Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatimizning transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish, tranzit yuk tashuvlari hajmini oshirish, transport-logistika korxonalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ularning raqobatbardoshligini oshirish, transport-logistika markazlari, omborlar va terminallar faoliyatini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida rivojlantirish, sohada shaffoflik va samaradorlikni taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2026 — 2030-yillarda transport-logistika tizimini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl va Ohangaron tumanlarini transport-logistika sohasiga ixtisoslashtirish;
(b) transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish (Terminal Operating System) va omborni boshqarish tizimlarini (Warehouse Management System) joriy etish;
(v) transport-logistika markazlari tarmogʻini yanada rivojlantirgan holda ularning yuklarga ishlov berish yillik quvvatini kamida 40 mln tonnaga yetkazish;
(g) transport va logistika xizmatlari eksportini 3,5 mlrd AQSH dollariga hamda respublika hududi orqali tranzit yuklarini tashish hajmini 18,5 mln tonnaga yetkazish;
(d) transport-logistika markazlarini zarur infratuzilma bilan taʼminlash;
(j) respublikadagi barcha talablarga javob beruvchi xalqaro quruqlik portlari sonini hozirgi 24 tadan 30 taga yetkazish;
(z) Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarining yuk transport vositalarini oʻtkazish qobiliyatini hamda transport-logistika markazlarida konteynerlarga ishlov berish quvvatini ikki barobarga oshirish.
II. Respublikada yangi transport-logistika markazlarini tashkil qilish hamda quruqlik portlari sonini oshirish
2. Andijon, Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari, Transport vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda Bojxona qoʻmitasining 2030-yil yakuniga qadar quyidagi loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
(a) Andijon viloyatining:
(i) Xonobod shahrida 100 gektar va kelgusida bosqichma-bosqich 300 gektargacha yer maydonida xorijiy va mahalliy investorlar ishtirokida transport-logistika markazini (quruqlik porti), “Xonobod” chegara bojxona postiga yaqin hududda Bojxona qoʻmitasi tomonidan 5 gektardan kam boʻlmagan yer maydonida avtoturargoh hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan 30 gektar yer maydonida xalqaro chegara oʻtkazish stansiyasini barpo etish;
(ii) Xoʻjaobod tumanidagi “Doʻstlik” chegara bojxona postiga olib boruvchi avtomobil yoʻli boʻyida avtoturargoh barpo etish;
(b) Toshkent viloyatining:
(i) Ohangaron tumanida “Toshkent viloyati maxsus iqtisodiy zona direksiyasi” DMga ajratilgan yer maydonining 50 gektargacha boʻlgan qismida xorijiy va mahalliy investorlar ishtirokida “A” toifadagi transport-logistika markazini (quruqlik porti) barpo etish;
(ii) Yangiyoʻl tumanida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan “Oʻzbekiston” temir yoʻl stansiyasini kengaytirish;
(iii) Qibray tumanidagi “S. Najimov” chegara bojxona postiga tutash hududda Bojxona qoʻmitasi tomonidan 20 gektargacha boʻlgan yer maydonida Bojxona terminali va avtoturargoh barpo etish;
(v) Toshkent shahrining Yangihayot tumanida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan mavjud “Jaloir” temir yoʻl stansiyasini kengaytirish;
(g) Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida “Ayritom” chegara bojxona postiga tutash hududda Bojxona qoʻmitasi tomonidan 27 gektargacha boʻlgan yer maydonida Bojxona terminali va avtoturargoh barpo etish;
(d) Buxoro viloyatining Olot va Surxondaryo viloyatining Termiz tumanlarida 50 gektargacha hamda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida 100 gektargacha va Toshkent tumanida 30 gektargacha boʻlgan yer maydonlarida mahalliy tadbirkorlar ishtirokida “A” toifadagi transport-logistika markazlarini barpo etish.
3. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi, Bojxona qoʻmitasi, Toshkent viloyati hokimligi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida 159,4 gektar yer maydonida barpo etilayotgan logistika markazini quruqlik porti sifatida rivojlantirish, zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish va ularni kelgusida Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga ulash hamda mazkur obyekt mamlakatimizning xalqaro transport koridorlari tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
4. Andijon, Buxoro, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari hokimliklari, Kadastr agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasi uch oy muddatda tegishliligi boʻyicha mazkur qarorning 2-bandida nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish uchun:
(a) talab etiladigan yer uchastkalarining aniq joylashuvi va maydoni oʻlchamiga hamda ularning yer fondi toifalariga aniqlik kiritsin;
(b) zarur hollarda, tanlangan yer uchastkalarining yer fondi toifasini oʻzgartirish boʻyicha takliflarni tayyorlab, belgilangan tartibda Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga taqdim etsin.
