Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
OLIY MAJLIS INSON HUQUQLARI BOʻYIChA VAKILINING (OMBUDSMANNING) 2002 YILGI FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) S. Sh. Rashidovaning hisobotini eshitib va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2002-yilgi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
2. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman):
hokimiyatning qonun chiqaruvchi tarmogʻini isloh qilish sharoitida ombudsman faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishla6 chiqsin;
inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash sohasida milliy qonun hujjatlariga rioya etilishining monitoring tadqiqotlarini rivojlantirsin hamda chuqurlashtirsin;
insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni ijtimoiy sheriklik prinsiplari asosida faollashtirsin;
fuqarolar murojaatlarini joylarning oʻzida tezkor hal etish boʻyicha ombudsman mintaqaviy vakillarining davlat organlari hamda jamoat tuzilmalari bilan hamkorlikdagi ishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Teleradio kompaniyasi, Oʻzbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi jamoatchilikni inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan davlat siyosatidan xabardor qilib borish masalalarida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga) har tomonlama koʻmaklashsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2003-yil 25-aprel,
488-II-son
OLIY MAJLIS INSON HUQUQLARI BOʻYIChA VAKILINING (OMBUDSMANNING) 2002 YILGI FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
HISOBOT
Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) hisobot davridagi faoliyati hokimiyatning qonun chiqaruvchi tarmogʻini isloh qilishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, milliy qonunchilik hamda huquqning qoʻllanish amaliyotini takomillashtirish, demokratik institutlarni rivojlantirish, ijtimoiy sektor va ommaviy axborot vositalarini ijtimoiy sheriklik prinsiplari asosida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish jarayoniga jalb etish, xalqaro tashkilotlar bilan keng hamkorlik qilish, jamiyat hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish va demokratlashtirishni chuqurlashtirish sharoitlarida amalga oshirildi.
1. INSON HUQUQLARI SOHASIDAGI QONUN HUJJATLARIGA RIOYA ETILIShI MONITORINGI VA UNI TAKOMILLAShTIRIShGA DOIR IShLAR
Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Yuzaga kelishi ehtimoli boʻlgan muammolarni hal qilish yoʻllari hamda usullari belgilab ham olindi. Inson huquqlarini buzish hollarini keltirib chiqaruvchi sabablar va sharoitlarga oid maxsus maʼruzalar hamda tayyorlangan tavsiyalar viloyatlar hokimliklariga yuborilgach, mahalliy hokimiyat organlari, boshqa tuzilmalar ular asosida bu kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslikka doir chora-tadbirlarni ishlab chiqdilar.
Shunga binoan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining bolalarning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olish huquqini taʼminlashga taalluqli qismining Xorazm viloyatidagi hamda “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ayollarning reproduktiv huquqlarini taʼminlashga oid qismining Jizzax viloyatidagi ijrosi toʻgʻrisida monitoring tadqiqotlari oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan monitoring natijalari shuni koʻrsatdiki, Xorazm viloyatida fuqarolarning taʼlim olishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, bu jarayonda ishtirok etayotgan ijtimoiy tuzilmalarni yanada rivojlantirish, aholini taʼlim va tarbiyaning barcha shakllari bilan qamrab olish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Biroq bolalarning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olish huquqlarini taʼminlash borasida davlat organlari hamda taʼlim tizimi organlarining faoliyatida hamon ayrim xato va kamchiliklar ham uchramoqda.
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimidagi oʻquv muassasalari darsliklar, uslubiy qoʻllanmalar va boshqa adabiyotlar bilan atigi 70—75 foiz taʼminlangan, bunday kitoblarning nashr adadi yetarli emas, tumanlarda maktab darsliklari va oʻquv ashyolarini sotishga moʻljallangan kitob doʻkonlari yoʻq.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining bolalarning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olish huquqini taʼminlashga taalluqli qismining Xorazm viloyatidagi ijrosi toʻgʻrisidagi maʼruza viloyat faollarining 2002-yil 24-iyulda boʻlib oʻtgan yigʻilishida muhokama etilib, maʼruzada taʼkidlab oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan tegishli qaror qabul qilingan.
Jizzax viloyatida oʻtkazilgan monitoring tadqiqotlari tugʻish yoshidagi ayollarning yuqori malakali tibbiy xizmat olish va sogʻligʻini muhofaza qilishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashga, ularning reproduktiv huquqlardan qay darajada xabardorligini, homiladorlarga tibbiy yordam koʻrsatish muassasalari xodimlarining kadrlar salohiyatini oʻrganishga qaratildi.
