtirilishi, turar joy binolari qurilishi va ularni tuzatish hamda aholining boshqa ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq kreditlarni jalb qiladi va beradi, mijozlar va banklar korrespondentlarning topshirig‘i bo‘yicha hisob-kitoblarni, mijozlarga kassa xizmati ko‘rsatishni amalga oshiradi, shuningdek, quyidagi operatsiyalarni sodir etadi;
a) mijozlarning schyotlarini yuritish, fuqarolar va yuridik shaxslarning schyotlari hamda banklar-korrespondentlarning schyotlari ham shu jumlaga kiradi;
b) davlat to‘lov hujjatlarini, qimmatli qog‘ozlarni sotib olish, sotish va saqlash hamda ular bilan boshqa operatsiyalari amalga oshirish;
v) uchinchi shaxslar uchun pul shaklida bajarilishini nazarda tutuvchi kafillik, kafolat va boshqa majburiyatlarni berish. Bu “O‘zjamg‘armabank” tomonidan jalb etilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi;
g) mijozlarning topshirig‘i bo‘yicha ishonchli (trest) operatsiyalar (mablag‘larni jalb etish va joylashtirish, qimmatli qog‘ozlarni boshqarish va boshqalar);
d) bank faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan maslahat xizmatlari ko‘rsatish;
e) tovarlar yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatishdan kelib chiquvchi talablar qo‘yish huquqiga ega bo‘lish, bunday talablarni bajarishda tavakkalchilik qilish va bu talablarni inkassatsiya qilish, shuningdek, bu talablarni tovarlarning harakatini qo‘shimcha ravishda nazorat qilish orqali bajarish (faktoring);
j) lizing operatsiyalarini amalga oshirish;
z) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining litsenziyasi asosida va u tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq respublikada va chet elda chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish.
(14-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-avgustdagi 411-son qarori tahririda)
15. Bank tomonidan yuridik shaxslar va boshqa tashkilotlarning operatsiyalari va schyotlari bo‘yicha ma’lumotnomalar tashkilotlarning o‘ziga, davlat soliq inspeksiyalariga, sudlarga, xo‘jalik sudlariga, tergov organlariga, auditorlik tashkilotlariga berilishi mumkin.
16. Fuqarolarning schyotlari va omonatlari bo‘yicha ma’lumotnomalar mijozlar va ularning vakillaridan tashqari tergovda bo‘lgan ishlar bo‘yicha mijozlarning schyotlarda va omonatlarda bo‘lgan pul mablag‘lari va boshqa boyliklari xatlanishi, band solinishi yoki mol-mulk musodara qilinishi mumkin bo‘lgan hollarda sudlarga va tergov organlariga ham berilishi mumkin.
Schyotlar va omonatlarning egasi vafot etgan taqdirda ular bo‘yicha ma’lumotnomalar schyot yoki omonatning egasi tomonidan o‘lim hodisasi nazarda tutilgan holda bankka berilgan topshiriqda ko‘rsatilgan shaxslarga, vafot etgan omonatchilarning omonatlari bo‘yicha merosxo‘rlik ishlarini olib borayotgan davlat notarial idoralariga, shuningdek, xorijiy konsullik muassasalariga berilishi mumkin.
Sudlar, dastlabki tergov, surishtiruv organlari notarial organlarida omonatlar bo‘yicha schyotlar yoki boshqa ko‘rinishdagi jamg‘armalarining joylashgan joyi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmagan taqdirda “O‘zjamg‘armabank” tomonidan ularni qidirish amalga oshirilmaydi.
17. Yuridik shaxslarning “O‘zjamg‘armabank” dagi pul mablag‘lari va boshqa boyliklari sudlar, xo‘jalik sudlari, tergov organlarining qarori bilan xatlanishi mumkin, undirish esa sudlar tomonidan berilgan ijro varaqalari, xo‘jalik sudlarining buyruqlari hamda boshqa ijro hujjatlari bo‘yicha, shuningdek, davlat soliq inspeksiyalarining talabi bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.
18. Fuqarolarning “O‘zjamg‘armabank” dagi pul mablag‘lari va boshqa boyliklari faqat qonuniy kuchga kirgan hukm yoki sudning qarori asosida xatlanishi va undirib olinishi mumkin.
Fuqarolarning pul mablag‘lari va boshqa boyliklari qonuniy kuchga kirgan hukm yoki qonunga muvofiq chiqarilgan mol-mulkni musodara qilish to‘g‘risidagi qaror asosida musodara qilinishi mumkin.
19. “O‘zjamg‘armabank” muassasalari tomonidan operatsiyalar sodir etish shartlari texnologiyasi, foiz stavkalari, bank muassasalari tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun komission mukofot miqdori “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvi tomonidan belgilanadi, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun banklar tomonidan undirib olinadigan komission mukofot miqdori esa “O‘zjamg‘armabank” bo‘limi tomonidan shartnoma asosida belgilanadi.
