Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XUSUSIY MULK VA TADBIRKORLIKNI KORRUPSIYA, REKET VA UYuShGAN JINOYATChILIKNING BOShQA TURLARIDAN HIMOYA QILIShNING TAShKILIY ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 21-yanvardagi PF-745-son Farmonini ijro etish yuzasidan hamda bozor iqtisodiyotiga oʻtish sharoitlarida uyushgan jinoyatchilikka va korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish, reket va poraxoʻrlik hollariga barham berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tuzilmalarida korrupsiya va reketga va terrorchilikka qarshi kurash boshqarmalari tashkil etilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-oktabrdagi 505-sonli qarori tahririda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining korrupsiya va reketga va terrorchilikka qarshi kurash boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi va shtatlar soni ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-oktabrdagi 505-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boshqarmalarning shtatdagi xodimlari sonini vazirlikning belgilangan xodimlari soni va shtatlari doirasida shakllantirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tuzilmasidagi Korrupsiya va reketga qarshi kurash boshqarmasi Korrupsiyaga, reketga va terrorchilikka qarshi kurash Bosh boshqarmasiga aylantirilsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-oktabrdagi 505-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
4. Koʻrsatib oʻtilgan Bosh boshqarma tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ichki qoʻshinlarining harbiy qismi (7777 h\q) shtatlari soni hisobidan terrorchilik bilan kurashuvchi maxsus boʻlinma kiritilsin.
Alohida xizmat sharoitlari uchun Ushbu boʻlinmaning boshliqlar tarkibiga, Korrupsiya, reket va terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshligʻiga hamda uning oʻrinbosarlariga amaldagi lavozim maoshlari 25 foiz ustama bilan toʻlansin va pensiyaga chiqish vaqtida uzoq muddat ishlaganlikni hisoblashda xizmatning 1 oyi 1,5 oy deb hisoblansin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-oktabrdagi 505-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi uning tuzilmasida korrupsiya va reketga qarshi kurash boshqarmalari tashkil etilishi munosabati bilan mehnatga haq toʻlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga zarur mablagʻlar ajratsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-oktabrdagi 505-sonli qaroriga asosan 5-band deb xisoblangan)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 5-fevraldagi 57-4-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 13-oktabrdagi 505-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 11-may,
247-son
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 11-maydagi 247-son qaroriga
ILOVA
1994-yil 11-maydagi 247-son qaroriga
ILOVA
Korrupsiya va reketga qarshi kurash boshqarmalarining
NAMUNAVIY TUZILMASI
katta va oʻrta boshliqlar tarkibiga kiruvchi xodimlar soni
Rahbariyat — 2
Davlatga qarashli hamda xususiy tadbirkorlikni korrupsiya va reketdan himoya qilish boʻlimi — 10
Qiymatli qogʻozlar tayyorlash va valyuta operatsiyalari bilan noqonuniy shugʻullanishga qarshi kurash boʻlimi — 6
Tergov boʻlimi — 6
Tahlil, nazorat va axborot bilan taʼminlash boʻlimi — 6
Tezkorlikni taʼminlash boʻlimi — 8