O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT ARXITEKTURA VA QURILISh QO‘MITASI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI HAMDA VILOYATLAR VA TOShKENT ShAHAR ARXITEKTURA VA ShAHARSOZLIK BOSh BOShQARMALARI, ShAHAR (TUMAN) ARXITEKTURA VA ShAHARSOZLIK BO‘LIMLARINING NAMUNAVIY NIZOMLARINI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-noyabrdagi 294-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari hamda shahar va tuman arxitektura va qurilish boshqarmalari (bo‘limlari) faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 1-dekabr,
580-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 8-noyabrdagi 492-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Viloyat, Toshkent shahar arxitektura va shaharsozlik
bosh boshqarmasi to‘g‘risida
bosh boshqarmasi to‘g‘risida
NAMUNAVIY NIZOM
1. Viloyat (Toshkent shahar) hokimligining arxitektura va shaharsozlik Bosh boshqarmasi (“Bosharxitektura”) respublika arxitektura va shaharsozlikni boshqarish organlarining yagona tizimidagi viloyat (shahar) bo‘g‘ini hisoblanadi va o‘z faoliyatida tegishli viloyat (Toshkent shahar) hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga bo‘ysunadi.
Bosh arxitektura o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish Qo‘mitasining qarorlariga, buyruqlariga va yo‘riqnomalariga, viloyat (Toshkent shahar) hokimligining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa normativ hujjatlarga va mazkur Nizomga amal qiladi.
2. Quyidagilar “Bosharxitektura”ning asosiy vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy va istiqboldagi vazifalarini hal etishga, hayot kechirish muhitlarini takomillashtirish va ularning arxitekturaviy qiyofasini yaxshilashga qaratilgan arxitektura-shaharsozlik tadbirlarini amalga oshirish;
viloyat hududida joylashgan shahar va qishloqlarni mintaqaviy xususiyatlarni, ko‘p asrlik o‘zbek milliy shaharsozlik madaniyatini, shuningdek, jahon arxitektura va shaharsozlik tajribasini hisobga olgan holda o‘zgartirishni ta’minlash;
sanoat binolari va inshootlarining arxitektura yechimlari sifat darajasini oshirish, sanoat tarmoqlarini kompleks shakllantirishni va ularning hududlarini obodonlashtirishni va ko‘kalamzorlashtirishni ta’minlash;
qishloqlar bosh rejalarining amalga oshirilishini, ularning kompleks qurilishini, turar-joy rayonlarining qurilishi va obodonlashtirilishi sifatini, muhandislik infrastrukturasini va transportni nazorat qilishni hamda loyihada qabul qilingan ekologiya va ishlab chiqarish, shahar atrofi, rekreatsiya, tabiatni muhofaza qilish hududlari, milliy bog‘lar va qo‘riqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha shaharsozlik prinsiplariga rioya etilishini ta’minlash;
arxitektura va shaharsozlik talablari bo‘yicha loyihalash, ilmiy-tadqiqot, shuningdek, qidiruv, qurilish va tuzatish-qurilish ishlarini muvofiqlashtirish;
shaharsozlik yechimlarining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini oshirish;
viloyat hududida amalga oshirilayotgan investitsiya faoliyatini shakllantirishda ishtirok etish;
boshqariladigan bozor iqtisodiyoti sharoitida loyihalash, qurilish va tuzatish-qurilish ishlab chiqarishining turli shakllari va usullarini rivojlantirishga ko‘maklashish;
arxitektura-shaharsozlik organlari kadrlarining kasb malakasi darajasini oshirish, arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy tashkiliy, iqtisodiy va texnik usullarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish masalalarini oshkoralik prinsiplari va aholini hamda jamoat tashkilotlarini shaharsozlik yechimlarini, ishlab chiqilayotgan loyihalarni muhokama qilishga jalb etish asosida hal qilish.