20. Agar bank hujjatlarini saqlash muddati tamom bo‘lgan bo‘lsa, “O‘zjamg‘armabank” mijozlarning sodir etilgan operatsiyalar bo‘yicha e’tirozlarini qabul qilmaydi.
21. Bank:
mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalardan to‘lov topshiriqlarini, agar bu topshiriqlar belgilangan tartibga xilof ravishda berilgan bo‘lsa, fuqarolarning omonatlariga mablag‘ o‘tkazish uchun qabul qilmaslikka; kredit beriladigan yuridik va jismoniy shaxslardan hisobotlar, balanslar hamda ularning to‘lovga layoqatliklarini va berilgan kreditlarning ta’minlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni olishga;
kredit resurslaridan jismoniy va yuridik shaxslarga kredit berishda foydalanishga, shuningdek, kredit resurslarini banklararo pul bozorida kimoshdi savdosi orqali sotishga;
aholining omonatlari bo‘yicha eng kam foiz stavkalarini yuqori chegara bilan cheklanmasdan mustaqil ko‘paytirishga;
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-avgustdagi 411-son qaroriga muvofiq xatboshilar bilan to‘ldirilgan)
kredit shartnomalarida nazarda tutilgan majburiyatlar buzilgan taqdirda bundan keyin kredit berishni to‘xtatishga, berilgan kredit summalarini muddatidan ilgari undirib olishga;
shartnomalar asosida o‘tkazilgan operatsiyalar uchun foiz stavkalarini hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komission mukofotlar miqdorini belgilashga haqlidir.
IV. “O‘zjamg‘armabank” omonatchilarining huquqlari va ularni himoya qilish
22. Omonatchi “O‘zjamg‘armabank” ka istalgan miqdorda omonat qo‘yishga haqlidir. “O‘zjamg‘armabank” ka qo‘yiladigan jamg‘arma omonat dastlabki badalining eng oz summasi “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan tegishlicha Nizom bilan belgilanadi.
23. Omonatchi o‘z omonatlarini tasarruf qilishi, ular bo‘yicha “O‘zjamg‘armabank” taklif qiladigan foizlarda va boshqa shakllarda daromad olishi, omonatlar bo‘yicha schyotlardan naqd pulsiz to‘lovlar sodir etishi mumkin.
24. Omonatchi birovning nomiga yozilgan omonatni qo‘yishga yoki oluvchiga beriladigan omonatni qo‘yishga haqlidir. “O‘zjamg‘armabank” muassasasi tomonidan nomiga omonat qabul qilingan hujjat berilgan shaxs omonatchi hisoblanadi. Omonatga badallar faqat omonat egasi tomonidan emas, balki har qanday shaxs tomonidan qo‘yilishi mumkin. Oluvchi uchun schyotlarning ochilishi va omonatni berish bo‘yicha keyingi operatsiyalarni sodir etish omonatni qo‘yuvchi yoki pul oluvchi shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgach beriladi.
25. Voyaga yetmagan shaxs ham omonatchi bo‘lishi mumkin. O‘z nomiga o‘zi omonat qo‘ygan voyaga yetmagan shaxs bu omonatni mustaqil tasarruf etadi.
Biror kishi tomonidan voyaga yetmaganning nomiga qo‘yilgan omonatlarni quyidagilar tasarruf etadilar:
a) voyaga yetmaganlar 15 yoshga to‘lgunlariga qadar — ota-onalar yoki voyaga yetmaganlarning boshqa qonuniy vakillari;
b) 15 yoshga to‘lgandan keyin voyaga yetganning o‘zi, lekin o‘z ota- onasining yoki boshqa qonuniy vakillarning roziligi bilan.
26. Omonatchi omonatni shaxsan, shuningdek, vakil orqali ham tasarruf etishi mumkin, bunda omonatchi vakilning nomiga tegishli ishonchnomani rasmiylashtirishi kerak.
Omonatchi “O‘zjamg‘armabank”ka agar o‘zi vafot etgan taqdirda istalgan shaxsga, korxonaga, muassasaga, tashkilotga yoki davlatga omonatni berish to‘g‘risida topshiriq berish huquqiga egadir. Omonat egasi vafot etgan taqdirda topshiriq berilmagan omonatni bank merosxo‘rlarga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda beradi.
O‘lim hodisasi sababli topshiriqni va omonatlarni tasarruf etishga ishonchnomalarni rasmiylashtirish tartibi “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvi tomonidan belgilanadi
27. Omonatlar bo‘yicha va jamg‘armalarning boshqa turlari bo‘yicha daromadlarga soliq solinmaydi.
28. Aholining “O‘zjamg‘armabank”ka qo‘yilgan omonatlarining saqlanishi va o‘z vaqtida qaytarilishi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan kafolatlanadi.
