Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 17-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 19-mayda maʼqullangan
Senat tomonidan 2026-yil 19-mayda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda kreativ industriyani, iqtisodiyotimizni innovatsion jihatdan rivojlantirishni ragʻbatlantirishga, mazkur sohadagi ijodiy salohiyatni iqtisodiy qiymatga aylantirishga, shu sohada yangi ish oʻrinlarini yaratishga, yoshlar va tadbirkorlarning ijodiy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga kreativ iqtisodiyotning izchil rivojlantirilishini taʼminlash ushbu soha subyektlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar, ragʻbatlantiruvchi mexanizmlar yaratilishini va imtiyozlar berilishini taqozo etmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Kreativ industriya parki rezidentlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarga jalb qilingan mutaxassislar uchun ayrim soliq imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek kreativ industriya sohasida yangi tashkil etilgan (roʻyxatdan oʻtkazilgan) subyektlarni kreativ industriya parkining rezidentligiga qabul qilishda yengilliklar yaratish, madaniyat va sanʼat boʻyicha xalqaro hamda davlatlararo tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda.
Mazkur Qonun kreativ industriya sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga, madaniy tadbirlarning sifati va koʻlamini oshirishga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi madaniy nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar, № 4, 346-modda, № 5, 458, 459-moddalar, № 8, 822, 831-moddalar, № 9, 958-modda, № 10, 1076-modda, № 11, 1190-modda, № 12, 1283, 1284, 1296, 1297-moddalar; 2025-yil, № 2, 188, 194-moddalar, № 4, 519, 520, 521, 522-moddalar, № 5, 644, 645-moddalar, № 6, 729, 731-moddalar, № 8, 971-modda, № 10, 1153-modda, № 12, 1322, 1324, 1328, 1329-moddalar; 2026-yil, № 2, 132-modda) 483-moddasiga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin:
sakson beshinchi qismning birinchi xatboshisidagi “Kreativ parkning” degan soʻzlar “Kreativ industriya parkining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi bir yuz toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Kreativ industriya parki rezidentlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarga jalb qilingan chet el kontragentlari qoʻshilgan qiymat soligʻini, toʻlov manbaida foyda soligʻini va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi. Bunda ushbu imtiyoz chet el kontragentlari kreativ industriya sohasiga bevosita bogʻliq boʻlgan ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish uchun jalb etilganda qoʻllaniladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 22-aprelda qabul qilingan “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-684-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 289-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 11, 1288-modda; 2025-yil, № 2, 188-modda, № 4, 519-modda, № 6, 730-modda) 71-moddasining birinchi qismi quyidagi mazmundagi 22-band bilan toʻldirilsin:
“22) madaniyat va sanʼat boʻyicha xalqaro hamda davlatlararo darajadagi tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq davlat xaridi. Bunda bunday tadbirlarning darajalari qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 3-oktabrda qabul qilingan “Kreativ iqtisodiyot toʻgʻrisida”gi OʻRQ-970-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 10, 1069-modda; 2025-yil, № 12, 1329-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 14-modda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Respublika kengashining zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin”;
toʻrtinchi qismi beshinchi qism deb hisoblansin;
2) 28-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Yangi tashkil etilgan (roʻyxatdan oʻtkazilgan) kreativ industriya subyektlarini kreativ industriya parkining rezidentligiga qabul qilishda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kreativ industriya sohasidagi faoliyatidan olingan daromadning minimal miqdori boʻyicha shartlar inobatga olinmaydi. Bunda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar moliya yilining yakunlariga koʻra bajarilmagan taqdirda, foydalanilgan imtiyozlar summasi soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan qayta hisoblanadi va budjetga undiriladi”;
ikkinchi va uchinchi qismlari tegishincha uchinchi va toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasi toʻrtinchi xatboshisining va 3-moddasi 2-bandi uchinchi xatboshisining qoidalari 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-iyul,
OʻRQ-1157-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2026-y., 03/26/1157/0703-son)