Bu boradagi faoliyatning asosiy yoʻnalishlaridan biri reproduktiv salomatlik masalalari boʻyicha keng maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishdan iborat.
Monitoring tadqiqotlarining koʻrsatishicha, homiladorlarga tibbiy yordam koʻrsatuvchi ayrim muassasalardagi tibbiy xizmat koʻrsatish sifati, ularning zarur asbob-uskunalar, dori-darmon vositalari bilan taʼminlanganlik darajasiga eʼtiborni yanada kuchaytirish zarur.
Tugʻuruqxona majmualari bosh shifokorlari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijasida ayrim muassasalarning kapital taʼmirga muhtojligi, baʼzilari esa hatto avariya holatida ekanligi aniqlandi. Homiladorlarga tibbiy yordam koʻrsatuvchi deyarli barcha muassasalarni asbob-uskunalar, laboratoriya, tashxis qoʻyish va boshqa maxsus jihozlar, qattiq va yumshoq inventarlar bilan taʼminlashda qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.
“Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining fuqarolarning reproduktiv huquqlarini taʼminlashga taalluqli qismining Jizzax viloyatidagi ijrosiga doir monitoring tadqiqotlari shundan dalolat beradiki, davlat organlari va sogʻliqni saqlash organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xotin-qizlar tashkilotlarining faoliyati yanada takomillashtirilmogʻi lozim.
Shu munosabat bilan tavsiyalar tayyorlandi, viloyat, tuman va shahar hokimliklari, shuningdek sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamda boʻlimlari mazkur tavsiyalar asosida sogʻliqni saqlash tizimining moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xususiy tibbiy xizmat koʻrsatish sektorini rivojlantirish, otaliqqa olgan tashkilotlarning imkoniyatlaridan foydalangan holda homiladorlarga tibbiy yordam koʻrsatish muassasalaridagi taomlar sifatini yaxshilash, bunday muassasalarni qattiq va yumshoq inventarlar bilan taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar koʻrishlari zarur. Viloyat ommaviy axborot vositalari yosh avlodni gender tengligi ruhida tarbiyalash masalalarining yoritilishiga, reproduktiv huquqni taʼminlash mavzulariga yanada koʻproq eʼtibor qaratishlari, aholini onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy xizmat koʻrsatishga oid qonun hujjatlari normalarini buzish hollari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek aybdor shaxslarga nisbatan koʻrilgan choralar haqida aniq misollar asosida xabardor etishlari zarur. Tadqiqot yakunlariga koʻra mahalliy davlat hokimiyati organlarining tegishli qarorlari ham qabul qilindi.
Monitoring tadqiqotlari yakunlariga oid maʼruzalarga Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Maslahat-tahlil kengashi aʼzolarining ekspert bahosi berildi.
Huquqlarni imkon qadar maqbul tarzda va samarali roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratish maqsadida milliy qonunchilikni xalqaro huquqiy normalar va hujjatlarga muvofiqlashtirish muhim ahamiyatga ega. Inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga oid ishlar Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
2002-yil mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan “Jamoat fondlari toʻgʻrisida”gi, “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi, “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi, “Teng huquqlar va imkoniyatlar toʻgʻrisida”gi, “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi, “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi va boshqa qator qonun loyihalarining ekspertizasi oʻtkazildi.
Ombudsman instituti tomonidan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi bilan hamkorlikda Inson huquqlari sohasidagi harakatlar milliy dasturi loyihasi muhokama qilindi, bu loyiha inson huquqlari va erkinliklarini amalda taʼminlashga oid umummilliy va mintaqaviy siyosat strategiyasi hamda taktikasini ishlab chiqishga, diqqat-eʼtiborni inson huquqlari sohasidagi hal etilmagan muammolarga jalb etishga koʻmaklashishga qaratilgan. Milliy dastur loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Toshkent davlat yuridik instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining I. M. Moʻminov nomidagi Falsafa va huquq instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi muhokamasiga yuborildi. Mazkur tashkilotlarning takliflari va fikr-mulohazalari dastur loyihasi maromiga yetkazilishida hisobga olindi.
Oʻzbekiston Respublikasida qonun chiqaruvchi organni isloh qilish jarayonlari ikki palatali parlament sharoitida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) institutini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish zaruriyatini aniqlab berdi, bu konsepsiya ombudsmanlar faoliyatining jahon tajribasini oʻrganish, 130 ta chet mamlakatlar qonunlari qoidalarining tahlilini oʻtkazish asosida tuzildi, shuningdek TASIS va EXHT ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi.
