Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
AMERIKA QOʻShMA ShTATLARIDA OʻQUVChILARNI OʻQITIShNI VA ULARNING TAJRIBA OʻRGANIShLARINI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston maktablarining yuqori sinf oʻquvchilarini AQShga oʻqishga yuborish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan maorif sohasida hamkorlik qilish boʻyicha Amerika kengashi (AKSELS) oʻrtasidagi Bitimga muvofiq hamda ularni uyushgan holda joʻnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston maktablarining tanlovdan oʻtgan 48 nafar yuqori sinf oʻquvchilarini 1993-yilning 15-iyulidan boshlab AQShga bir yil muddat bilan, ilova* qilinayotgan roʻyxatga muvofiq oʻqishga yuborsin.
*Ilova berilmaydi.
2. Oʻquvchilarni joʻnatish va ularning AQShda boʻlishlari bilan bogʻliq barcha masalalarni muvofiqlashtirish va hal etish uchun quyidagi tarkibda komissiya tuzilsin:
| M. Q. Qoraboyev |
— |
Bosh vazir oʻrinbosari, komissiya raisi |
| J..Gʻ. Yoʻldoshev |
— |
Xalq taʼlim vaziri, komissiya raisining oʻrinbosari |
|
Komissiya aʼzolari | ||
| S. S. Safoyev |
— |
Tashqi ishlar vaziri |
| Z. Almatov |
— |
Ichki ishlar vaziri |
| U. Abdugʻaniyev |
— |
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi |
| Gʻ. M. Rafiqov |
— |
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining bosh direktori |
| Sh. I. Karimov |
— |
Sogʻliqni saqlash vaziri |
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Amerika tomoni oʻquvchilarning yoʻlkiralari va AQShda boʻlishlari bilan bogʻliq xarajatlarni toʻliq oʻz zimmasiga oladi, ularning tibbiy muhofazasini kafolatlaydi hamda bir yildan keyin oʻqishni tugatganligi toʻgʻrisida ularga tegishli shahodatnomalar bergan holda ularning Toshkent shahriga qaytishlarini taʼminlaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
oʻquvchilarni uyushgan holda kutib olishni, joylashtirishni, AQShga uchib ketgunlariga qadar, Moskva shahrigacha kuzatib borishni hamda oʻqish tugaganidan soʻng ularni uyushgan holda kutib olishni taʼminlasin;
AKSELS, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan aloqalar orqali hamda oʻquvchilar, ular oʻqiyotgan maktablar, ular yashayotgan oilalar bilan bevosita pochta va boshqa turdagi axborot aloqasi bogʻlab oʻzbekistonlik oʻquvchilarning yashashlari va oʻqishlarini doimo diqqat markazida tutsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining buyurtmanomasiga binoan oʻquvchilarning viloyatlardan Toshkentga kelishlari, ularni ovqatlantirish, joylashtirish hamda oʻqish muddati tugaganidan soʻng Toshkentdan doimiy yashash joylariga joʻnatish uchun zarur mablagʻlap ajratsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
joʻnab ketuvchilarning ketish hujjatlarini rasmiylatirishni hamda ushbu qarorni Oʻzbekistonning AQShdagi va Rossiya Federatsiyasidagi elchixonalariga yetkazishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasiga oʻquvchilarni Moskvadan AQShga joʻnatishda va ularning qaytishida yordam koʻrsatish boʻyicha topshiriq bersin;
Oʻzbekiston Respublikasining AQShdagi Elchixonasiga oʻzbekistonlik maktab oʻquvchilariga doimiy yordam koʻrsatish dasturining muvaffaqiyatli bajarilishiga koʻmaklashish uchun AQShdagi oʻquvchilar, tegishli maktablar va oilalar bilan zarur aloqalar oʻrnatish vazifasini yuklasin.
7. Oʻzbekiston havo yoʻllari milliy aviakompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining buyurtmanomasiga muvofiq Moskva shahrigacha boʻlgan aviachiptalarni belgilangan muddatlarda band qilib qoʻyishni va sotishni amalga oshirsin.
8. “Oʻzdavteleradio” kompaniyasi (Yahyoyev), “Oʻzdavkinokompaniya” (Joʻrayev), Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (Hazratqulov) oʻzbekistonlik oʻquvchilarni AQShda oʻqitish dasturining amalga oshirilishini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishni tashkil etsinlar.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 20-iyul,
367-son