Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ShOShILINCh TIBBIY YORDAM OʻQUV MARKAZINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-dekabrdagi 1035-sonli “Aholi salomatligini muhofaza qilish yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Shoshilinch tibbiy yordam masalalari boʻyicha tibbiyot xodimlari va yoʻriqchilarini oʻz vaqtida va sifatli tayyorlash hamda qayta tayyorlashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ikkinchi Toshkent tibbiyot institutining anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi negizida Shoshilinch tibbiy yordam oʻquv markazi tashkil etilsin.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
aholini, xalq taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim xodimlarini, vazirliklar va idoralarning avariya-qutqaruv xizmati shaxsiy tarkibini dastlabki tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalariga oʻrgatish boʻyicha tibbiyot xodimlarini, yoʻriqchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash;
ilgʻor tajribalarni, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tajribalarini umumlashtirish va ommalashtirish;
davolashga yotqizishgacha boʻlgan bosqichda tibbiy yordam koʻrsatishning tashkiliy shakllari va usullarini ishlab chiqish va takomillashtirish;
Markaz ishlari yoʻnalishlari boʻyicha noshirlik faoliyatini amalga oshirish, mutaxassislarni tayyorlash asoslari boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish muammolari boʻyicha seminarlar va konferensiyalarda qatnashish.
Belgilab qoʻyilsinki, Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi Ssgʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tayinlanadi.
3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Markazni mablagʻ bilan taʼminlash, shu jumladan tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha xarajatlar pedagogik va xoʻjalik faoliyatidan tushadigan oʻz mablagʻlari, shuningdek Amerika xalqaro sogʻliqni saqlash uyushmasining moliyaviy yordami hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Markazning tashkiliy davrda muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatishi va uni oʻquv qoʻllanmalari va sanitariya avtotransporti bilan taʼminlash uchun oʻziga qarashli muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan 1998-yil I choragida zarur mablagʻlar ajratsin;
Markazning faoliyat koʻrsatishini va yuqori malakali pedagog kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin;
bir oy muddatda maqsadli oʻquv dasturlarini koʻrib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
Shoshilinch tibbiy yordam xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini 1998-yil 1-aprelga qadar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar har yili budjet prognozlarini shakllantirishda shoshilinch tibbiy yordam oʻquv markazida mutaxassislar va yoʻriqchilarni maxsus dasturlar boʻyicha tayyorlash va qayta tayyorlash xarajatlarini nazarda tutsinlar.
6. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Markazni teletayp va maxsus telefon aloqasi bilan jihozlash choralarini koʻrsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 4-mart,
94-son
Shoshilinch tibbiy yordam oʻquv markazining
TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Shoshilinch tibbiy yordam oʻquv markazi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Umumiy qoidalar
1.1. Shoshilinch tibbiy yordam oʻquv markazi (bundan keyin matnda Markaz deb ataladi) Ikkinchi Toshkent tibbiyot institutining anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi negizida Amerika xalqaro sogʻliqni saqlash uyushmasi (AXSU) koʻmagida tashkil etilgan.
1.2. Markaz AXSU bilan birgalikda tuzilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan oʻquv dasturi boʻyicha shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish borasida tinglovchilar tayyorlashni taʼminlaydi. Tinglovchilar guruhlari aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam xizmati tibbiy xodimlaridan, yoʻriqchilaridan, xalq taʼlimi va oliy taʼlim muassasalari, halokatlarga tibbiy yordam koʻrsatish xizmati tuzilmalari, qutqaruvchilar tuzilmalari shaxsiy tarkibi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligining ishlari favqulodda vaziyatlar oqibatlarini tugatish bilan bogʻliq boʻlgan xizmatlari xodimlaridan iborat boʻladi.
1.3. Markaz direktori Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyrugʻi bilan favqulodda vaziyatlarda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil qilish masalalari boʻyicha eng malakali ilmiy xodimlar-pedagoglar orasidan tayinlanadi.
1.4. Markaz Sogʻliqni saqlash vazirligiga boʻysunadi va Markazning ilmiy-uslubiy ishlarini, oʻquv jarayonini maʼmuriy-xoʻjalik faoliyatini tashkil etish uchun javob beradi.