5. Transport vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda:
(a) 2027-yil 1-avgustga qadar mazkur qarorning 2-bandi “d” kichik bandida nazarda tutilgan tumanlarda tanlangan va belgilangan tartibda yer fondi toifasi oʻzgartirilgan yer uchastkalarida transport-logistika markazlarini barpo etish loyihalarining master rejalarini, zaruratga koʻra, xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ishlab chiqsin;
(b) 2027-yil 1-dekabrga qadar master reja asosida yer uchastkalarini belgilangan tartibda (zarur hollarda lotlarga ajratgan holda) elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish yoki yirik investitsiya loyihalari uchun eng yaxshi takliflarni tanlash tartibida ajratish choralarini koʻrsin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki unga muvofiq:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari transport-logistika markazlarini rivojlantirish va barpo etish uchun yer uchastkalarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan namunaviy talablar asosida Transport vazirligi bilan kelishilgan holda tanlaydi va ajratadi;
(b) Transport vazirligi 2027-yilda transport-logistika markazlarini barpo etish uchun istiqbolli hududlarni aniqlaydi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur yer uchastkalarini belgilangan tartibda tuman hokimliklari tasarrufiga qaytarish choralarini koʻradi;
(v) transport-logistika markazlarini barpo etish uchun tuman hokimliklari tasarrufiga qaytarilgan yer uchastkalaridan transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanishga, shuningdek, boshqa investitsiya va tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish uchun ajratishga yoʻl qoʻyilmaydi;
(g) Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) Transport vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublikaning asosiy transport darvozalaridan kirib kelish yoʻnalishlarida transport-logistika markazlarini barpo etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda operatorlarning ustav fondida rezident va norezidentlarning ishtiroki masalalari hamda raqobatni cheklovchi harakatlarning oldini olish boʻyicha choralarni koʻrib boradi. Bunda:
(i) Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani va Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda kelgusida Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan aniqlanadigan boshqa shahar va tumanlar respublikaning asosiy transport darvozalari etib belgilanadi;
(ii) respublikaning asosiy transport darvozalaridan kirib kelish yoʻnalishlarida transport-logistika markazlarini barpo etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda operatorlarning ustav fondida mahalliy investorlarning ulushi 50 foizdan kam boʻlmasligi lozim.
III. Chegara oʻtkazish punktlari quvvatlarini oshirish hamda qulay infratuzilma obyektlarini barpo etish
7. Tashqi ishlar vazirligi Transport vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Bojxona qoʻmitasi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Xalqobod” Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktini (Qozogʻiston tomonida — “Karabay Konisbayev” oʻtkazish punkti) ochish va uning faoliyatini “Yagona toʻxtash” (One-stop) tamoyili asosida tashkil etish hamda unga olib boradigan avtomobil yoʻllarini qurish boʻyicha Qozogʻiston tomoni bilan muzokaralar oʻtkazib, natijalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritilishini taʼminlasin.
8. Belgilansinki, 2027-yildan boshlab har yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga logistika markazlarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash loyihalari kiritiladi. Bunda:
(a) Transport vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Energetika vazirligi ikki oy muddatda mavjud hamda transport-logistika sohasiga ixtisoslashgan tumanlarda barpo etiladigan logistika markazlariga olib boruvchi avtomobil yoʻllari va elektr energiyasi tarmoqlari toʻliq xatlovdan oʻtkazilishini;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Transport vazirligi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi hamda Energetika vazirligi 2027-yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda logistika markazlarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash loyihalari nazarda tutilishini hamda zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlaydi.
9. Surxondaryo viloyati hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi hamda Bojxona qoʻmitasining “Ayritom” chegara bojxona postidan oʻtib Termiz xalqaro aeroporti orqali tranzit usulida boshqa davlatlarga uchib ketadigan xorijlik yoʻlovchilar uchun aeroport terminaliga qadar “yashil yoʻlak” tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. Tashqi ishlar vazirligi Davlat xavfsizlik xizmati, Transport vazirligi, Bojxona qoʻmitasi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur qarorning 9-bandida nazarda tutilgan “yashil yoʻlak” tashkil etish tartibini tasdiqlasin.
IV. Transport-logistika sohasini raqamlashtirish
11. Transport vazirligi 2030-yil yakuniga qadar transport-logistika markazlarining quyidagi tizimlari Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin:
(a) transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish va omborni boshqarish tizimlari;
(b) transport-logistika markazlarida avtotransport vositalarining davlat raqami belgilarini aniqlash va elektron hisobga olish tizimi.
12. Belgilansinki, mazkur qarorning 11-bandida nazarda tutilgan tizimlar “E-logistika” platformasiga Transport vazirligining “Raqamli transport markazi” DM tomonidan Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan integratsiya qilinadi.