3. Ko‘rsatilgan masalalarni hal etish uchun “Bosharxitektura”ga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
turar joy rayonlarini rejalashtirish sxemalarini va loyihalarini, shaharlar va boshqa aholi yashaydigan joylarning bosh rejalarini, sanoat uzellarining bosh rejalari sxemalarini, batafsil rejalashtirish loyihalarini, boshqa loyiha-rejalashtirish hujjatlarini, muhofaza tegralari loyihalarini va hududlarni xavfli geologik jarayonlardan himoya qilish sxemalarini, seysmik mikrorayonlashtirish xaritalarini ishlab chiqishni tashkil etish va nazorat qilish;
shaharsozlikni hujjatlashtirishni ro‘yobga chiqarishni doimiy nazorat qilishni amalga oshirish, o‘ziga qarashli hududdagi qurilish obyektlari bo‘yicha loyihalash ishlarini va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini muvofiqlashtirish;
rejalashtirish va obod qilish loyihalarini, o‘ziga qarashli hududda qurish uchun barcha bino va inshootlarning loyihalarini ko‘rib chiqish va kelishib olish hamda ularni tasdiqlash yoki kelishib olish uchun hokimlikka taqdim etish;
viloyat, Toshkent shahar hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini va kompleks rejalar (konsepsiyalar)ni ishlab chiqishda va kelishib olishda ishtirok etish;
talab va takliflarni, konyunkturaning ahvolini, loyiha ishlari va xizmatlari bozorini rivojlantirish tamoyillari va istiqbollarini o‘rganish bo‘yicha ishlarni tashkil etish, arxitektura yechimlari darajasini va shaharsozlik tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida loyihachilar, investorlar va pudratchilarning raqobatidan foydalanish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan kelishilgan holda imoratlar solish qoidalarini va boshqa qurilish, qayta qurish, ta’mirlash, zamonaviylashtirish va regeneratsiyalash, asosli tuzatish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va shahar dizayni masalalarini tartibga soluvchi hujjatlarni ishlab chiqish, shuningdek loyihalash va qurilishdagi normalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
viloyat, Toshkent shahar hokimligiga loyiha-rejalashtirish hujjatlari asosida yerdan foydalanish shartlari bo‘yicha takliflar kiritish;
birinchi navbatdagi qurilishni joylashtirish loyihasiga va puxta rejalashtirish loyihalariga muvofiq qurilishning barcha turlari uchun yer maydonlarini aniqlash, yer maydonlari berish haqidagi hokimlik qarorlarining loyihalarini tayyorlash, suv bilan ta’minlash va kanalizatsiya inshootlarini hamda boshqa muhandislik obyektlarini, shuningdek muhandislik kommunikatsiyalari trassalarini joylashtirish;
mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining qarorlariga muvofiq qurilishning barcha turlari uchun yer uchastkalarini tanlash, joylashtirish va yer ajratish. Ajratilgan yer maydonlarining chegaralarini aniqlash;
belgilangan tartibda tasdiqlangan texnik hujjatlar va ajratilgan mablag‘larga muvofiq imorat quruvchi-buyurtmachilarga qurilish-montaj, tuzatish-qurilish hamda obyektlarni qayta qurish ishlarini amalga oshirishga ruxsatnomalar berish;
imorat quruvchi-buyurtmachilarga loyihalash uchun arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va topshirish hamda investitsiya ishlanmalarini amalga oshirish, qurilishning barcha turlari uchun loyiha-qidiruv ishlarini o‘tkazish, binolarni kompleks qayta qurish, asosli tuzatish, ta’mirlash va hududlarni obodonlashtirish uchun qurilish pasportlarini topshirish;
mulkchilik shaklidan qat’i nazar, loyihachilar va pudratchilarga, litsenziya berishning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan tartibiga va shartlariga muvofiq, tegishli faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalar berish haqidagi masalalar bo‘yicha Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga takliflar tayyorlash va ularni hal qilishda ishtirok etish;
viloyat, Toshkent shahar hokimiga arxitektura-shaharsozlik vazifalarini samarali hal etishga yordam beruvchi investitsiya jarayoni ishtirokchilariga imtiyozli soliq solish yuzasidan takliflar tayyorlash;
tarix va madaniyat yodgorliklarini muhofaza qilish, ta’mirlash va ulardan foydalanish chora-tadbirlarini amalga oshirish va ularni muhofaza qilish hududlarini belgilash;
arxitektura va shaharsozlik qurilish materiallari sanoati masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan chet mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan amalga oshiriladigan ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy hamkorlikda ishtirok etish;
qurilish va qayta qurish ishlarining sifatini nazorat etuvchi tegishli davlat arxitektura-qurilish organlarining faoliyatiga rahbarlik qilish, qurilishi (qayta qurish) tugallangan turar joy-xo‘jalik va kommunal qurilish, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish maqsadlaridagi obyektlarni foydalanishga qabul qilishda belgilangan tartibda ishtirok etish;
tasarrufidagi arxitektura-shaharsozlik organining tarkibiy bo‘linmalari faoliyatiga rahbarlik qilish, xo‘jalik hisobidagi loyiha-ishlab chiqarish, arxitektura-rejalashtirish byurolarining, loyiha-maslahat firmalarining, shuningdek, bosh arxitektor ixtiyoridagi loyihalash tashkilotlarining faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirib borish;
loyihalarni ichki idoraviy ekspertiza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-rejalashtirish va loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertiza qilishni tashkil etish;
geodeziya xizmati ishiga rahbarlik qilish va uni nazorat etish;
er kadastrini, yer ajratish va imorat qurishga oid joriy-operativ rejalar tuzishni, yer osti kommunikatsiyalari joylashishini ro‘yxatga olish rejalarini va muhandislik-geologiya ishlanmalari atlaslarini yuritish bo‘yicha ishlarni tashkil etish; yer uchastkalari ajratish, loyiha-rejalashtirish hujjatlarini, shuningdek davlat arxitektura-qurilish nazorati xizmati hujjatlarini muddatsiz saqlashga doir yagona texnika arxivini tashkil etish.