2. Markazning vazifalari va funksiyalari
2.1. Aholini hamda xalq taʼlimi va oliy taʼlim tizimining avariya-qutqaruv, militsiya va yongʻindan saqlash tuzilmalari shaxsiy tarkibining halokatlarning sanitariya oqibatlarini tugatishda va ekstremal vaziyatlarda bemorlarga, shikastlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatishda qatnashuvchi xodimlarini AXSU bilan kelishilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlagan oʻquv dasturlari boʻyicha dastlabki tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalariga oʻrgatuvchi tibbiyot xodimlarini, yoʻriqchilarini tayyorlash.
Keyingi tahrirga qarang.
2.2. Pirovard maqsadni, kurslarda tayyorgarlikdan oʻtuvchi mutaxassislarning tayyorgarlik darajasini, tinglovchilarning umumiy maʼlumoti darajasini hisobga olgan holda tinglovchilar turli toifalarini tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish, ularga tuzatishlar kiritish va ularni birxillashtirish.
2.3. Oʻqib boʻlingan kurs boʻyicha imtihonlardan oʻtkazish va tinglovchilarning toifalariga koʻra, taʼlim kurslari boʻyicha sertifikatlar berish.
2.4. Ilgʻor oʻquv yurtlari va boshqa mamlakatlarning halokatlar tibbiyoti boʻyicha tajribasini umumlashtirish va ommalashtirish.
2.5. Sohaga doir materiallar, tavsiyanomalar va qoʻllanmalarni tayyorlash va eʼlon qilish boʻyicha noshirlik faoliyatini amalga oshirish, shuningdek halokatlar tibbiyotiga oid videofilmlar va slaydlar yaratish.
2.6. Tibbiy yordam koʻrsatish, davolashga yotqizishgacha boʻlgan bosqichda tibbiy xizmat koʻrsatish sifati va madaniyatini oshirishning tashkiliy shakl va usullarini ishlab chiqish va takomillashtirish.
2.7. Shoshilinch tibbiy yordam boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, seminar va konferensiyalarda qatnashish.
2.8. Mutaxassislar tayyorlash asoslari boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish.
3. Markazning huquqlari
3.1. Halokatlar tibbiyoti xizmatini rivojlantirishning milliy strategiyasi va konsepsiyasini ishlab chiqishda qatnashadi.
3.2. Ilmiy tadqiqotlar rejalarini ishlab chiqadi. Xalqaro tanlovlarda, shuningdek Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Fan va texnika davlat qoʻmitasining ilmiy-tadqiqot ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash boʻyicha tanlovlarida qatnashadi.
3.3. Respublikaning va boshqa davlatlarning davlat muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, tibbiyot oʻquv yurtlari va yetakchi mutaxassislar bilan Markaz sohasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash masalalari borasida hamkorlikni amalga oshiradi.
3.4. Mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, yuridik va jismoniy shaxslar uchun, amaldagi qonunchilikka muvofiq, asosiy oʻquv jarayoni doirasida konsultatsiyalar, uslubiy ishlanmalar va oʻquv qoʻllanmalari, kadrlar tayyorlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatadi.
3.5. Oʻz mablagʻlari va xalqaro xayriya jamgʻarmalari, AXSU ajratmalari hamda xoʻjalik hisobidagi faoliyati daromadlari doirasida oʻz xoʻjalik faoliyatini mustaqil rejalashtiradi va amalga oshiradi.
4. Markazni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari
4.1. Xoʻjalik hisobidan tushadigan oʻz mablagʻlari.
4.2. AXSU ajratmalari.
4.3. Xayriya jamgʻarmalari, jamoat tashkilotlari va boshqalarning mablagʻlari.
5. Markazning hisob va hisobot ishlari
5.1. Markaz qonunchilikda belgilangan tartibda joriy, buxgalteriya va statistika hisobini amalga oshiradi.
5.2. Markaz belgilangan tartibda, tasdiqlangan shaklda va belgilangan muddatlarda respublika Sogʻliqni saqlash vazirligiga tegishli axborot topshiradi.
6. Markazning ramziy belgilari
6.1. Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Gerbi tasvirlangan, oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shuningdek yuridik shaxsning boshqa ramziy belgilariga ega boʻladi.
6.2. Markaz bankda mustaqil hisob-kitob raqamini ochish hamda Markazning maqsadi va vazifalariga javob beradigan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega.
7. Markazni tugatish va qayta tashkil qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.