Davlat organlarining ayrim vazifalarini fuqarolarning oʻzini oʻzi 6oshqarish organlariga bosqichma-bosqich oʻtkaza borish yoʻli bilan davlat va jamiyat qurilishini erkinlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan “XXI asr mahallasi” konsepsiyasini tayyorlash va muhokama qilishga Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan katta eʼtibor qaratildi.
II. OLIY MAJLIS INSON HUQUQLARI BOʻYIChA VAKILINING(OMBUDSMANNING) FUQAROLARNING MUROJAATLARI BILAN OLIB BORGAN IShLARI
2002-yilda ombudsmanga fuqarolardan 5130 ta murojaat tushdi, shu jumladan 2768 ta murojaat pochta orqali keldi, 2362 ta murojaat qabul vaqtida tushdi (shulardan 871 tasiga ogʻzaki tushuntirishlar va maslahatlar berildi).
Fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilganligi toʻgʻrisidagi 1450 ta murojaat nazoratga olindi, shulardan 250 tasi ijobiy hal qilindi.
Inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyat toʻgʻrisida axborot olish imkoniyatini beruvchi muhim ish shakllaridan biri joylarda fuqarolar qabulini tashkil etishdir. Yil davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va uning Kotibiyati xodimlari mintaqalarda, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Xorazm viloyatlarida boʻlib, fuqarolarning murojaatlarini qabul qildilar. Ombudsman va uning vakillari joylarga chiqib, arizachilar bilan 40 dan ziyod uchrashuv oʻtkazdilar. Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya aʼzolari, Ekspert kengashi aʼzolari, shuningdek Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) mintaqaviy vakillari jinoiy va fuqarolik ishlari boʻyicha 35 ta sud jarayonini ombudsman vakili sifatida kuzatdilar.
Fuqarolardan tushgan murojaatlarning maʼlumotlar bankidan faol foydalanildi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, murojaatlarning katta qismi avvalgidek qonuniylik va huquq-tartibotni taʼminlash, ijtimoiy himoya qilish masalalariga, mehnatga oid munosabatlardagi, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishdagi kamchiliklarga taalluqlidir.
Murojaatlar umumiy sonining ellik bir foizidan ortigʻi sud va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati bilan bogʻliq.
Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan murojaatlar oʻtgan yildagiga nisbatan koʻproq tushayotganligi tamoyili koʻzga tashlanmoqda.
Odil sudlov sohasidagi huquqbuzarlik masalalariga oid murojaatlar tahlili shuni koʻrsatadiki, ularning aksariyati sudda ish koʻrishning asossiz kechiktirib yuborilayotganligi, sansalorlik qilinayotganligi, tergov va sud xodimlarining noxolisligi, sud qarorlarining bir-biriga zidligi yoki ularning ijro etilmasligi, tergovni qonunga zid usullar bilan olib borish, tergovdagilarning himoya huquqlari buzilayotganligi bilan bogʻliq shikoyatlardir.
Mehnat huquqlari sohasida fuqarolar koʻpincha ishdan noqonuniy boʻshatilganlik va ish haqi oʻz vaqtida toʻlanmayotganligi haqida shikoyat qiladilar.
Ijtimoiy huquqlarga doir murojaatlarning aksariyati ijtimoiy toʻlov, ishsizlik nafaqasi olish huquqlarini amalga oshirish, yoshga koʻra, nogironlik nafaqasiga chiqish tartiboti, pensiyalar miqdorini hisoblash tartibi buzilganligi, shuningdek tibbiy yordam koʻrsatish masalalari bilan bogʻlik murojaatlardir.
Iqtisodiy huquqlar sohasida fuqarolar mulk huquqi, tadbirkorlik faoliyatini erkin amalga oshirish huquqi buzilayotganligi va bunday faoliyatni amalga oshirishga ayrim mansabdor shaxslar tomonidan toʻsqinlik qilinayotganligi haqida shikoyat qiladilar.
Taʼlim masalalariga doir, hokimliklar qabul qilgan qarorlardan norozilik bildirib yozilgan, xotin-qizlar, bolalar huquqlari buzilayotganligi haqidagi murojaatlar soni kamaydi.
Fuqarolar murojaatlari tahlili shuni koʻrsatadiki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning mansabdor shaxslari xatti-harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat qilish, avvalgi yillarda boʻlgani kabi oʻz dolzarbligini saqlab qolmoqda hamda bu masala mamlakatda olib borilayotgan sud-huquq islohoti jarayonida bundan buyon ham oʻrganishni talab etadi.