4. “Bosharxitektura”ga quyidagi huquqlar beriladi:
o‘z huquq doirasida o‘ziga qarashli hududda arxitektura va shaharsozlikka oid barcha masalalar bo‘yicha davlat hamda xo‘jalik boshqaruv organlari va ularga qarashli tashkilotlar, korxonalar, muassasalar, xorijiy va qo‘shma yuridik shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar fuqarolari bajarishi majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qilish;
har qanday qurilish obyektlariga, qurilish materiallari, buyumlar va konstruksiyalar ishlab chiqaradigan korxonalar va tashkilotlarga, bu korxona va tashkilotlarning qaysi idoraga bo‘ysunishi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, hech bir to‘siqsiz kirish va u yerdagi ishlarning borishini nazorat qilish;
normativ, arxitektura-shaharsozlik ekologiya talablariga va arxitektura hamda shaharsozlik organlari tomonidan berilgan arxitektura-rejalashtirish topshiriqlariga javob bermaydigan loyihalarga rozilik berishni rad etish;
tasdiqlangan loyiha hujjatlarini, normativ talablarni buzgan va ulardan chetga chiqqan holda bajarilayotgan, kishilarning hayotiga va salomatligiga xavf soluvchi, tarixiy va madaniy boyliklarni, shu jumladan, arxitektura va shaharsozlik yodgorliklarini, shahar va tabiat landshaftlarini yo‘q qiluvchi, shuningdek fuqarolar, davlat va yuridik shaxslarning mulkiga, huquqiga va manfaatlariga zarar yetkazuvchi qurilishlarni mablag‘ beruvchi banklar orqali mablag‘ bilan ta’minlashni va ularga kredit berishni butunlay yoki qisman to‘xtatib qo‘yish, qurish-montaj qilish, tuzatish-qurish va boshqa ishlarni bundan keyin amalga oshirishni taqiqlash;
amaldagi yo‘riqnomalar va normativlarni buzgan holda yoki belgilangan tartibda beriladigan ruxsatnomasiz olib borilayotgan topogeodeziya va muhandislik-geologik qidiruv, rejalashtirish va qazish ishlarini amalga oshirishni to‘xtatib turish;
o‘zboshimchalik bilan imorat qurishda, shaharsozlik intizomini, qurilish va arxitektura sohasidagi amalda bo‘lgan qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar hamda hududlarida mazkur huquq buzilishlariga yo‘l qo‘yilgan tashkilotlar va korxonalar rahbarlarini belgilangan tartibda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli davlat organlarida ish qo‘zg‘atish, ularga mustaqil ravishda jarimalar solish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga amaldagi qonunlarni, shaharsozlik, ekologiya va boshqa normativ talablarni buzgan holda ishlayotgan loyiha, qurilish va ishlab chiqarish tashkilotlarining loyihalash, qurish va qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish huquqini beruvchi litsenziyalarini olib qo‘yish to‘g‘risida takliflar kiritish;
yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun o‘ziga qarashli hududdagi tegishli statistika organlari, tashkilotlar, muassasalar va korxonalardan, ularning qaysi idoraga bo‘ysunishlari va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, ma’lumotlar, shuningdek o‘z huquq doirasiga tegishli masalalar bo‘yicha reja-hisobot ma’lumotlarini olish;
mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston Respublikasi Arxitektorlar uyushmasi tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan tartibda loyihalarni ishlab chiqish uchun tanlovlar o‘tkazish.
5. “Bosharxitektura”ga boshliq — viloyat va Toshkent shahar bosh arxitektori boshchilik qiladi, uni viloyat, Toshkent shahri hokimining tavsiyasiga ko‘ra Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tayinlaydi. Bosh arxitektor o‘rinbosarlarga, shu jumladan, viloyat va Toshkent shahri bosh arxitektorining tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish Qo‘mitasi tomonidan tayinlanadigan bir nafar davlat arxitektura-qurilish nazorati boshlig‘iga ega bo‘ladi.