29. “O‘zjamg‘armabank”ning barcha xizmatchilari operatsiyalar, o‘z mijozlari va korrespondentlarining schyotlari va omonatlari bo‘yicha sirni saqlashga majburdirlar.
30. “O‘zjamg‘armabank” muassasalari tomonidan mijozlarga pul mablag‘lari noto‘g‘ri berilgan yoki schyotlarga summalar noto‘g‘ri o‘tkazilgan taqdirda mijozlarga yetkazilgan zarar fuqaro qonunchiligiga muvofiq undiriladi.
V. “O‘zjamg‘armabank”ning o‘z mablag‘lari
31. Asosiy va oborot mablag‘lar fondlari, shuningdek, balansda aks ettiriladigan boshqa boyliklar “O‘zjamg‘armabank” ning mulkini tashkil etadi.
“O‘zjamg‘armabank” da bankning o‘z mablag‘lari hamda “SSSR jamg‘armalar bankining respublikalar va davlatlar jamg‘arma banklari bilan o‘zaro munosabatlari va hisob-kitoblarining umumiy asoslari to‘g‘risida” 1991-yil 30-oktabrda imzolangan bitimga muvofiq SSR Jamg‘armalar banki balansidan “O‘zjamg‘armabank” balansiga o‘tkazilgan aktivlar va passivlar summasi bo‘ladigan ustav fondi tashkil etiladi.
32. “O‘zjamg‘armabank” ning ustav fondi Boshqaruv tomonidan 150 mln so‘m miqdorida belgilangan hamda “O‘zjamg‘armabank” ning majburiyatlarini ta’minlash uchun xizmat qiladi.
33. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq bank faoliyatidan olingan daromadlap hamda respublika qonunchiligi bilan taqiqlanmagan boshqa daromadlar “O‘zjamg‘armabank” mulki shakllanishining manbalari hisoblanadi.
34. “O‘zjamg‘armabank” da quyidagi jamg‘armalar tashkil etiladi:
ustav va zaxira jamg‘armalari;
asosiy mablag‘lar jamg‘armasi;
iste’mol jamg‘armasi;
ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlantirish jamg‘armasi;
moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi;
ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati uchun tashkil etiladigan boshqa jamg‘armalar.
Bu jamg‘armalarni tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
35. “O‘zjamg‘armabank” ning daromadlariga amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq soliq solinadi.
36. Daromad resurslarni jalb etish va joylashtirish, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha operatsiyalarni o‘tkazishdagi faoliyat, shuningdek, boshqa operatsiyalarni, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi qonuni va mazkur Ustavda nazarda tutilgan tijorat operatsiyalarini bajarish natijasida hosil bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq budjetga soliq to‘langandan, jamg‘armalar tashkil etilgandan keyin daromaddan Boshqaruv tomonidan belgilanadigan tartibda foydalaniladi.
37. Aholining, jamoat tashkilotlarining schyotlaridagi pul mablag‘lari qoldiqlari, jamg‘armalarning o‘z mablag‘lari, boshqa banklarning depozitlari va kreditlari, boshqa jalb etilgan mablag‘lar, taqsimlanmagan daromad “O‘zjamg‘armabank” ning kredit resurslari hisoblanadi.
VI. “O‘zjamg‘armabank” ning tashkiliy tuzilmasi va uni
boshqarish
boshqarish
38. Rais, uning o‘rinbosarlari va Boshqaruv a’zolaridan iborat tarkibdagi O‘zbekiston Jamg‘armalar bankining boshqaruvi “O‘zjamg‘armabank” boshqaruvining yuqori organi hisoblanadi. Boshqaruv raisi Markaziy bank Boshqaruvi raisining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi. Raisning o‘rinbosarlari, Boshqaruv a’zolarining soni va shaxsiy tarkibi “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvi raisining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
39. “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruviga boshqarmalar va unga qarashli muassasalar faoliyatining barcha muhim masalalarini hal etish yuklatiladi.
