Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
GERMANIYA FEDERATIV RESPUBLIKASI BILAN HAMKORLIK QILISH MASALALARI BOʻYICHA IDORALARARO KOMISSIYA TUZISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasi bilan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamda madaniy sohalarda hamkorlik qilishi dasturlarini muvofiqlashtirish hamda jadal amalga oshirish, oʻzbekistonlik va germaniyalik sheriklar oʻrtasida oʻzaro foydali ishonch hamda manfaatdorlik muhitini shakllantirish, Germaniya sarmoyasini, boshqaruv tajribasini va texnologiyalarini jalb qilgan holda Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. GFR bilan hamkorlik qilish masalalari boʻyicha idoralararo komissiya hamda uning huzurida doimiy ishlovchi kotibiyat tuzilsin.
* 1, 2-ilovalar berilmaydi.
3. Tashqi ishlar vazirligi, GFR bilan hamkorlik dasturlarini amalga oshiruvchi vazirliklar va idoralar komissiyani uning soʻrovlari boʻyicha zarur maʼlumotlar bilan taʼminlasinlar.
4. Belgilansinki, Oʻzbekiston—Germaniya hamkorligining aniq dasturlari boʻyicha komissiya qarorlarini bajarish vazirliklar va idoralar uchun majburiydir.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish boʻlimi zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 20-avgust,
424-son
GFR bilan hamkorlik qilish masalalari boʻyicha
idoralararo komissiya toʻgʻrisida
idoralararo komissiya toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. GFR bilan hamkorlik qilish masalalari boʻyicha idoralararo komissiya (bundan keyin komissiya deb ataladi) Germaniya Federativ Respublikasi bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarni yoki aniq dasturlarni amalga oshirishda faol qatnashayotgan Vazirlar Mahkamasi, hokimliklar, vazirliklar, idoralar, korxonalar va muassasalar rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari yoki masʼul xodimlaridan iborat tarkibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan taʼsis etiladi.
2. Komissiya oʻzining muntazam oʻtkazilib turiladigan majlislarida Oʻzbekiston—Germaniya hamkorligining amaldagi dasturlari bajarilishini va ularni amalga oshirish muammolarini koʻrib chiquvchi hamda yangi dasturlar boʻyicha takliflarni muhokamadan oʻtkazuvchi idoralararo tuzilmadir. Komissiyaning rasmiy ravishda rasmiylashtirilgan qarorlari komissiyada vakillik qiluvchi idoralar tomonidan bajarilishi majburiydir.
II. Vazifalari
3. Komissiyaning vazifalari quyidagilardan iborat:
hamkorlik dasturlari loyihalarini tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati orqali GFR bilan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy sohalardagi hamkorlik dasturlarining amalga oshirilishiga koʻmaklashish;
ularning amalda va oʻz muddatlarida bajarilishi barbod boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik;
moʻljallanayotgan loyihalarni yanada samarali amalga oshirish manfaati yoʻlida Oʻzbekiston tomonining harakatlarini muvofiqlashtirib borish;
Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy oʻzgarishlarni amalga oshirishda Germaniya sarmoyasini jalb qilish hamda boshqaruv tajribasidan, texnologiyalardan, mutaxassislardan foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
oʻzbekistonlik va germaniyalik sheriklar oʻrtasida oʻzaro ishonch va manfaatdorlik muhitini shakllantirish;
germaniyalik investorlar uchun oʻzbekistonlik sheriklarni toʻgʻri aniqlashga koʻmaklashish;
Oʻzbekiston—Germaniya munosabatlari rivojlanishini qiyinlashtiruvchi muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va hal etish.
III. Funksiyalari
4. Koʻrsatib oʻtilgan vazifalarni bajarish doirasida komissiya quyidagilarni amalga oshiradi:
Germaniya bilan hamkorlikning aniq dasturlari bajarilishini va ularning muammolarini oʻrganib boradi;
bunday dasturlar bajarilishining eng maqbul yoʻllarini yoki yangi loyihalarni yaratish zaruriyatini aniqlaydi;
amaldagi dasturlarning ham mohiyatiga koʻra, ham oʻz muddatida soʻzsiz bajarilishiga qaratilgan qarorlarni tezlik bilan qabul qiladi;
zarur hollarda ikki tomonlama hamkorlik dasturlarining amal qilishi sohasidagi huquqiy negizni takomillashtirish, ushbu dasturlar ehtiyojlari uchun budjet mablagʻlarini taqsimlash, zarur tashkiliy tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha Hukumatga yoki Oliy Kengashga takliflar kiritadi;
Germaniyadan keltirilayotgan yoki Oʻzbekistondan shu mamlakatga yuborilayotgan pul mablagʻlari, mollar va xizmatlarning foydalanilishini kuzatib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bonndagi elchixonasi va GFRning Toshkentdagi Elchixonasi orqali aniq loyihalarni amalga oshirish masalalari boʻyicha germaniyalik sheriklar bilan aloqalar bogʻlaydi;
Germaniyada Oʻzbekiston Respublikasi va Oʻzbekistonda Germaniya Federativ Respublikasi toʻgʻrisida axborotlar ayirboshlashni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻradi;
Oʻzbekistondagi nemis jamoasi hamda ilgari respublikada yashagan hozir esa GFRda istiqomat qilayotgan nemislar bilan olib boriladigan ishlarni muvofiqlashtirib boradi;
ikkala mamlakat davlat va siyosiy arboblarining Oʻzbekistonga yoki Germaniyaga tashriflarini tayyorlashda qatnashadi.
IV. Ishni tashkil etish
5. Komissiya majlisi zaruratga koʻra, lekin yilning har choragida kamida bir marta oʻtkaziladi. Yilning har choragida Oʻzbekiston – Germaniya hamkorligining aniq dasturlari boʻyicha ishlarning ahvoli tahlil qilinadi, uning natijalari toʻgʻrisida Prezidentga va Hukumatga axborot beriladi.
6. Har bir yil yakunlari boʻyicha komissiya tomonidan toʻplangan materiallar asosida Oʻzbekiston—Germaniya hamkorligining ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollarini yorituvchi byulleten chiqariladi.
7. Komissiya majlislari oʻrtasidagi davrda joriy ishlar bevosita komissiya raisiga boʻysunuvchi komissiya kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.
8. Kotibiyat komissiya majlislarini tashkiliy va texnik jihatdan tayyorlaydi hamda uning qarorlari bajarilishini nazorat qilishni taʼminlaydi. Unga vazirliklar va idoralardan zarur axborotni toʻplash hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan GFR oʻrtasidagi hamkorlikning rivojlanishi toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilish huquqi beriladi.
9. Kotibiyat Oʻzbekiston—Germaniya hamkorligi sohasida yuz berayotgan oʻzgarishlarni komissiya aʼzolari eʼtiboriga oʻz vaqtida yetkazishga majburdir hamda kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrishni talab qiluvchi muammolarni koʻrib chiqish uchun komissiya raisi orqali komissiya majlisini chaqirish tashabbusi bilan chiqish huquqiga egadir.