Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IMTIYOZLI SHARTLARDA PENSIYAGA CHIQISH HUQUQINI BERUVCHI ISHLAB CHIQARISHLAR, MUASSASALAR, ISHLAR, KASBLAR, LAVOZIMLAR VA KOʻRSATKICHLARNING ROʻYXATINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-oktabrdagi 637-sonli “Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning roʻyxatini hamda ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini joriy etish tartibi haqida” 1993-yil 3-sentabrdagi qarorini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagi ilova qilinayotgan roʻyxatlar tasdiqlansin:
talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji boʻlganda yoshidan qatʼi nazar, pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar va lavozimlarning 1-roʻyxati*;
talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji boʻlganda umumiy belgilangan yoshdan 10 yil oldin pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning 2- roʻyxati*;
talab qilinadigan umumiy va maxsus ish staji boʻlganda umumiy belgilangan yoshdan 5 yil oldin pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning 3-roʻyxati*.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
2-roʻyxatning 1-qismi va 3-roʻyxatning 1-qismi ish oʻrnini mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazishni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi belgilagan tartibda tatbiq etiladi;
mulkchilik shakllari va qaysi idoraga qarashliliklaridan qatʼi nazar, korxonalarda imtiyozli pensiya taʼminoti boʻyicha roʻyxatlarning toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Ijtimoiy taʼminot vazirligi amalga oshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Ijtimoiy taʼminot vazirligiga yoshi boʻyicha imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar lavozimlar va koʻrsatkichlar Roʻyxatini tatbiq qilish tartibi toʻgʻrisida tushuntirishlar berish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi bilan kelishgan holda ushbu Roʻyxatga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining buyurtmanomasi boʻyicha 1994-yilning 1-iyunigacha imtiyozli pensiya taʼminoti haqidagi normativ hujjatlar toʻplamining nashr etilishini taʼminlasin.Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻplamning nashr qilinishi uchun kerakli mablagʻlarni izlab topsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat boʻlimi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 12-may,
250-son