Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga hamda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila aʼzolariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlash tartibi toʻgʻrisida” 2005-yil 25-iyuldagi 169-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va ayrim fuqaro xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 8-iyundagi PQ-214-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga hamda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila aʼzolariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlash tartibi toʻgʻrisida” 2005-yil 25-iyuldagi 169-son qaroriga ilovaga muvofiq Toshkent va Samarqand shaharlarida harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun toʻlanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdorini 25 foizga oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-iyul,
369-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-iyuldagi 369-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga hamda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila aʼzolariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlash tartibi toʻgʻrisida” 2005-yil 25-iyuldagi 169-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-ilovaning 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensatsiyasi kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari yoʻnalishi boʻyicha turar joy bilan taʼminlanmagan oddiy askar, serjant va ofitserlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarga amaldagi sarf-xarajatlar doirasida (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno):
Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravarigacha miqdorda;
Samarqand shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 4,5 baravarigacha miqdorda;
Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida — bazaviy hisoblash miqdorining 3,6 baravarigacha miqdorda;
Oʻzbekiston Respublikasining boshqa shaharlari, tumanlar markazlari va aholi punktlarida — bazaviy hisoblash miqdorining 2,4 baravarigacha miqdorda toʻlanadi.
Oila aʼzolari uch kishi va undan ortiq boʻlgan taqdirda (harbiy xizmatchining oʻzini hisoblamagan holda), ushbu pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi. Bunda harbiy xizmatchining harbiy xizmatni oʻtash joyiga kelgan oila aʼzolari: xotini (eri), ularning farzandlari va ota-onalari, shuningdek, qonunchilikka muvofiq ijaraga oluvchining oila aʼzolari deb eʼtirof etilgan boshqa shaxslar hisobga olinadi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq oldingi yashash joyida uy-joy maydonini bron qilgan va bron qilingan uy-joy maydoniga uy-joy maydoni bilan taʼminlanmagan boshqa harbiy xizmatchilarni joylashtirgan yoxud uy-joy maydonini ushbu maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining tegishli vazirliklari va idoralarining kvartira organlariga bergan harbiy xizmatchilarga ham pul kompensatsiyasi mana shu miqdorlarda toʻlanadi.
Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlari maʼmuriy chegaralariga bevosita yaqin joylashgan, bir garnizon hududiga kiruvchi tuman ahamiyatiga ega aholi yashash punktlaridagi harbiy qism va muassasalar harbiy xizmatchilariga, ushbu shaharlar (poytaxt va viloyat markazlari) yaqinida turar joyni ijaraga olganligi (ijarada turganligi) uchun pul kompensatsiyasi, amaldagi sarf-xarajatlar doirasida (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno), harbiy xizmatchi haqiqatda yashayotgan hududiy birlik uchun belgilangan miqdorlarda toʻlanadi.
Har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari miqdori hududlar kesimida turar joy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda har yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilab boriladi. Bunda turar joy ijarasining bozor narxlarini qayta belgilashda Soliq qoʻmitasining har yil 1-oktabr holatiga koʻra soliq organlari avtomatlashtirilgan axborot tizimiga hisobga qoʻyilgan koʻchmas mulk ijara shartnomasi boʻyicha bergan maʼlumoti asos hisoblanadi. Turar joy ijarasining bozor qiymati mazkur bandda koʻrsatilgan har oylik kompensatsiya meʼyorlaridan kam miqdorlarni tashkil etsa, har oylik kompensatsiyaning ushbu Nizomda belgilangan meʼyorlari oʻzgartirilmaydi va uni oʻzgartirish haqida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinguniga qadar toʻlanadi”.
2. 2-ilovaning 8-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensatsiyasi halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolariga amaldagi sarf-xarajatlar doirasida (kommunal xizmatlar haqi bundan mustasno):
Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravarigacha miqdorda;
Samarqand shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 4,5 baravarigacha miqdorda;
Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida — bazaviy hisoblash miqdorining 3,6 baravarigacha miqdorda;
Oʻzbekiston Respublikasining boshqa shaharlari, tumanlari markazlari va aholi punktlarida — bazaviy hisoblash miqdorining 2,4 baravarigacha miqdorda toʻlanadi.
Pul kompensatsiyasini oluvchi halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzosi (turmush oʻrtogʻi, ota-onasidan biri) bilan birga yashaydigan oila tarkibi uch kishi va undan ortiq boʻlgan taqdirda (pul kompensatsiyasi oluvchi shaxsni hisoblamagan holda), pul kompensatsiyasi miqdorlari 50 foizga oshiriladi. Bunda pul kompensatsiyasi oluvchi oila aʼzosi bilan birga yashaydigan shaxslar (halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari, harbiy xizmatchi (xodim) hayotligida farzandlikka olgan shaxslar, halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolari tomonidan farzandlikka olingan shaxslar, harbiy xizmatchining (xodimning) qaramogʻidagi ota-onasi, shu jumladan, turmush oʻrtogʻining ota-onasi) hisobga olinadi.
Har oylik pul kompensatsiyasi toʻlovlari miqdori hududlar kesimida turar joy ijarasining bozor narxlaridan kelib chiqqan holda har yil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan belgilab boriladi. Bunda turar joy ijarasining bozor narxlarini qayta belgilashda Soliq qoʻmitasining har yil 1-oktabr holatiga koʻra soliq organlari avtomatlashtirilgan axborot tizimiga hisobga qoʻyilgan koʻchmas mulk ijara shartnomasi boʻyicha bergan maʼlumoti asos hisoblanadi. Turar joy ijarasining bozor qiymati mazkur bandda koʻrsatilgan har oylik kompensatsiya meʼyorlaridan kam miqdorlarni tashkil etsa, har oylik kompensatsiyaning ushbu Nizomda belgilangan meʼyorlari oʻzgartirilmaydi va uni oʻzgartirish haqida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinguniga qadar toʻlanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2026-y., 09/26/369/0706-son)