Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Geografik koʻrsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomi ogohlantiruvchi tamgʻalarining shakllarini va tavsiflarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual faoliyat natijalarini ragʻbatlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-358-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 27-moddasiga muvofiq:
guvohnoma egasi geografik koʻrsatkich bilan bir qatorda tovarda yoki uning oʻrovida qoʻllanilgan belgi Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan geografik koʻrsatkich ekanligini bildiradigan ogohlantiruvchi tamgʻa (keyingi oʻrinlarda — ogohlantiruvchi tamgʻa) qoʻyishi mumkinligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tovarda yoki uning oʻrovida qoʻllanilgan belgi Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilgan geografik koʻrsatkich ekanligini bildiradigan ogohlantiruvchi tamgʻaning shaklini tasdiqlashi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Geografik koʻrsatkich ogohlantiruvchi tamgʻasining shakli va tavsifi 1-ilovaga muvofiq;
Tovar kelib chiqqan joy nomi ogohlantiruvchi tamgʻasining shakli va tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
ogohlantiruvchi tamgʻalar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga taalluqli boʻlgan geografik koʻrsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomiga nisbatan qoʻllaniladi hamda ulardan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi;
ogohlantiruvchi tamgʻalarning foydalanilayotgan shakllari, ularning oʻlchamidan qatʼi nazar, mazkur qaror bilan tasdiqlangan rangli yoki oq-qora shakllarga mos boʻlishi kerak.
4. Adliya vazirligi:
bir oy muddatda Intellektual mulk muhofazasi portali orqali geografik koʻrsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida eʼlon qilib borish tizimini yoʻlga qoʻysin;
mazkur qaror bilan tasdiqlangan ogohlantiruvchi tamgʻalardan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-sentabr,
469-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-sentabrdagi 469-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Geografik koʻrsatkich ogohlantiruvchi tamgʻasining
SHAKLI

Geografik koʻrsatkich ogohlantiruvchi tamgʻasining
TAVSIFI
Geografik koʻrsatkichning ogohlantiruvchi tamgʻasi yashil doira shaklida boʻlib, u saxovatli quyosh va toʻkin-sochinlik ramzi boʻlgan non tasvirini ifodalaydi.
Aylananing yuqori qismida oq fonda yashil harflar bilan “MUHOFAZALANGAN GEOGRAFIK KOʻRSATKICH”, pastki qismida esa ingliz tilida “PROTECTED GEOGRAPHICAL INDICATION” yozuvlari joylashgan.
Tamgʻaning tashqi konturi boʻylab oʻtgan ingichka yashil hoshiya tasvirning chegarasini belgilab, uning kompozitsion yaxlitligini taʼminlaydi.
Aylananing markaziy qismida oq rangda Oʻzbekiston Respublikasi xaritasi tasviri berilgan. Xaritaning yuqori qismida qizil rangdagi joylashuv belgisi qoʻyilgan boʻlib, uning ichida “GEOGRAPNICAL INDICATION” soʻzlarining qisqartmasi “GI” harflari yozilgan.
Aylananing ikki tarafida aks etgan yashil rangdagi sakkizburchak respublika hurligining ramzini ifodalaydi.
Xaritaning pastki qismida oq rangda katta harflar bilan “UZBEKISTAN” soʻzi yozilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 5-sentabrdagi 469-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Tovar kelib chiqqan joy nomi ogohlantiruvchi tamgʻasining
SHAKLI

Tovar kelib chiqqan joy nomi ogohlantiruvchi tamgʻasining
TAVSIFI
Tovar kelib chiqqan joy nomi ogohlantiruvchi tamgʻasi havo rang doira shaklida boʻlib, u saxovatli quyosh va toʻkin-sochinlik ramzi boʻlgan non tasvirini ifodalaydi.
Aylananing yuqori qismida oq fonda koʻk harflar bilan “MUHOFAZALANGAN TOVAR KELIB CHIQQAN JOY NOMI”, pastki qismida esa ingliz tilida “PROTECTED APPELLATION OF ORIGIN” yozuvlari joylashgan.
Tamgʻaning tashqi konturi boʻylab oʻtgan ingichka koʻk rangdagi hoshiya tasvirning chegarasini belgilab, uning kompozitsion yaxlitligini taʼminlaydi.
Aylananing markaziy qismida oq rangda Oʻzbekiston Respublikasi xaritasi tasviri berilgan. Xaritaning yuqori qismida qizil rangdagi joylashuv belgisi qoʻyilgan boʻlib, uning ichida “APPELLATION OF ORIGIN” soʻzlarining qisqartmasi “AO” harflari yozilgan.
Aylananing ikki tarafida aks etgan koʻk rangdagi sakkizburchak respublika hurligining ramzini ifodalaydi.
Xaritaning pastki qismida oq rangda katta harflar bilan “UZBEKISTAN” soʻzi yozilgan.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.09.2026-y., 09/26/469/0902-son)