Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorliklarni qisqartirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Jahon bozorlaridagi noaniqliklar, tashqi toʻlovlar va bank hisob-kitoblaridagi cheklovlar, ayrim xorijiy kontragentlar tomonidan shartnomaviy majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarmaslik holatlari taʼsirida tadbirkorlik subyektlarida yuzaga kelgan muddati oʻtgan debitor qarzdorliklarni qisqartirish maqsadida qaror qilaman:
I. Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlikni soʻndirishning yangi mexanizmi
1. Tadbirkorlik subyektlariga eksport operatsiyalari boʻyicha aktivlarning belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinishi taʼminlanmagan hollarda yuzaga kelgan debitor qarzdorlikni oʻz mablagʻlari hisobidan soʻndirishga ruxsat berish boʻyicha 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatga bir martalik umumdavlat aksiyasi (keyingi oʻrinlarda — aksiya) eʼlon qilinsin.
2. Belgilansinki, aksiya:
(a) ushbu Farmon kuchga kirgan sanaga qadar tashqi savdo shartnomasi boʻyicha tovarlar, ishlar yoki xizmatlar amalda eksport qilingan, biroq xorijiy kontragent tomonidan toʻlov belgilangan muddatlarda amalga oshirilmaganligi sababli yuzaga kelgan va “E-kontrakt” tashqi savdo axborot tizimida muddati oʻtgan sifatida qayd etilgan debitor qarzdorliklarga nisbatan tatbiq etiladi;
(b) ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar hamda ustav kapitalida ushbu tashkilotlar ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq aksiya doirasida:
(a) naqd shakldagi valyuta mablagʻlarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi va tegishli ishonchnomalarni taqdim etmagan holda xizmat koʻrsatuvchi bank kassalari orqali tadbirkorlik subyektining hisobvaragʻiga kiritish yoʻli bilan muddati oʻtgan debitor qarzdorlikni soʻndirishga ruxsat beriladi;
(b) mazkur bandning “a” kichik bandidagi mablagʻlar kirim qilinganidan soʻng:
(i) tadbirkorlik subyektining muddati oʻtgan debitor qarzdorligi summasi “E-kontrakt” tashqi savdo axborot tizimida avtomatik ravishda kirim qilingan mablagʻ summasiga mos ravishda qisqaradi;
(ii) tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun jarimaning undirilmagan qismi kirim qilingan mablagʻlarga mutanosib ravishda bekor qilinadi;
(v) mazkur bandning “a” kichik bandidagi mablagʻlar tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportidan kelib tushgan valyuta tushumi sifatida eʼtirof etilmaydi hamda qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha nol darajali stavka qoʻllanilishiga asos boʻlmaydi.
II. Aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlash boʻyicha vijdonan harakat qilingan holatlar uchun javobgarlikni yengillashtirish
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi holatlarning hech boʻlmaganda bittasi mavjud boʻlgan taqdirda, tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun jarima miqdori sud tomonidan ikki baravarga kamaytiriladi:
(a) rezidentning tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlash boʻyicha vijdonan harakat qilgan holda oʻziga bogʻliq barcha choralarni, shu jumladan sud, arbitraj yoki boshqa majburiy undiruv vositasi orqali oʻz huquqlarini himoya qilish choralarini koʻrganligi;
(b) tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning 50 foizdan ortiq qismi repatriatsiya qilinishi taʼminlanganligi;
(v) tashqi savdo shartnomasi boʻyicha xorijiy hamkor joylashgan yoki toʻlov amalga oshiriladigan davlatda yuzaga kelgan hammaga maʼlum boʻlgan xalqaro sanksiyalar, bank va toʻlov tizimlaridagi cheklovlar yoki valyuta operatsiyalariga oid taqiqlar sababli aktivlarni repatriatsiya qilish imkoniyati cheklanganligi, bundan yengib boʻlmas kuch taʼsirida yuzaga kelgan holat belgilangan tartibda tasdiqlangan hollar mustasno.
5. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur Farmonning 4-bandiga asosan jarimani kamaytirish ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar yoki ustav fondida ushbu tashkilotlarning ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarga tatbiq etilmaydi.
III. Farmon ijrosini tashkil qilish, taʼminlash va nazorat
6. Oliy sud manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonning 4-bandidan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritsin.
7. Quyidagilar bir hafta muddatda:
(a) Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi aksiyani targʻib qilish reja-grafigini tasdiqlab, tijorat banklari, Bojxona qoʻmitasi, Soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tarmoq uyushmalari bilan birgalikda hududlar va tarmoqlar kesimida tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida aksiyaning mazmun-mohiyati keng tushuntirilishini taʼminlasin;
(b) Bojxona qoʻmitasi va Soliq qoʻmitasi tijorat banklari bilan birgalikda “E-kontrakt” tashqi savdo axborot tizimida qayd etilgan muddati oʻtgan debitor qarzdorliklari mavjud tadbirkorlik subyektlariga aksiya toʻgʻrisida xabarnomalar yuborsin.
8. Soliq qoʻmitasi Bojxona qoʻmitasi va Markaziy bank bilan birgalikda aksiyaning ijro holati boʻyicha har oy, aksiya natijalari boʻyicha 2027-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.
9. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib quyidagilar belgilansin:
(a) Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev — belgilangan topshiriq va vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlashga;
(b) Bojxona qoʻmitasi raisi A.Yu. Mavlonov, Soliq qoʻmitasi raisi F.J. Pulatov hamda tijorat banklari raislari — tadbirkorlik subyektlariga aksiya mexanizmlarining yetkazilishi, tushuntirilishi, amalda soʻzsiz va toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashini taʼminlashga;
(v) Bosh prokuror oʻrinbosari D.S. Qosimov — Farmonda belgilangan topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatishga.
10. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 27-avgust,
PF-176-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2026-y., 06/26/176/0879-son)