6. Viloyat, Toshkent shahar “Bosharxitektura” boshlig‘i — bosh arxitektorga “Bosharxitektura”ga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun barcha huquq va vakolatlar beriladi, shuningdek u quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
zarur bo‘lgan hollarda loyihachilarning doimiy yoki vaqtinchalik ijodiy jamoalarini va ekspert guruhlari hamda idoralararo komissiyalar tashkil etish va ularga boshchilik qilish, shartnoma asosida arxitektorlarni va boshqa mutaxassislarni ularda ishlashga jalb etish;
loyiha-rejalashtirish hujjatlarini va alohida binolar va inshootlar loyihalarini ishlab chiqishda muallif sifatida ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan kelishgan holda o‘z oldida turgan vazifalarni bajarish uchun bosh arxitektorga qarashli xo‘jalik hisobidagi loyiha-ishlab chiqarish, arxitektura-rejalash, loyiha-maslahat berish byurolarini tuzish va ular faoliyatining mavzu yo‘nalishini belgilash;
o‘ziga bo‘ysunuvchi arxitektura-shaharsozlik organining, shuningdek o‘ziga qarashli xo‘jalik hisobidagi bo‘linmalar va tashkilotlarning vazifalarini belgilash, Ustav (Nizom)ini, tuzilmasini va xodimlari sonini tasdiqlash, shu tashkilotlarning rahbarlarini o‘z huquq doirasida tasdiqlash;
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan kelishgan holda o‘ziga qarashli tashkilotlar, vaqtinchalik ijodiy jamoalar, buyurtmachilar va boshqa tashkilotlar hamda korxonalardan tushgan ajratmalarni jamlash uchun bank muassasalarida maxsus schyot ochib markazlashtirilgan jamg‘arma tuzish. Undan arxitektura-shaharsozlik organlari xodimlarining kasb malakasi darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, alohida obyektlarning loyihalarini ishlab chiqish uchun tanlovlar, shaharlar va aholi yashash joylarini rejalashtirish ishlarini, ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etish va o‘tkazish, tajriba almashish va xalqaro ijodiy aloqalar o‘rnatish bo‘yicha seminarlar va kengashlar o‘tkazish, ijodiy safarlarga borish, Bosh boshqarma faoliyati bilan bog‘liq arxitektura-shaharsozlik kengashlari va boshqa masalalarga oid xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.
7. Bosh arxitektor o‘z ishlarini tegishli tuman (shahar)larning davlat boshqaruv organlari, boshqarmaning tarmoq va tarmoqlararo hududiy organlari, ijodiy uyushmalar, ilmiy-texnika jamiyatlari va jamoat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikda olib boradi.
8. Tumanlar va tumanga bo‘ysunuvchi shaharlar bosh arxitektorlarining o‘zaro aloqasi, bo‘ysunishi tartibi va vazifalarini chegaralash viloyat “Bosharxitektura”si tomonidan belgilanadi.
9. Shaharsozlik va arxitektura yechimlarining, monumental-dekorativ san’at asarlarining sifatini arxitektura bilan bog‘liq holda aniqlash va baholash, shaharsozlik hujjatlarini, binolar, inshootlar va komplekslar loyihalarini ko‘rib chiqish va ekspertiza qilish hamda unga baho berish uchun bosh arxitektor huzurida doimiy ishlovchi idoralararo hay’at organi — maslahat beruvchi organ hisoblanadigan arxitektura-shaharsozlik Kengashi tuziladi.
Arxitektura-shaharsozlik kengashiga rais — bosh arxitektor boshchilik qiladi. Kengash tarkibiga tajribali arxitektorlar, olimlar, shaharsoz-mutaxassislar, shuningdek hokimliklar, jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalarning rahbarlari, fan, madaniyat va san’at arboblari, investitsiya jarayoni barcha ishtirokchilarining, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining, istiqomat qiluvchilarning vakillari kirishi kerak.
Arxitektura-shaharsozlik kengashining shaxsiy tarkibi viloyat, Toshkent shahar bosh arxitektori tomonidan tasdiqlanadi.
10. Bosh arxitektor — “Bosharxitektura” boshlig‘i mazkur Nizomga muvofiq Bosh boshqarmaga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, o‘z o‘rinbosarlarining va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining Bosh boshqarma faoliyatining alohida yo‘nalishlari uchun javobgarlik darajalarini belgilaydi.
11. “Bosharxitektura”ning tashkiliy tuzilmasi va shtatdagi xodimlari soni O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan viloyat, Toshkent shahar davlat hokimiyati organlari bilan kelishgan holda belgilangan xodimlar soni va mehnat haqi jamg‘armasi doirasida belgilanadi.
12. Bosh boshqarmaning shtat jadvali, shuningdek tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlar “Bosharxitektura” boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
13. “Bosharxitektura” yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan, o‘z nomi o‘zbek tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.
Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi
(boshqarmasi) to‘g‘risida
(boshqarmasi) to‘g‘risida
NAMUNAVIY NIZOM
1. Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi (boshqarmasi) arxitektura va shaharsozlikni boshqarish davlat organlari yagona tizimining tegishli ravishda viloyat, Toshkent shahar arxitektura va shaharsozlik bosh boshqarmasiga hamda tuman (shahar) hokimligiga bo‘ysunuvchi tuman (shahar) bo‘g‘ini hisoblanadi.
Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oliy Majlisning boshqa qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” Qo‘mitasining qarorlariga, buyruqlariga, yo‘riqnomalariga, viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimining, viloyat, Toshkent shahar arxitektura va shaharsozlik Bosh boshqarmasi qarorlariga va farmoyishlariga, boshqa normativ hujjatlarga va mazkur Nizomga amal qiladi.
2. Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi (boshqarmasi)ning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi tomonidan mintaqaviy xususiyatlarni va o‘zbek xalqining milliy urf-odatlarini, ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini, mamlakatimiz va jahon arxitekturasining ilg‘or tajribasini qo‘llagan holda olib borilayotgan arxitektura-shaharsozlik siyosatiga muvofiq tuman (shahar) hududining rivojlantirilishi va qiyofasi tubdan o‘zgartirilishini ta’minlash;
arxitekturaning yuksak g‘oyaviy-badiiy darajasiga erishish, aholi yashaydigan joylarni obodonlashtirishda, ijtimoiy soha, sanoat va dehqonchilik sanoati obyektlari bilan birgalikda binolar, inshootlar va ular komplekslari arxitektura yechimlarida zarur bo‘lgan xilma-xillikni ta’minlash;
sanoat binolari va inshootlari arxitektura yechimlarining sifat darajasini oshirish, sanoat uzellarining shakllantirilishini, ularga qarashli hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishni ta’minlash;
mintaqaviy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda shaharsozlik arxitektura va turar joy-xo‘jalik qurilishining, turar joy rayonlari va mikrorayonlari qurilishi, shuningdek arxitektura va boshqa xil qiymatga ega bo‘lgan binolarni ta’mirlash bo‘yicha ishlarni bajargan holda ilgaridan tarkib topgan qurilishlarni kompleks ravishda qayta qurish, yangi qurilishlar, muhandislik asbob-uskunalari tizimini rivojlantirish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish sohasida loyiha ishlanmalarining bajarilishini ta’minlash;
o‘ziga qarashli hududda investitsiya faoliyatini shakllantirishda ishtirok etish;
o‘ziga qarashli hududda shaharlar va qishloq shaharchalarining bosh rejalarini ro‘yobga chiqarishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ekologiya va ishlab chiqarishni, shahar atrofi, rekreatsion, tabiatni muhofaza qilish zonalari, milliy bog‘lar va qo‘riqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha loyihada qabul qilingan prinsiplarga rioya qilish.
3. Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi (boshqarmasi) o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
arxitekturani yanada rivojlantirish, respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar talablariga muvofiq ravishda shahar va qishloq shaharchalari joylashtirilishini va qurilishini takomillashtirish masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi hamda o‘z huquq doirasida qarorlar qabul qiladi;
tuman (shahar) istiqboli uchun mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va ilmiy-texnika taraqqiyoti kompleks dasturlari bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda qatnashadi;
mahalliy davlat boshqaruv organlariga hamda “Davarxitektqurilish” qo‘mitasiga qurilish, qayta qurish, ta’mirlash, asosli tuzatish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, aholi yashash joylari va hududlarining shahar dizayni bo‘yicha qurilishni olib borish qoidalari masalalarini muvofiqlashtirib borish va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishga doir takliflar tayyorlaydi, loyihalashtirish va qurilishda normativlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
ehtiyoj va takliflarni, konyunktura ahvolini, loyihalashtirish ishlari va xizmatlari bozorining rivojlanish tamoyillari va istiqbolini o‘rganish, arxitektura yechimlari hamda shaharsozlik tadbirlarining samaradorlik darajasini oshirish maqsadida loyihachilar, investorlar va pudratchilar raqobatidan foydalanish ishlarini tashkil etadi;
mahalliy davlat boshqaruv organlariga loyiha-joylashtirish hujjatlari asosida yerdan foydalanish shartlari hamda arxitektura-shaharsozlik masalalarining samarali yechimiga ko‘maklashuvchi investitsiya jarayoni qatnashchilariga imtiyozli soliq solish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
