Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT ILMIY-TEXNIKA SIYOSATINING USTuVOR YOʻNALIShLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Respublikaning ilmiy-texnikaviy imkoniyatlarini saqlab qolish va mustahkamlash, Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim muammolarini hal etish uchun uning kuchlarini qayta yoʻnaltirish va bir joyga toʻplash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yilgi va yaqin kelajakka moʻljallangan davlat ilmiy-texnika siyosatining ustuvor yoʻnalishlari va davlat ilmiy-texnika dasturlari roʻyxati 1, 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1, 2 ilovalar berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi:
tadqiqotlarning ustuvorligidan kelib chiqqan holda fanni rivojlantirish uchun 1993-yilga ajratilgan budjet mablagʻlarini davlat va tanlov ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, fundamental tadqiqotlar jamgʻarmasini shakllantirish uchun yoʻnaltirsin;
ilgʻor texnologiyalarga olib chiqishni taʼminlovchi tashabbuskor tadqiqotchilik ishlarini moliyaviy taʼminlash uchun mablagʻlarning umumiy hajmidan 2,5 foizgacha boʻlgan miqdorda budjet mablagʻlarining zaxiralarini tashkil etsin;
ajratilgan mablagʻlarning aniq maqsadlarda foydalanilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari M.Q. Qoraboyevga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-avgust.,
382-son