III. OMBUDSMAN MINTAQAVIY VAKILLARINING FUQAROLAR HUQUQ VA ERKINLIKLARINI HIMOYA QILISh SOHASIDAGI FAOLIYATI
Shuni taʼkidlash joizki, 2002-yilda ombudsman mintaqaviy vakillarining ishi yanada faollashdi. Bu mahalliy davlat hokimiyati organlarining qoʻllab-quvvatlashi va mazkur institutning tuzilmaviy shakllanishi amalda nihoyasiga yetganligi bilan bogʻlikdir. Mintaqaviy vakil toʻgʻrisida nizom ishlab chiqildi. Uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, mintaqaviy vakillar ishini muvofiqlashtirish maqsadida hisobot davrida ombudsman Kotibiyati xodimlarini mamlakatning turli mintaqalariga xizmat safariga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Hisobot yilida ombudsman mintaqaviy vakillari tomonidan 900 ga yaqin murojaat koʻrib chiqildi.
Ombudsman mintaqaviy vakillarining hisobot davridagi faoliyati ustuvorliklaridan biri aholi keng qatlamlari hamda rahbarlar orasida ombudsman va uning vakillari vazifalari hamda vakolatlari toʻgʻrisida axborot-maʼrifiy ishlarni olib borishdan iborat boʻldi. Davlat tashkilotlari va jamoat birlashmalari, oʻquv yurtlari, korxonalar va muassasalarda, mahallalarda mintaqaviy vakillar tasha6busi asosida hamda xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni mustahkamlash doirasida seminarlar tashkil etish, uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish orqali fuqarolar va mansabdor shaxslarni inson huquqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, ombudsman faoliyati, inson huquqlariga doir xalqaro bitimlar bilan tanishtirish ishlari davom ettirildi. Mazkur ishlar markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritib borildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni toʻla-toʻkis roʻyobga chiqarish maqsadida ombudsman mintaqaviy vakillarining koʻmagida barcha hududlarda viloyat prokuratura tuzilmalari bilan birgalikda ishchi guruhlari tuzilib, ularning faoliyati aholi oʻrtasida huquqiy bilimlarni targʻib qilishga, muayyan murojaatlar tekshiruvini birgalikda oʻtkazishga qaratilmoqda.
Fuqarolarning shikoyatlarini joylarda tezkor oʻrganish uchun hisobot davrida ombudsman tomonidan mintaqaviy vakillarga ijro etish, qoʻshimcha axborot olish va dalillarni aniqlashtirish, tekshirishlarni uyushtirish uchun 204 ta topshiriq berildi.
Odil sudlov sohasidagi huquqbuzarliklar masalasi xususida mintaqaviy vakillarga tushgan murojaatlar tahlili shuni koʻrsatadiki, hamon ularning aksariyati, ombudsmanga tushgan murojaatlar singari, sudlarning hukmlaridan norozilik, sud ishlarini yuritishdagi sustkashlik, sud hal qiluv qarorlarini qayta koʻrib chiqishni talab qilish, jinoiy javobgarlikka asossiz jalb etilganlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari va sud qarorlarining ijro etilmasligi bilan bogʻliq.
Mehnat huquqlari sohasida mehnat shartnomalarining shartlariga rioya etilishi, malakali ish bilan taʼminlash xususida shikoyatlar kelib turibdi.
Ijtimoiy huquqlar sohasidagi murojaatlar ijtimoiy yordam olishga boʻlgan imkoniyatlarni roʻyobga chiqarishdagi qoidabuzarliklar, pensiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining tartib-taomillariga rioya etilmasligi, nogironlik guruhlari belgilanishidagi kamchiliklar, pensiyalarni hisoblash tartibi takomillashtirilmaganligi, pensiya taʼminoti borasidagi huquqlar toʻla va oʻz vaqtida amalga oshirilishi bilan bogʻliq xizmatdan qoniqmaslik, tibbiyot muassasalarida davolanuvchilarning huquqlari buzilishi bilan bogʻliq.
Iqtisodiy huquqlar sohasida mulk huquqi buzilayotganligi, tadbirkorlik faoliyatining har xil turlarini amalga oshirish yoʻlida sansalorlik hamda ayrim mansabdor shaxslar tomonidan asossiz toʻsqinliklar qilinayotgani xususida eʼtirozlar boʻlib turibdi.
Murojaatlarning talay qismini uy-joyga boʻlgan huquqlarning buzilishiga doir shikoyatlar tashkil etadi, ularda uy-joy mulkdorlari shirkatlarining va kommunal xizmat koʻrsatish organlarining qoniqarsiz ish olib borayotganligi xususida arz etiladi. Tuman va shahar ichki ishlar boshqarmalarining (boʻlimlarining) pasport idoralari, hokimliklar komissiyalari tomonidan fuqarolarni turar joyi boʻyicha roʻyxatga olish va doimiy qayd etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etishda yoʻl qoʻyilayotgan sansalorlik hollari boʻyicha fuqarolarning murojaatlari soni kamaymayapti.