shaharsozlik loyiha hujjatlarini, shahar va qishloq aholisi yashash joylari, birinchi navbatdagi qurilishlarni joylashtirish bosh loyihalarini, mufassal joylashtirish loyihalari ishlab chiqilishini va ularning belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlaydi;
belgilangan tartibda tasdiqlangan texnik hujjatlarga muvofiq va mablag‘ ajratilganligiga qarab buyurtmachilar — imorat quruvchilarga qurilish-montaj, tuzatish-qurish ishlarini olib borish va obyektlarni qayta qurishga ruxsatnomalar berilishini ta’minlaydi;
buyurtmachilar — imorat quruvchilarga loyihalashtirish hamda investitsiya ishlarini amalga oshirish uchun qurilish pasportlari, barcha turdagi qurilishlar bo‘yicha loyiha-qidiruv, kompleks qayta qurish, kengaytirish, binolarni asosli tuzatish, ta’mirlash va hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha arxitektura-joylashtirish va muhandislik-joylashtirish topshiriqlarini ishlab chiqadi va beradi;
ajratilgan yer uchastkalari chegarasini, qizil chiziqlarni xaritaga tushirish bilan bog‘liq geodeziya, rejalashtirish ishlarini hamda bajarilgan ishlarni ro‘yxatga oladi;
geodezik ishlarni bajarish, muhandislik-geologik va qidiruv ishlarining boshqa turlarini bajarishga belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishini ta’minlaydi, rejalashtirish, hisobga olish, texnik nazorat va ishlarni qabul qilishni amalga oshiradi, qurilishning alohida turlarini nazorat qilib boradi, imorat qurishning joriy rejalarini, yer osti kommunikatsiyalarining joylashish hamda muhandislik-geologik ishlar atlaslarini ro‘yxatga olish rejalarini amalga oshiradi;
tumanga bo‘ysunuvchi shaharlarning, tumanlarning (shahar tumanlarining) ma’muriy markazlari bosh arxitektorlarining shaharlar, qishloq aholi punktlarini, shahar atrofi zonasini va tumanning aholi yashaydigan boshqa yerlarini joylashtirish va qurish bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqishni tashkil etishga doir ishlariga rahbarlikni amalga oshiradi;
shaharlar va qishloq shaharchalarining bosh rejalarini, sanoat uzellari sxemalarini, birinchi navbatdagi qurilishlarni joylashtirish loyihalarini, shahar atrofi va rekreatsion zonalar loyihalarini ko‘rib chiqadi hamda rozilik berish yoki tasdiqlash uchun tuman (shahar) hokimiga taqdim etadi.
Quyidagilar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi:
tuman (shahar)ning asosiy ko‘chalari, magistrallari, shahar va qishloq maydonlari, dam olish zonalari qurilishini mufassal joylashtirish loyihalarini, idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, tuman (shahar) hududida joylashgan sanoat va dehqonchilik sanoati, transport korxonalari, omborlarning va inshootlarning yangilarini qurish, ishlab turganlarini ta’mirlash va kengaytirish bo‘yicha loyihalarini o‘zgartirish to‘g‘risida;
turar joy va sanoat binolarini, inshootlarni qurish, ta’mirlash va asosli tuzatish bo‘yicha loyihalarni, shuningdek shahar hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish loyihalari bo‘yicha;
yangi qurilayotgan va ta’mirlanayotgan jamoat va sanoat binolari interyerlari loyihalari, kichik arxitektura shakllari loyihalari, reklamalar, tashqi elektr-yoritish va boshqa shu kabi shahar muhitining estetik sifatini belgilovchi elementlar, shu jumladan, binolarni va inshootlarni, shahar ansambllarini rangli chiroqlar bilan yoritish yechimlari bo‘yicha;
arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va qayta qurish loyihalari, shuningdek arxitektura yodgorliklari atrofidagi zonalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish loyihalari bo‘yicha;
yangi korxonalarni, havo transportining yer ustidagi xo‘jaliklarini va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, elektr quvvati uzatish va aloqa inshootlarini, avtomobil va temir yo‘llarni qurish va ishlab turganlarini kengaytirish bo‘yicha;
yakka tartibda uy-joy qurish uchun loyiha hujjatlari bo‘yicha;
shaharsozlik hujjatlarining va uy-joy-xo‘jalik binolarining tuman (shahar) hokimi bilan kelishiladigan yoki tasdiqlanadigan loyihalari ekspertizasini tashkil etadi;
barcha topografiya-geodeziya, kartografiya, loyiha joylashtirish va qidiruv materiallarini, yer uchastkalari ajratish bo‘yicha materiallarni, avtomobil va temir yo‘llarni qayta qurish hamda qurish sxemalarini, zarur texnik hujjatlarni, kelishilgan va tasdiqlangan loyihalarni, Davlat arxitektura-qurilish nazorati hujjatlarini va boshqa materiallarni ro‘yxatga olish, hisobga olish va doimiy saqlashni ta’minlash uchun texnik arxivni tashkil etadi.
4. Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi (boshqarmasi) belgilangan tartibda quyidagilarni nazorat qiladi:
tuman (shahar) aholi yashash punktlari loyiha-joylashtirish hujjatlarining sifat darajasini hamda amalga oshirilishini ta’minlashni;
korxonalar, binolar va inshootlarni loyihalash va qurishning asoslanganligini, shuningdek shaharsozlik yechimlarining to‘g‘riligini;
qurilishning barcha turlari uchun ajratiladigan yer uchastkalaridan oqilona foydalanishni;
obyektlarni qurish davomida atrof muhitni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini;
qurilishni amalga oshirishda tarixiy va madaniy yodgorliklarning saqlanishini ta’minlashni;
yakka tartibda uy-joy va uy-joy-kooperativ qurilishini;
shahar va qishloq shaharchalari hududlarida binolar va inshootlar qurilishi, ishga tushirilayotgan obyektlar, shuningdek tuman (shahar) hududida joylashgan qurilish industriyasi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan buyumlar sifatini.
5. Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limiga (boshqarmasiga) quyidagi huquqlar beriladi:
idoraviy bo‘ysunishidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, hech qanday to‘siqlarsiz qurilish industriyasi va binokorlik materiallari korxonalariga kirish hamda u yerda olib borilayotgan ishlarning ahvolini nazorat qilish;
normativ, arxitektura-shaharsozlik ekologiya talablariga va arxitektura hamda shaharsozlik organlari tomonidan berilgan arxitektura-rejalashtirish topshiriqlariga javob bermaydigan loyihalarga rozilik berishni rad etish;
tasdiqlangan loyiha hujjatlarini buzgan va undan chetga chiqqan holda olib borilayotgan, kishilarning hayotiga va salomatligiga xavf soluvchi, tarixiy va madaniy boyliklarni, shu jumladan, arxitektura va shaharsozlik shahar va tabiat landshaftlarini yo‘q qiluvchi, shuningdek fuqarolar, davlat va yuridik shaxslarning mulkiga, huquqiga va manfaatlariga zarar yetkazuvchi qurilishlarni mablag‘ bilan ta’minlovchi banklar orqali mablag‘ bilan ta’minlashni va ularga kredit berishni butunlay yoki qisman to‘xtatib qo‘yish, tuzatish-qurilish va boshqa ishlarni bundan keyin amalga oshirishni taqiqlash;
amaldagi yo‘riqnomalar va normativlarni buzgan holda yoki belgilangan tartibda beriladigan ruxsatnomasiz olib borilayotgan topografik va muhandislik-geologik qidiruv, rejalashtirish va qazish ishlarini amalga oshirishni to‘xtatib turish;
o‘zboshimchalik bilan imorat qurishda, shaharsozlik intizomini, qurilish va arxitektura sohasidagi amalda bo‘lgan qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar hamda hududlarida mazkur huquq buzilishlarini sodir etgan tashkilotlar va korxonalar rahbarlarini belgilangan tartibda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli davlat organlarida ish qo‘zg‘atish, ularga mustaqil ravishda jarimalar solish;
tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limlariga (boshqarmasiga) yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun o‘ziga qarashli hududdagi tegishli organlar, tashkilotlar, muassasalar va korxonalardan, ularning qaysi idoraga bo‘ysunishlari va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, o‘z huquq doirasiga tegishli masalalar bo‘yicha hisobot va boshqa ma’lumotlarni talab qilish va olish;
mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, O‘zbekiston Respublikasi Arxitektorlar uyushmasi tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan tartibda loyihalarni ishlab chiqish uchun tanlovlar o‘tkazish.
6. Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limiga (boshqarmasiga) boshliq — tuman (shahar) bosh arxitektori boshchilik qiladi, uni tegishli tuman (shahar) hokimining tavsiyasiga binoan viloyat “Bosharxitektura”si lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
7. Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi (boshqarmasi) boshlig‘i — bosh arxitektorga bo‘limga (boshqarmaga) mazkur Nizom bilan yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun barcha huquq va vakolatlar beriladi, shuningdek u quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
zarur bo‘lgan hollarda loyihachilarning doimiy yoki vaqtinchalik ijodiy jamoalarini va ekspert guruhlari hamda idoralararo komissiyalar tashkil etish va ularga boshchilik qilish, bu ishga shartnoma asosida arxitektorlarni va boshqa mutaxassislarni jalb etish;
loyiha-rejalashtirish hujjatlarini va alohida binolar va inshootlar loyihalarini ishlab chiqishda muallif sifatida ishtirok etish;
o‘z oldida turgan vazifalarni bajarish uchun bosh arxitektorga qarashli xo‘jalik hisobidagi loyiha-ishlab chiqarish, arxitektura-rejalash byurolarini, loyiha-maslahat berish firmalarini tuzish va ular faoliyatining mavzu yo‘nalishini belgilash;
o‘ziga bo‘ysunuvchi arxitektura-shaharsozlik organining, shuningdek, o‘ziga qarashli xo‘jalik hisobidagi bo‘linmalar va tashkilotlarning vazifalarini belgilash, tuzilmasini va xodimlari sonini tasdiqlash, shu tashkilotlarning rahbarlarini belgilangan tartibda tasdiqlash;
arxitektura va shaharsozlik masalalarini hal etish uchun shartnomaviy asosda ishlab chiqarish birlashmalarini, uyushmalarini va boshqa tashkiliy tuzilmalarni tashkil etish.