“O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvi boshqaruvning yuqori organi sifatida:
a) jamg‘arma ishlarini, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish va takomillashtirish hamda kredit resurslarini joylashtirish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha tadbirlarni belgilaydi;
b) xo‘jalik hisobini, hisob va hisobotni, bank ichki nazoratini, o‘ziga qarashli muassasalarda boyliklarni saqlashni ta’minlashni, bank operatsiyalarini avtomatlashtirishni, mehnatni ilmiy tashkil etishni uyushtirishning asosiy qoidalarini ishlab chiqadi;
v) “O‘zjamg‘armabank” krediti va moliya yig‘ma hisob-kitob rejalari loyihasini muhokama qiladi;
g) bankka bo‘ysunuvchi boshqarmalarning yillik hisobotlari va balanslarini tasdiqlaydi, “O‘zjamg‘armabank” ning yig‘ma balansini ko‘rib chiqadi;
d) belgilangan iqtisodiy normativlardan kelib chiqqan holda markaziy apparatning tuzilmasini, shtatlarini, sonini, mehnatga haq to‘lash shartlari va miqdorini, shuningdek, “O‘zjamg‘armabank” muassasalarida mehnatga haq to‘lashi va moddiy rag‘batlantirish tizimini belgilaydi;
e) “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvining xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
j) o‘ziga qarashli muassasalarni tekshirish tartibini belgilaydi;
z) “O‘zjamg‘armabank” va uning muassasalar xodimlari uchun sir saqlanishi kerak bo‘lgan axborotlar ro‘yxatini belgilaydi;
i) “O‘zjamg‘armabank” ka qarashli muassasalar faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
k) uning ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan boshqa masalalarni hal etadi. “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvining muhim qarorlari, odatda, Raisning buyruqlari bilan hayotga joriy etildi.
40. “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvi o‘z ishini respublika “O‘zjamg‘armabank” muassasalari faoliyatiga rahbarlik qilish bo‘yicha barcha masalalarni hal etishni muhokama qilishda kollegiallikni yakkaboshchilik bilan qo‘shib olib borish asosida tashkil etadi. Boshqaruv faoliyati ish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
41. “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvining Raisi “O‘zjamg‘armabank” faoliyatiga unga Ustav tomonidan berilgan vakolatlarga muvofiq rahbarlik qiladi hamda “O‘zjamg‘armabank” yuklatilgan vazifalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
Rais:
“O‘zjamg‘armabank” myaccacalari faoliyatiga tegishli bo‘lgan barcha masalalarni hal etadi, boshqaruv faoliyatiga tegishli deb topilgan masalalar bundan mustasnodir;
“O‘zjamg‘armabank” nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi, “O‘zjamg‘armabank” ning faoliyati masalalari bo‘yicha respublikaning barcha organlarida, korxonalarida, tashkilotlarida va boshqa davlatlarda uning nomidan ish ko‘radi;
“O‘zjamg‘armabank” ning mol-mulkini tasarruf qiladi, shartnomalar, bitimlar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzadi, ishonchnomalar beradi;
xizmat safarlarining, vakillikning va boshqa xarajatlarning cheklangan miqdorini belgilaydi;
“O‘zjamg‘armabank” ning shtat jadvalini tasdiqlaydi, mehnatga haq to‘lashning hamda xodimlar boshqa daromadlarining shakli va miqdorlarini belgilaydi;
mukofotlash to‘g‘risidagi nizomni, “O‘zjamg‘armabank” xodimlarining lavozim yo‘riqnomalarini tasdiqlaydi;
“O‘zjamg‘armabank” ning barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar va farmoyishlap chiqaradi;
“O‘zjamg‘armabank” faoliyatining boshqa masalalarini ko‘rib chiqadi va hal etadi.
VII. Hisob, hisobot va “O‘zjamg‘armabank” faoliyatini tekshirish
42. “O‘zjamg‘armabank” muassasalar buxgalteriya uchyotini yuritadilar va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan umumiy qoidalarga muvofiq hisobot taqdim etadilar.
“O‘zjamg‘armabank” da buxgalteriya uchyoti hisobot va operatsiyalar bo‘yicha hujjatlar oborotining aniq tartibi “O‘zjamg‘armabank” Boshqaruvi tomonidan belgilanadi. “O‘zjamg‘armabank” yillik balansni hamda daromadlar va zararlar schyotini tuzadi, hisobot va boshqa materiallarning xarakteri va hajmi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan shakllarda va muddatlarda bo‘ladi.
43. “O‘zjamg‘armabank”ning operatsiya yili 1-yanvardan boshlanadi va 31-dekabrda tugaydi.
44 “O‘zjamg‘armabank” faoliyatini tekshirish “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
VIII. Sug‘urta
45. Bank xodimlari sug‘urta tashkilotida sug‘urta qilinishlari mumkin.
46. “O‘zjamg‘armabank” ning asosiy mablag‘lari (asosiy vositalarga tegishli bo‘lgan binolar, inshootlar, asbob-uskunalar va boshqa mol-mulk) ixtisoslashtirilgan sug‘urta tashkilotida sug‘urta qilinishi mumkin.
IX. “O‘zjamg‘armabank” ning tugatilishi
47. “O‘zjamg‘armabank”ning tugatilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.
48. “O‘zjamg‘armabank” tugatilgan taqdirda tugatish komissiyasi tuziladi, komissiyaning xulosasi tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Hukumat qarorlari to‘plami, 1993-y., 8-son, 32-modda)