Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHKENT SHAHRIDA XALQARO KLASSDAGI 4 YULDUZLI MEHMONXONA QURILISHI SAMARADORLIGINI OSHIRISH BOʻYICHA QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Hukumatning 1996-yil 5-noyabrdagi 380-son qaroriga muvofiq “Buig” firmasi (Fransiya) tomonidan Toshkent shahrida qurilayotgan xalqaro klassdagi 4 yulduzli mehmonxona qurilishi samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligining loyiha umumiy qiymatini 13 mln Fransiya frankiga koʻpaytirgan holda mehmonxona fondini 250 oʻringacha koʻpaytirish va binoning old tomonlarini pardozlash ishlari sifatini oshirish yuzasidan taklifiga rozilik berilsin.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, qoʻshimcha ishlarni mablagʻ bilan taʼminlash ularning bajarilishiga koʻra 1998-yilda Toshkent shahar hokimligi mablagʻlari hisobidan toʻlovlar jadvaliga binoan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
umumiy miqdorning 50 foizi (6,5 mln Fransiya frankiga teng) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha milliy valyutada;
umumiy miqdorning 50 foizi (6,5 mln Fransiya franki) — “Buig” firmasiga qurilish ishlariga haq toʻlash uchun Fransiya frankida.
3. Mehmonxona qurilishi barcha davriga:
a) “Buig” firmasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri kontraktlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan yetkazib beriladigan mahsulotlar va bajariladigan xizmatlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan;
b) “Buig” firmasi va uning subpudratchilari:
kontraktni amalga oshirishdan olingan daromadlarga nisbatan soliqlar va yigʻimlarning barcha turlaridan;
“Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasining Kapital qurilish bosh boshqarmasi buyurtmanomalari boʻyicha firma xodimlariga vizalar berganlik va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligida roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun olinadigan boj va yigʻimlardan;
xorijiy mutaxassislarni mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligida roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun va litsenziyalar berganlik uchun olinadigan yigʻimlardan ozod qilinsin.
4. Toshkent shahar hokimligi “Buig” firmasi tomonidan taqdim etilgan tasdiqlovchi hujjatlar asosida ish boshlangan paytdan va mazkur qaror imzolanishiga qadar “Buig” firmasi tomonidan toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi, vizalarni rasmiylashtirish boʻyicha xarajatlar va boshqa soliqlar va yigʻimlarni “Buig” firmasiga oʻz mablagʻlari hisobidan qoplasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R. R. Yunusov, B. S. Hamidov va Toshkent shahar hokimi K. N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 2-mart.,
89-son