8. Bosh arxitektor o‘z ishlarini tegishli tuman (shahar)ning davlat boshqaruv organlari, boshqaruvning tarmoq, tarmoqlararo va idoradan tashqari hududiy organlari, ijodiy uyushmalar, ilmiy-texnika jamiyatlari va jamoat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikda olib boradi.
9. Shaharsozlik va arxitektura yechimlarining, arxitektura-monumental va dekorativ san’at asarlarining sifatini aniqlash va baholash, shaharsozlik hujjatlarini, binolar, inshootlar va komplekslar loyihalarini ko‘rib chiqish va ekspertiza qilish uchun bosh arxitektor huzuridagi doimiy ishlovchi idoralararo kollegial organ — maslahat beruvchi organ hisoblanadigan arxitektura-shaharsozlik kengashi tuziladi.
Arxitektura-shaharsozlik kengashiga rais — bosh arxitektor boshchilik qiladi. Kengash tarkibiga tajribali arxitektorlar, olimlar, shaharsoz — mutaxassislar, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashining, jamoat tashkilotlari, ijodiy uyushmalarning rahbarlari, fan, madaniyat va san’at arboblari, investitsiya jarayoni barcha ishtirokchilarining, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining vakillari kirishi kerak.
Arxitektura-shaharsozlik kengashining shaxsiy tarkibi tuman (shahar) bosh arxitektori tomonidan tasdiqlanadi.
10. Bosh arxitektor — tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi (boshqarmasi) boshlig‘i:
mazkur Nizomga muvofiq bo‘limga (boshqarmaga) yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, o‘z o‘rinbosarlarining va tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining bo‘lim (boshqarma) faoliyatining alohida yo‘nalishlari uchun javobgarlik darajalarini belgilaydi.
qurilish va qayta qurish ishlari sifatini nazorat qiluvchi tegishli davlat arxitektura-qurilish organlarining, shuningdek, tasarrufidagi tashkilotlarning faoliyatiga rahbarlik qiladi qurilishi (qayta qurilishi) tugallangan uy-joy-xo‘jalik va kommunal qurilish, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish obyektlarini foydalanishga qabul qilishda belgilangan tartibda qatnashadi, geodeziya xizmati ishiga rahbarlik qiladi;
o‘z huquq doirasida tuman (shahar) hokimining qarorlari asosida va ularni bajarish yuzasidan hamda davlat hokimiyati va boshqaruvining yuqori organlari dalolatnomalari asosida buyruqlar chiqaradi, bo‘lim (boshqarma) xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
tuman (shahar) hokimi qarorlari loyihalarini tayyorlaydi, o‘ziga qarashli hududda arxitektura va shaharsozlik masalalari bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvining barcha organlari va ularga qarashli tashkilotlar, korxonalar, muassasalar, xorijiy va qo‘shma yuridik shaxslar, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi shart bo‘lgan qarorlar qabul qiladi;
o‘ziga qarashli tashkilotlarning tuzilmasini, shtat jadvalini, ustavini (nizomini) tasdiqlaydi va ularning rahbarlarini tayinlaydi;
barcha davlat va jamoat korxonalarida, muassasalarida, tashkilotlarida bo‘lim (boshqarma) faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha bo‘lim (boshqarma) nomidan vakillik qiladi;
moliya-shtat intizomiga rioya qilinishini ta’minlaydi, belgilangan smeta va ajratilgan mablag‘lar doirasida bo‘lim (boshqarma)ning kreditlari va mablag‘larini boshqaradi.
11. Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi (boshqarmasi)ning tashkiliy tuzilmasi va shtatdagi xodimlar soni viloyat, Toshkent shahar “Bosharxitektura”si tomonidan tuman (shahar) davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda belgilangan xodimlar soni va mehnat haqi jamg‘armasi doirasida belgilanadi.
12. Bo‘lim (boshqarma)ning shtat jadvali, shuningdek tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlar tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi (boshqarmasi)ning boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
13. Tuman (shahar) arxitektura va shaharsozlik bo‘limi (boshqarmasi) yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi o‘zbek tilida yozilgan muhrga ega bo‘ladi.