Mintaqaviy vakillar faoliyatida hisobot davrida arizachilar bilan joylarda uchrashish, ombudsman vakili sifatida sud protsesslarining borishini kuzatish singari yangi ish shakllari paydo boʻldi. Mintaqaviy vakillar ombudsman topshiriqnomalaridagi muayyan faktlar yuzasidan penitensiar tizim muassasalarini borib koʻra boshladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-maydagi 232-II-sonli qaroriga muvofiq ombudsmanning Xorazm va Jizzax viloyatlari boʻyicha mintaqaviy vakillari tegishli xalq deputatlari viloyat Kengashlarining sessiyalarida mazkur viloyatlarda inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish sohasidagi vaziyat hamda 2001-2002-yillar mobaynidagi oʻz faoliyatlari toʻgʻrisida axborot berdilar. (Boshqa vakillarning axborotlari ham viloyatlar hokimiyat vakillik organlarining boʻlgʻusi sessiyalari kun tartibiga kiritilgan).
Hisobot davrida TASIS dasturi orqali Jizzax, Navoiy va Andijon viloyatlarida mintaqaviy vakillarni qoʻllab-quvvatlash ishlari amalga oshirildi, ular 2003-yildayoq kompyuterlar va nusxa koʻchirish texnikasini olishlari, “Internet” tarmogʻi va elektron pochtadan foydalanishlari mumkin. Bu ularga shunday imkoniyatga ega boʻlgan markaziy idora hamda boshqa mintaqaviy vakillar bilan faol muloqotda boʻlish imkonini beradi.
Mintaqaviy vakillar faoliyatining samaradorligi ijobiy hal etilayotgan murojaatlar soni yil sayin ortib borayotganligida, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati oʻsayotganligida oʻz ifodasini topmoqda. Bu “Ijtimoiy fikr” markazining sotsiologik soʻrovlari yakunlarida va Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan qayd etilmoqda. Bunday tuzilmalar faoliyatining tajribasi Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) chet ellik sheriklari — Polsha Respublikasi Fuqarolar huquqlari vakilida va, ayniqsa, oʻz mamlakati mintaqalarida vakillarga ega boʻlgan, faoliyati bilan Oʻzbekiston parlamenti ombudsmanining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Fargʻona viloyati boʻyicha vakillari tanishi6 qaytgan Avstriya Respublikasi ombudsmanlarida alohida qiziqish uygʻotdi. Oʻtgan yili Polsha, Shvetsiya, Germaniya va Avstriya ombudsmanlari devoni mutaxassislari Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Samarqand viloyati boʻyicha vakili, Yevropa Ombudsman institutining ijrochi direktori esa Buxoro viloyati boʻyicha vakili amaliy faoliyati bilan tanishdi.
IV. OMBUDSMANNING JAMOATChILIK BILAN ALOQALARI VA XALQARO HAMKORLIK
Oʻz faoliyatining asosiy prinsiplarini — oshkoralik va ochiqlikni roʻyobga chiqara borib ombudsman: sud tizimini va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni isloh qilish jarayonlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatladi; demokratik jamiyatda inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish tizimining muhim boʻgʻini boʻlgan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga koʻmaklashdi; yoshlar doirasida huquqiy targʻibotni kuchaytirishga hamda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini ragʻbatlantirishga koʻmaklashdi; jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari — bolalar, xotin-qizlar, qariyalar, nogironlar, kam taʼminlanganlar va mahbuslarning huquqlarini taʼminlash va rivojlantirish masalalari bilan shugʻullandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan mamlakat mintaqalarida seminarlar, maʼruzalar va suhbatlar oʻtkazishga katta eʼtibor qaratildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Konrad Adenauer nomidagi Fondning mintaqaviy vakolatxonasi bilan birgalikda Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan vakillar ishtirokida inson huquqlari monitoringi masalalari boʻyicha xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Bundan tashqari barcha mintaqalarda mazkur fond, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda jinoiy jazolarni liberallashtirish masalalari, jamiyatda huquqiy ongni yuksaltirish muammolari boʻyicha ilmiy-maʼrifiy seminarlar oʻtkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati tomonidan inson huquqlari boʻyicha maʼrifiy adabiyotlarni tayyorlash, nashr etish hamda ularni oʻquv yurtlari, penitensiar tizim muassasalari, jamoat tashkilotlariga bepul tarqatish amalga oshirilmoqda, shu jumladan oʻzimizdagi va xorijiy sheriklardan olingan maʼrifiy adabiyotlar shu zaylda tarqatilmoqda.
