Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Ilgʻor “yashil” texnologiyalar asosida issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish va aholi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Issiqxona xoʻjaliklarida zamonaviy, energiya tejamkor va ekologik toza “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish, issiqxona xoʻjaliklarining barqaror faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, aholi tomorqa yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda aholi daromadlarini koʻpaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Issiqxona xoʻjaliklariga imtiyozlar va qoʻllab-quvvatlash choralari
1. Soliq kodeksiga muvofiq:
(a) qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi nol foiz etib;
(b) qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari va baliq xoʻjaligi korxonalari uchun oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan foyda boʻyicha foyda soligʻi stavkasi nol foiz etib;
(v) issiqxona faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan issiqxona xoʻjaliklari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Issiqxona faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar:
(a) yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha stavkalar 50 foizga kamaytirilsin;
(b) aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish tarzidagi soliq imtiyozi berilsin.
3. 2026-yil 1-noyabrdan boshlab 2030-yil 1-aprelga qadar issiqlik energiyasini tejovchi maxsus qoplama “koʻrpa” bilan qoplangan va (yoki) energiya samarador va ekologik toza “yashil” isitish vositalaridan (issiqlik nasoslari, geotermal isitish tizimlari, quyosh issiqlik tizimlari, elektr energiyasi asosidagi yuqori samarali isitish tizimlari) foydalanayotgan issiqxona xoʻjaliklariga oktabr — mart oylarida issiqxona faoliyati uchun isteʼmol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan subsidiya ajratilsin.
II. Aholi tomorqalaridagi issiqxonalarni energiya tejamkor texnologiyalarga oʻtkazish va ekologik barqarorligini taʼminlash
4. Energiya samaradorligi milliy agentligi 2030-yil 1-yanvarga qadar Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyoʻl va Yuqori Chirchiq tumanlarida aholi tomorqalaridagi issiqxonalarni isitish uchun quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari va boshqa energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish hamda oʻrnatish xarajatlarining 40 foizi, biroq 100 million soʻmdan oshmagan miqdorda bir martalik subsidiya ajratsin. Bunda:
(a) quyosh panellari uchun subsidiya ular issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari yoki boshqa energiya tejamkor uskunalar bilan birgalikda oʻrnatilganda ajratiladi;
(b) quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari va boshqa energiya tejamkor uskunalarni xarid qilish va oʻrnatish Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi.
5. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2026-yil 1-dekabrga qadar Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyoʻl va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallada:
(a) “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambagʻallikni qisqartirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bittadan oilaning xonadonida maydoni 4 sotixdan kam boʻlmagan, issiqlik energiyasini tejovchi maxsus qoplama “koʻrpa” bilan qoplangan hamda energiya samarador “yashil” isitish vositalari bilan jihozlangan issiqxonalarni tashkil etish uchun har bir oilaga 200 million soʻmgacha miqdorda subsidiya ajratsin;
(b) tuman hokimliklari bilan birgalikda mazkur xonadonlarda tashkil etilgan issiqxonalardan aholi uchun koʻrgazmali oʻquv-tajriba maydonlari sifatida samarali foydalanishni taʼminlasin.
6. Markaziy bank oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida Toshkent viloyatida tajriba tariqasida tomorqa va dehqon xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlariga ega jismoniy shaxslarga quyidagi maqsadlar uchun imtiyozli kredit ajratish tartibini amaliyotga kiritsin:
(a) “yashil” texnologiyalarga asoslangan issiqxona barpo etish uchun — 300 million soʻmgacha;
(b) mavjud issiqxonalarni “yashil” texnologiyalar asosida qayta jihozlash va rekonstruksiya qilish uchun — 150 million soʻmgacha;
(v) mazkur bandda nazarda tutilayotgan kreditlarning:
(i) 100 million soʻmgacha boʻlgan qismini garov taʼminotisiz;
(ii) har bir sotix uchun 5 million soʻm qismini naqd pul shaklida ajratish.
III. Moliyaviy resurslar
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan subsidiyani moliyalashtirish uchun Agrar sohada toʻlovlar agentligining talabnomasiga asosan zarur mablagʻlarni ajratsin;
(b) ikki hafta muddatda ushbu qarorning 4-bandida belgilangan maqsadlar uchun Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga respublika budjetining 2026-yil III choragi yakuni boʻyicha daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi hisobidan 50 milliard soʻm ajratsin;
(v) masʼul vazirlik va idoralarning hisob-kitoblariga asosan 2027-yildan boshlab ushbu qarorda nazarda tutilgan subsidiyalarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Ijtimoiy himoya milliy agentligi:
(a) Energiya samaradorligi milliy agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-dekabrga qadar mazkur qarorning 5-bandiga asosan issiqxona tashkil etiladigan 50 ta xonadonning devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar hamda geliokollektorlar bilan jihozlash ishlarini tashkil etsin;
(b) mazkur banddagi tadbirlarni amalga oshirish uchun “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari mablagʻlarini teng ulushlarda tuman hokimliklarining “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmalariga yoʻnaltirsin.
9. Tijorat banklari “Uzagrostar xolding” kompaniyasi va Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda olti oy muddatda Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyoʻl va Yuqori Chirchiq tumanlarida:
(a) kamida 1 gektardan yer maydonlarida “yashil” texnologiyalar (quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitish moslamalari va boshqa energiya tejamkor uskunalar) asosida zamonaviy issiqxonalarni tashkil etsin;
(b) tashkil etiladigan issiqxonalardan aholini issiqxonachilikda “yashil” texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga oʻrgatish, energiya va suv tejovchi uskunalarni amaliyotga joriy etish hamda yuqori daromadli qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish boʻyicha oʻquv-tajriba maydonlari sifatida foydalanishni taʼminlasin.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:
(a) ikki hafta muddatda ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan subsidiyani ajratish tartibini;
(b) bir oy muddatda Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklarining issiqxonalarida yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yoʻqotilishi (nobud boʻlishi) xavflarini sugʻurta qilish boʻyicha takliflarni;
(v) ikki oy muddatda ushbu qarorning 2-bandi “b” kichik bandidan kelib chiqib Soliq kodeksiga oʻzgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abdurahmonov, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.E. Zaxidov hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori Z.B. Badriddinov belgilansin.
12. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-oktabr,
PQ-371-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2026-y., 07/26/371/1028-son)