13. Belgilab qoʻyilsinki, yuklarni ichki va tashqi yoʻnalishlarda tashishda eng maqbul logistika marshrutlarini aniqlashni nazarda tutuvchi davlat operatorlik modeli Transport vazirligining “E-logistika” platformasi negizida joriy etiladi. Bunda:
(a) platforma orqali yuk oqimlari, tashuvchilar, transport-logistika markazlari, chegara oʻtkazish punktlari hamda temir yoʻl stansiyalarining imkoniyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron tarzda jamlash, tahlil qilish va monitoring qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
(b) mazkur model doirasida ichki va tashqi yoʻnalishlarda maqbul yuk tashish marshrutlarini tanlash, yuk joʻnatuvchilar, tashuvchilar, ekspeditorlar, transport-logistika markazlarining oʻzaro hamkorligini elektron shaklda tashkil etish hamda ushbu jarayonlarning shaffofligini taʼminlash “E-logistika” platformasi orqali amalga oshiriladi.
V. Moliyaviy resurslar va imtiyozlar
14. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan, shu jumladan, Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” strategiyasi doirasida koʻp funksiyali va multimodal transport-logistika markazlarini qurish va modernizatsiya qilish uchun 2027-yilda kamida 200 mln AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli va kam foizli kredit liniyalari jalb etilishini taʼminlasin.
15. Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagi talablarga mos keladigan transport-logistika markazlarini 2040-yilga qadar transport-logistika xizmatlarini koʻrsatish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan obyekt va yer uchastkalari boʻyicha yer soligʻi va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod qilish boʻyicha taklifi maʼqullansin:
(a) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining (ESKATO) Quruqlik portlari toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimi (Bangkok, 2013-yil 1-may) roʻyxatiga qoʻshilgan;
(b) mazkur qarorning 11-bandida keltirilgan tizimlarni joriy etgan hamda Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga integratsiya qilgan;
(v) Transport vazirligining “E-logistika” platformasida transport-logistika markazlari reytingi boʻyicha “VV” va undan yuqori darajadagi reytingga ega boʻlgan.
16. Belgilansinki, Transport vazirligi tomonidan transport-logistika markazlarining mazkur qarorning 15-bandida belgilangan talablarga muvofiqligi baholanadi. Bunda:
(a) har yili 1-noyabrga qadar transport-logistika markazlarining mazkur qarorning 15-bandida belgilangan talablarga muvofiqligi baholanadi va Soliq qoʻmitasiga taqdim etiladi;
(b) imtiyoz berilgan muddatda transport-logistika markazlari belgilangan talablarni bajarmasa, ularga nisbatan yer soligʻi va mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozlarni keyingi bir soliq davri uchun toʻxtatishga asos boʻladigan tegishli maʼlumotlar Soliq qoʻmitasiga taqdim etiladi;
(v) imtiyoz olish uchun transport-logistika markazi tomonidan soxta yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganligi aniqlanganda ushbu qarorning 15-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar bekor qilinadi hamda tegishli toʻlovlar belgilangan tartibda undiriladi.
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport vazirligi, Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda transport-logistika markazlariga mazkur qarorning 15-bandida belgilangan imtiyozlarni taqdim etish boʻyicha Soliq kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. 2029-yil 1-avgustga qadar transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan transport-logistika markazlari tomonidan oʻxshashi Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlar bojxona bojidan va majburiy sertifikatlashdan ozod qilinsin.
19. Respublikada logistika jozibadorligi va kuryerlik joʻnatmalari hajmini oshirish maqsadida 2026-yil 1-noyabrdan boshlab xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazganlik uchun amaldagi bojxona yigʻimi stavkasi 20 foizga pasaytirilsin.
20. Belgilansinki, 2028-yil 1-yanvarga qadar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlarning ehtiyojlari (asosiy faoliyati) uchun chet davlatlardan olib kelinadigan yangi harakat tarkiblari (elektropoyezdlar, lokomotivlar va vagonlar), nogabarit va oʻta ogʻir vaznli ehtiyot qismlarini tashish xizmatlari “Temiryoʻlkargo” AJ tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
21. 2027-yil 31-dekabrga qadar transport vositalari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan M2, M3, N toifaga kiruvchi transport vositalari, tirkama va osma texnikalarni (keyingi oʻrinlarda — texnikalar) ishlab chiqarishda foydalaniladigan oʻxshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan quyidagi tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji toʻlashdan ozod qilinsin:
(a) ishlab chiqarish uchun butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, dvigatellar, transmissiyalar, uzellar, xomashyo va materiallar (shu jumladan, listli va navli metall prokati);
(b) texnik hujjatlar va chizmalar, dasturiy taʼminot, texnologik jihozlar va qoliplar, mashina va uskunalar hamda ular uchun ehtiyot qismlar, anjomlar va materiallar;
(v) texnikalar uchun zarur boʻlgan sotuvdan keyingi servis xizmatini koʻrsatishda ishlatiladigan ehtiyot qismlar, sarf materiallari va yordamchi materiallar.
VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
22. Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov va transport vaziri I.R. Maxkamov hamda Andijon, Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari belgilansin.
24. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 12-oktabr,
PQ-368-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2026-y., 07/26/368/1027-son)