“Inson huquqlari monitoringi” toʻplamining nashr etilishi va tarqatilishi Konrad Adenauer nomidagi Fond vakolatxonasi koʻmagida amalga oshiriladigan boʻldi. Toʻplamning maqsadi mushtariylarni jamiyatimiz uchun yangi boʻlgan huquqni muhofaza qilish vositasi monitoringi va rivojlantirilishi uslubiyoti bilan tanishtirishdan iboratdir. Toʻplamda mamlakatimiz va chet el mualliflarining huquqlar va erkinliklar monitoringining eng dolzarb muammolariga bagʻishlangan maqolalari, monitoring boʻyicha konferensiya yakunlari va boshqa materiallar eʼlon qilinadi. Toʻplam oʻquv yurtlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, jamoat birlashmalariga tarqatiladi, shuningdek chet el ombudsmanlariga hamda yuridik yoʻnalishdagi tadqiqot markazlariga yuboriladi. Ombudsman tashabbusi bilan, ana shu Fond vakolatxonasi koʻmagida Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tizimining voyaga yetmagan shaxslarni saqlashga moʻljallangan Zangiota tarbiya koloniyasiga kompyuter sinfi topshirildi. Bu ish muassasada huquqiy madaniyat darajasini oshirishga koʻmaklashibgina qolmay, balki jazoni oʻtaganlarning ijtimoiy koʻnikmasini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyish imkoniyatini ham beradi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan eʼlon qilinayotgan har yilgi hisobotlar, shuningdek axborot-maʼrifiy yoʻsindagi boshqa adabiyotlar davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, oliy oʻquv yurtlariga, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlariga, ommaviy axborot vositalariga muntazam ravishda yuborilmoqda.
Xorijiy, markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida (gazeta-jurnal, axborotnoma va boshqa nashrlarda) inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini, Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning), Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiyaning, ombudsman mintaqaviy vakillarining faoliyatini yorituvchi 100 dan ziyod maqola eʼlon qilindi.
Oshkoralik prinsipini va ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish konsepsiyasini roʻyobga chiqarish doirasida “ombudsman — massmedia” oʻzaro hamkorlik guruhi yangilandi.
“Yoshlar”, “Toshkent va toshkentliklar”, “Chet mamlakatlarga eshittirishlar” studiyalarining toʻlqinlarida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) institutining faoliyati va vazifalari toʻgʻrisidagi radioeshittirishlarning efirga muntazam chiqishi davom ettirildi. Televideniye kanallarida 20 dan ziyod reportaj va maʼrifiy koʻrsatuv tayyorlandi hamda namoyish etildi. Shuningdek, chet el ommaviy axborot vositalari (“Bi-bi-si”, “Nemis toʻlqini”, Daniyaning gazetalari va axborot agentliklari hamda boshqalar) bilan tadbirlar va brifinglar oʻtkazish jarayonida muloqotlar boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimiz Prezidentining parlamentning sakkizinchi — oʻninchi sessiyalaridagi maʼruzalarida bayon qilingan qoidalarni amalda roʻyobga chiqara borib, hisobot davrida kollejlar va litseylarning oʻquvchilari, yuridik yoʻnalishdagi oliy oʻquv yurtlarining talabalari, magistrantlari va aspirantlarining ombudsman Kotibiyatida ish oʻrganishi hamda qonun chiqaruvchi oliy organ faoliyati bilan tanishuvi amaliyoti davom ettirildi. Ombudsman faoliyati bilan tanishtirish yuzasidan Toshkent islom universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik instituti talabalari, “Kamolot” ijtimoiy harakati faollari uchun bevosita parlament binosida uchrashuvlar oʻtkazildi, Toshkent davlat yuridik instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent yuridik kolleji va boshqa oʻquv yurtlarida muntazam ravishda leksiyalar oʻqilmoqda. Hisobot davrida ilmiy-tadqiqot ishlariga taqrizlar berildi hamda fan doktorlari va nomzodlari ilmiy darajasini olish talabgorlarining inson huquqlariga rioya etilishi muammolarini tadqiq etishga bagʻishlab yozilgan dissertatsiya ishlariga bir nechta taqrizlar tayyorlandi.
Bundan tashqari, oʻz materiallarini adliya organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etgan bir qator huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning ustav hujjatlari yuzasidan xulosalar berildi.
Hisobot davrida xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar (BMT, AVA, SIDA va boshqalar) tomonidan tashkil etilgan turli treninglar va kurslarda ombudsman institutining Kotibiyati xodimlari va jamoatchilik asosidagi tuzilmalari aʼzolari malaka va ish mahorati oshirdilar. Axborot imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida mintaqaviy vakillarning bir qator idoralarini keyinchalik ularning bazasida huquqiy maorif va yordam markazlarini tashkil etish uchun texnik taʼminlash va “Internet” tarmogʻiga ulash uchun grantlar ajratilishi boʻyicha donorlik tashkilotlari bilan ish olib borildi.
Xalqaro jamoatchilikni tezkor xabardor qilish maqsadida oʻtgan davrda ombudsman institutining Internetdagi elektron manzili yangilandi (ombudsman(a)gov.uz). Shuningdek, Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) sahifasi mazmunini yangilash boʻyicha ishlar umumparlament sayti doirasida ham oʻtkazildi.
Chet mamlakatlar ombudsman institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi va ularni himoya qilish muammolari boʻyicha hamkorlik Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. 2002-yilda bunday hamkorlik Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) xalqaro va milliy tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan turli tadbirlarda ishtirok etishi orqali amalga oshirildi. BMT, EXXT, Yevropa Ombudsman instituti va boshqa shu singari nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan uyushtirilgan tadbirlar ular orasida ayniqsa muhim oʻrin tutdi.
2002-yil boshlarida Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) taklifiga binoan Polsha Respublikasi Fuqarolar huquqlari vakili professor Anjey Sol boshchiligidagi shu mamlakat delegatsiyasi Oʻzbekistonda boʻldi. Tashrif chogʻida Polsha Respublikasi Fuqarolar huquqlari vakili bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.
Avstriya ombudsmanlari va Avstriya Tashqi ishlar vazirligining taklifiga binoan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) bilan uning Fargʻona viloyati boʻyicha vakili shu mamlakatga tashrif buyurdi. Tashrif chogʻida Avstriya parlamentining Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasida, Avstriya Konstitutsiyaviy sudida, Adliya vazirligida, prokuraturasida va jazoni ijro etish muassasasida, EXXT qarorgohida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining koʻmagida Yevropa mamlakatlari ombudsmanlari bilan ikki tomonlama hamkorlik oʻrnatilmoqda. Shvetsiya parlamenti ombudsmani bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolanib, uning doirasida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʻzaro hamkorlik masalalari boʻyicha mutaxassis T. Maninen ekspert yordami koʻrsatish va trening oʻtkazish uchun 2002-yil noyabr–dekabr oylarida Oʻzbekistonga keldi. T. Maninen uchun ombudsman instituti sheriklari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, oʻquv yurtlari bilan muloqotlarni oʻz ichiga olgan maxsus dastur ishlab chiqildi. Slovakiya ombudsmani ham Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolashga qiziqish bildirdi. Tashqi ishlar vazirlarining soʻrovlari boʻyicha Slovakiya, Vengriya, Latviya ombudsman institutlari toʻgʻrisida maʼlumotnomalar tayyorlandi.
Hisobot davrida Oliy Majlis ombudsmanining Xalqaro Ombudsman instituti faoliyatidagi ishtiroki faollashib, bu ishtirok ombudsman instituti toʻgʻrisida axborot, materiallar, adabiyotlar ayirboshlash, rahbariy organlarni saylashda ishtirok etish, Xalqaro Ombudsman instituti axborotnomasida Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) faoliyati toʻgʻrisida materiallar eʼlon qilish yoʻli bilan amalga oshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Yevropa Ombudsman instituti tomonidan Krakov shahrida (Polsha) tashkil etilgan VI Yevropa ombudsmanlar konferensiyasi ishida qatnashdi. Unda Yevropadagi 33 ta mamlakat ombudsmanlari va bir qator xalqaro tashkilotlarning vakillari hozir boʻldilar.
Ombudsman tomonidan hisobot davrida chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini qabul qilish bilan bogʻliq 30 dan ziyod tadbir oʻtkazildi. Qabul qilinganlar orasida AQSh Davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat masalalari boʻyicha oʻrinbosari L. Kraner boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi, BMTning qiynoqlar boʻyicha maxsus maʼruzachisi Teo van Boven, Oʻzbekistonda akkreditatsiya qilingan elchilar va diplomatlar, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Toshkentdagi vakili, EXXT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining gender masalalari boʻyicha maslahatchisi, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasi, Amerika yuristlar uyushmasi vakili, Germaniya Bundestagi aʼzosi, AQSh Milliy demokratiya instituti, Konrad Adenauer nomidagi Fondning Markaziy Osiyo boʻyicha vakillari va boshqalar bor.
Xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning rasmiy organlaridan tushayotgan murojaatlarni koʻrib chiqishga katta eʼtibor qaratildi. Hisobot davrida Inson huquqlari buzilishlari xususida chet el fuqarolari va “Amnesti Interneyshnl”, “Xyuman Rayte Votch” singari xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning aʼzolaridan, shuningdek rasmiy tuzilmalar — Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari komissiyasidan, Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari vakilidan, BMTning Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasining Toshkentdagi vakolatxonasidan, Sverdlovsk viloyatidagi Inson huquqlari boʻyicha vakildan va boshqalardan 1504 ta murojaat tushdi. Murojaatlar asosan shaxslarni asossiz ushlab turish yoki hukm etish, oʻlim jazosini bekor qilish, pensiya taʼminoti masalalari va ayrim shaxslarning turli huquqlari muammolariga taalluqli boʻldi. Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mazkur vakolatxonalar va tashkilotlarni tushgan murojaatlar borasidagi ishlarning natijalari toʻgʻrisida xabardor qildi.
Konrad Adenauer nomidagi Fondning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi taklifiga binoan ombudsman vakili Yaponiya — Germaniya markazi va Tadqiqotlar olib borish milliy instituti tomonidan Berlinda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyodagi barqaror taraqqiyotga Yaponiya va Germaniyaning hissasi” mavzuidagi seminarda ishtirok etdi. Unda Oʻzbekistonda inson huquqlariga rioya etilishi, ombudsmanning ana shu yoʻnalishdagi faoliyati toʻgʻrisida axborot berildi. Mazkur Fond tomonidan Qirgʻizistonda Markaziy Osiyo davlatlari uchun yoshlar muammolari masalalari boʻyicha simpozium oʻtkazildi, unda ombudsman Kotibiyatining vakili ham ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.
Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining xodimi Inson huquqlari va gumanitar huquq boʻyicha R. Vallenberg institutining taklifiga binoan Markaziy va Sharqiy Yevropa, Kavkaz, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Inson huquqlari boʻyicha mintaqaviy oʻquv dasturi ishida qatnashdi.
2002-yil 18-aprel kuni Maslahatlashuv kengashining majlisi oʻtkazilib, unda ombudsmanning 2001-yil yuzasidan hisoboti toʻgʻrisida axborot berildi hamda Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) institutining qaror topishi va faoliyati rivojlanishini aks ettiruvchi hamda inson huquqlari himoya qilinishini taʼminlash sohasidagi chet el tajribasiga bagʻishlangan maqolalar toʻplamining — “Oʻzbekistonda ombudsman” kitobining taqdimoti oʻtkazildi. Toʻplamda Yevropa Kengashi Inson huquqlari boʻyicha komissarining, Polsha, Argentina, AQSh ombudsmanlarining maqolalari eʼlon qilingan.
Hisobot davrida Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va uning Kotibiyati xodimlari BMT, EXXT, Konrad Adenauer nomidagi Fond, Ochiq jamiyat instituti — Koʻmak jamgʻarmasi, Xalqaro notijorat huquq markazi, Amerika yuristlar uyushmasi vakolatxonalari tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda, xususan, ayollar va bolalarga nisbatan noqonuniy traffikning oldini olish masalalariga doir seminarda, Yevropa parlamenti deputatlari va Oʻzbekiston siyosiy partiyalari uchun oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada, Jahon erkin matbuot kuniga bagʻishlangan konferensiyada, inson huquqlari boʻyicha ikkinchi milliy talabalar tanlov-treningida, “Gender va yoshlar” konferensiyasida va boshqa tadbirlarda ishtirok etdilar.
XULOSA
Parlamentning isloh qilinishi ombudsman institutini barcha darajalardagi davlat organlari va turli nodavlat tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, mustaqil ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikning yangi shakllarini izlashga, tashqi aloqalarni rivojlantirishga, oʻz faoliyatida inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro andozalarni keng qoʻllashga undamoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi ustuvorliklariga yoʻnaltirilgan Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) huquqni muhofaza qilish faoliyatini yanada rivojlantirishga quyidagilar koʻmaklashadi:
xalqaro andozalar va amaliyotni hisobga olgan holda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish;
inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi milliy monitoring tizimini kengaytirish va chuqurlashtirish;
ombudsman mintaqaviy vakillari institutini mahalliy davlat hokimiyati organlarining qoʻllab-quvvatlashiga tayangan holda va xalqaro tashkilotlarning uslubiy yordamida rivojlantirish;
mustaqil ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlarining faoliyatini ragʻbatlantirish, ularni ijtimoiy sheriklik prinsiplari asosida monitoring tadqiqotlari oʻtkazish va jamoatchilik nazorati sohasiga jalb etish.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 41-modda)